Jahon | 20:49 / 13.11.2023
28620
14 daqiqa o‘qiladi

«U yerga borish - suiqasd bilan teng». Rossiyalik harbiylar ukrainlarning Dnipro sohilidagi platsdarmi haqida nimalar demoqda?

Ukraina armiyasi Dnipro sohilining okkupatsiya ostidagi chap sohiliga yorib kirgan. O‘tgan haftada ukrain qo‘shini Krinki posyolkasini egallagandi, so‘nggi kunlarda esa bu yerga og‘ir texnikalarini ham olib keldi. BBC bilan gaplashgan rossiyalik harbiylar Krinki atrofidagi janglarni o‘z joniga qasd qilish deb ta’riflagan.

Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA

Rossiya armiyasidagi manbalar Ukraina qurolli kuchlari nafaqat Rossiya okkupatsiyasi ostidagi hududga o‘tgani va Xerson oblastida Dnipro sohilining chap sohilida yaxshi himoyalangan hududda ilk bor platsdarm tashkil etganini, balki u yerga harbiy texnikalarini ham olib o‘tayotganini tasdiqladi. BBC’ning Ukraina qurolli kuchlaridagi manbasiga ko‘ra, Ukraina QK shu nuqtadan nisbatan keng ko‘lamli yurishni boshlamoqchi — bu orqali Rossiya qo‘shinlarini bo‘lib tashlash va ularning ta’minot liniyasini uzib qo‘yish mo‘ljallangan.

«Ha, ular biz tomonda. Krinki hududida mustahkamlanib olishdi. U yerda kamida 500 nafar ukrainalik borligi aniq», – degan Rossiya batalyonlaridan birining harbiysi.

Harbiylar yorib o‘tish va Krinkining egallanishidan oldin Dniproning istilo ostidagi sohilida Ukraina qurolli kuchlarining bir qancha diversiya-razvedka guruhlari harakatlanganini aytishgan. Ular rossiyalik harbiylar, o‘t o‘chiruvchilar yoki FVV xodimlarining liboslarini kiyib olib, «Gazel» va «Jiguli» rusumli avtomobillarda yurishgan. «Pozitsiyalarimizga juda yaqinlashib kelishgan. Biznikilar qarab turganida — ularning barchasini yiqitishgan», – degan BBC manbasi.

Dnipro orqali qilingan shunday hujumlardan keyin piyodalar ham daryoni kechib o‘tishgan va Krinki atrofidagi o‘rmonzorga kirishgan. «19, 20, 21 oktyabr kunlari bu yerda bizni to‘zitib yuborishdi. Ammo keyin bizga dengiz piyodalarini yordamga yuborishdi va biz faqat shu tufayli omon qoldik. U yerda tanklarni ko‘rmadim, ular tanklarini narigi sohildan Antonovka hududidan haydab o‘tishgan. Ammo ular bizning bir qancha mashinalarimizni ham egallab olishgan», – degan harbiylardan biri.

Ukrainalik harbiylar soatiga 100 km tezlikda harakatlanuvchi qayiqlardan foydalanishmoqda, kuzda esa kuchli tuman sharoitida ularni kuzatish murakkab, deydi harbiylardan biri.

Ukraina qurolli kuchlari chap sohildan parvoz qilgan vertolyotlardan ham foydalanmoqda, ular juda pastlab uchib, rossiyaliklarning pozitsiyalarini boshqarilmaydigan raketalar bilan o‘qqa tutmoqda va keyin ortiga qaytib ketmoqda.

«Allaqachon bir necha kishi asir olingan. Bizning komandir barcha o‘rinbosarlari bilan birgalikda qo‘lga tushgan. Bizda vaziyat og‘ir. Tunda ikkita rotamizni yakson etishdi. Ukrainlar Krinki hududida mustahkam o‘rnashgan va ularni hozircha ortga surib tashlay olmaymiz. Kunora emas, har kuni almashtirishsiz navbatchilikdamiz. Odamlar yetarli emas. Qolaversa, barcha qo‘rquvda…»

Bir hafta oldin rossiyalik harbiylarning ratsiyalari olib ketilgan — dasturiy ta’minotni yangilash uchun va shundan buyon ular aloqasiz jang qilishmoqda. «Biz olti kundan buyon qo‘ldan kelgancha harakatlanyapmiz. Ko‘r-ko‘rona. Hozirda vaziyat biroz tinchlangan, lekin boshqa vaqtlarda bu yerda hamma narsa titrab turadi. Blindaj ustiga otishadi».

Ukrain harbiylari guruhi Dniproning chap sohiliga tashlanayotgani haqidagi xabarlar avval ham bo‘lgandi. Ammo chap sohilda og‘ir texnikalar ham paydo bo‘lgani haqida endigina gapira boshlashdi. Bu shuni anglatadiki, Ukraina qurolli kuchlari Dnipro daryosini og‘ir texnikalar bilan kechib o‘tishdek murakkab amaliyotni amalga oshira olgan. To‘g‘ri, hozircha ushbu platsdarmning ko‘lami, texnikalar miqdori va — asosiysi — Ukraina qurolli kuchlari qanchalik uzoqqa kirib borishni rejalashtirgani ma’lum emas.

Krinki ukrain qo‘shinlari avvalroq egallab olgan Antonov ko‘prigi hududidan shimoli-sharqda joylashgan. Ukraina qurolli kuchlari Krinkiga kelishi bilan Nova Kaxovka va Oleshkini bog‘lovchi yo‘l bo‘yida joylashgan mazkur kichik qishloq atrofida «kulrang zona» kengaya boshladi, Rossiya qo‘shini vaqt o‘tgan sayin hudud ustidan nazoratni yo‘qotmoqda, yo‘llar esa xavfli bo‘lib bormoqda.

Balandliklardagi sezilarli farq ham vaziyatni og‘irlashtiradi: Dniproning balandroq o‘ng sohiliga joylashtirilgan ukrain artilleriyasi katta ustunlikka ega, shu tufayli Rossiya armiyasi kengayib borayotgan platsdarmga yoppasiga hujum uyushtira olmaydi. Alohida piyodalar rotalari bilan uyushtirilgan hujumlar esa yo‘qotishlardan boshqa hech narsa olib kelmaydi.

«Hozircha ushlab turgan yagona narsa — qamoq»

Ukrain harbiylari ilk bor 2023 yil avgustida Rossiyaning oldingi chiziqda turgan bo‘linmalari mudofaasini yorib o‘tganidan keyin barcha ta’tillar bekor qilingan.

«23-sanadan yigitlar bilan ta’tilga chiqishimiz kerak edi. Barcha hujjatlar kelishilgandi, ammo so‘nggi lahzada barchasi bekor qilindi. Biz bu yerda eng oldingi chiziqdamiz, vaziyat nihoyatda beqaror», — deydi shartnoma asosida xizmat qiluvchilardan biri. BBC tahririyatidagi audioxabarga ko‘ra, rotalardan birining komandiri kamida fevral oyiga qadar barcha ta’tillar bekor qilinishini bildirgan — va o‘shanda bir oyda bir kishi ketishi mumkin bo‘ladi. Batalyondan so‘nggi bor iyun oyida ta’tilga chiqishgan.

Ayrimlar ta’til yo‘qligida uyga borib kelish ruxsatnomasini pulga sotish bilan shug‘ullangan komandirlardan birini ayblagan. «Ko‘pchilik to‘lashga tayyor edi, biz esa yo‘q, chunki bu  butkul *** [bema’nilik]», — deydi askar. Ammo BBC bu borada aniq dalil topa olmagan. «Bu yaramas urush vaqtida bunday qilib bo‘lmasligini tushunishi uchun nima qilish kerak? — deydi harbiylardan biri. — Men shunday deyman: bizning ruhiy holatimiz shundayki, bu yana shunday davom etsa, masalani o‘zimiz hal qilishimiz mumkin. Hozircha bundan tiyib turgan yagona narsa — qamoqdir».

«Eski pozitsiyalarga endi qaytib kira olmaymiz»

Ukrainlar bir necha texnikani 9 noyabr tongida amfibiyalar orqali Dniproning chap sohiliga o‘tkazishgan. Bu ma’lumotni BBC muxbiriga oldingi chiziqdagi rossiyalik harbiylarning uch nafari tasdiqlagan. «Barcha ular ponton ko‘priklarsiz texnikalarni olib o‘ta olmaydi deb o‘ylagandi. Lekin mana, ularda hali ham ko‘prik yo‘q, ammo ular amfibiyalarda bir qancha qurollarini daryodan olib o‘tishdi. Tunda bizning sohilga zirhli texnikalar o‘tgani aniq tasdiqlangan. Qolaversa, ularda bizdan tortib olinganlari ham bor». Harbiy Rossiya armiyasi aynan qanday mashinalarni boy berganiga aniqlik kiritmagan.

Oxirgi jangda qo‘li ostidagilar ta’tillarni pullashda ayblagan komandir va uning o‘rinbosarlari yo‘qolib qolgan.

Dniproning chap sohili mudofaasi Rossiyaning «Dnepr» qo‘shinlar guruhi tomonidan amalga oshirilmoqda. Foto: ALEKSEI KONOVALOV/TASS

Rossiya tomonidagi «harbiy muxbirlar»ning telegram-kanallarida 5 noyabr kuni, dron kamerasi orqali olingan kadrlar tarqalgan, unda ukrainlarning suzuvchi transportyori tros orqali bog‘langan «Butsefal» zirhli transportyorini okkupatsiya ostidagi sohilga qanday olib chiqayotgani aks etgan.

«Strategik jihatdan Krinkida hech qanday muhim narsa yo‘q. Ammo ularga platsdarm kerak, ular uni egallashgan, kengaytirishmoqda va qaytarib berishmoqchi emas», — degan oldingi chiziqda bo‘lib turgan harbiylardan biri.

«Biz esa chap sohilni ularga bera olmaymiz. Garchi bu tarafda biz chekinganimiz hamda hududni bo‘sh qoldirib, Qrim va Mariupolga yo‘lak ochib berganimiz haqida mish-mishlar yurgan bo‘lsa ham. Bular faqat mish-mish».

Ukraina qurolli kuchlarining yana ikkita jangovar piyodalar mashinasi (BMP) yo‘q qilinishi bilan yakunlangan tungi zarbalaridan keyin, ukrainlar tomonidan yakson etilgan rotaning qolgan-qutgan qismi 9 noyabr kuni Krinkidan uzoqroqqa olib ketilgan. «Hozirda vaziyat normallashgan. Ammo biz istalgan vaqtda Krinkiga borishga tayyor turishimiz kerakligini aytishmoqda. Bu qanday bo‘lishini bilmayman. Biz endi eski pozitsiyalarimizga kira olmaymiz. Menimcha, u tomonga harakatlanish — o‘z joningga qasd qilish bilan barobar. Hozir bu yerda hamma o‘zida g‘ayrat topish uchun ichmoqda. Tez orada oldinga borish kerakligini tushunishadi».

«Belidagi og‘riq bilan kelgan pulemyotchi»

«Bizning rotadan 26 kishi qoldi, birinchi rotada – 24, ikkinchi rotada – 27, uchinchi rotada – 20 dan ko‘proq… Har birida taxminan yuz nafardan odam bo‘lgan», — degan BBC bilan suhbatda artilleriyachilardan biri.

Uning xizmatdoshi rotaning yozda olingan fotolarini yuborgan: mashg‘ulot maydonidagi askarlar, cho‘qinayotgan askarlar, yo‘lda ketayotgan askarlar. «Ularning deyarli barchasi endi yo‘q», — deya yozgan u.

Harbiylar Ukraina QK droni orqali olingan videoni yuborishgan — u ukrain telegram-kanallarida tarqaldi. Rolikda rossiyalik askarlar guruhi Krinkidan o‘rmon tomon qochishga uringani aks etgan, ammo ular pulemyotdan o‘qqa tutilgan. 15 kishi til tortmay halok bo‘lgan, yana ikki yarador ustiga minomyot bilan zarba berilgan.

«Krinkidagi bo‘linmalar haqida qisqacha shuni aytishim mumkin: aloqa yo‘qligi, artilleriya qo‘llovi yo‘qligi, bo‘linmalarning harakatlari dronlar orqali yo‘naltirilmayotgani yakunda shunday videolarga olib kelmoqda, bu feyk emas, — deya bu kadrlarni izohlagan RF armiyasi harbiylaridan biri. — Vaziyat shunday. Teplinskiy (Havo-desant qo‘shinlarining sobiq qo‘mondoni, endi esa ─ «Dnepr» qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni) o‘zi aylanib yurib, har bir ofitserga nimani qanday qilish kerakligini ko‘rsatib chiqa olmaydi, ayrim katta boshliqlar esa boshini ko‘tarib ishlashni xohlamaydi».

Qo‘shimcha kuch haqidagi savolga harbiylar buni oktyabr oyi oxiridan buyon kutishayotganini ma’lum qilishgan. Aytishlaricha, shu kunlarda ularga pulemyotchi yuborishgan — to‘g‘ri, radikulopatiya bilan og‘rigan, umurtqasida churrasi bor. «Beli og‘riyotgan, bazo‘r yurgan pulemyotchi keldi. O‘zining pulemyoti tugul, avtomat ham ko‘tara olmaydi. Uning belida grijasi bor, tushunyapsizmi, grija va pulemyot, u *** uni ko‘tara olmaydi *** [tamom] bo‘ladi. Bundaylarni hujum qilayotganlardan ajratib bu yerga yuborishmoqda. Ikkinchisi keldi va uning darhol tutqanog‘i tutib qoldi. Shifokorlar uni o‘rmondan olib kelishdi, o‘lishiga sal qolgan ekan», — deydi BBC bilan gaplashgan yana bir harbiy.

«Voyenkomatda ular qayoqqa qaragan? Odamlarni epilepsiya, grija bilan yuborishmoqda, ***, siz ularni qayerga yuboryapsiz, ***?» — deya qo‘shimcha qiladi u.

«Butun mamlakatni nima uchun qashshoqlikda saqlashgani endi tushunarli»

Fotoda prezident Putin mudofaa vaziri Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Gerasimov bilan yig‘ilish o‘tkazmoqda
GAVRIIL GRIGOROV/AFP VIA GETTY IMAGES

Hozirda RF mudofaa vazirligi Krinki yaqinida yangi rota shakllantirmoqda. Krinkini shturm qilish uchun dengiz piyodalari va sobiq mahbuslar hamda jazolangan harbiy xizmatchilardan iborat «Shtorm Z» batalyoni yuboriladi. Shtormchilarni quroldoshlari tirik nishonlar deb atashadi: «Ular o‘limga mahkum. Ularni eng oldin yuborishadi. Dushman ularni o‘qqa tutayotganida biznikilar o‘t ochish nuqtalarini aniqlashadi va keyin javob zarbalari berishadi».

Yakson etilgan bo‘linma harbiylari olisroqdagi pozitsiyalarga olib ketilgan. «Umid qilamizki, u yerga bizni emas, dengiz piyodalari va havo-desant kuchlarini birinchi bo‘lib tashlashadi, — deydi askarlardan biri. — Shaxsan men bu yerda nima qilayotganimizni tushunmayapman. Siyosatchilar o‘z o‘yinlarini chalkashtirib yuborishdi, bu tufayli juda ko‘plab ajoyib yigitlar yer ostiga ketdi. Kimlardir daryo bo‘yida yotibdi. Jasadlari uyiga yeta olmaydi. Bularning barchasi bo‘lmag‘ur ish. Atrofda shuncha nafrat. Barcha bir-biridan nafratlanadi, nima uchun va nega? Men bu yerda hech kimga bunday savolni bera olmayman».

U urushga aldov yo‘li bilan tushib qolganini aytadi: «Men ahmoq bo‘lib shartnoma imzolaganman. Menga pul kerak edi, meni aldashdi. Oldingi chiziqqa yuborilmasligim va katta pul ishlab topishimni aytishdi. Bir oy o‘tmasdan men Xerson oblastida edim».

«Urushga sarflangan pullar evaziga barchani baxtiyor qilish mumkin edi. Normal, yaxshi ta’lim olgan jamiyat qurish mumkin edi, — deya muhokama qiladi u. — Mamlakatni qo‘g‘irchoqdek bezatib qo‘yish mumkin edi. Endi esa butun mamlakatni nima uchun qashshoqlikda saqlab kelishgani tushunarli bo‘lmoqda. Ozgina pul berishsa, biz ular uchun barcha ishni qilamiz. Ko‘pchilik esa nimanidir tushunishga ham ulgurmaydi. Ularga yangiliklarda maxsus amaliyot ketayotgani, uning rejalari bajarilayotgani, barchasi joyida ekani, hayot davom etayotganini ko‘rsatishadi. Qandaydir do‘zaxga o‘xshaydi».

Mavzuga oid