«Snos»lar bo‘yicha qarzi bor hokimliklarga budjetdan mablag‘ sarflash taqiqlanishi mumkin
Kompensatsiya pullarini to‘lamagan hokimliklarga budjet daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismidan foydalanish taqiqlanishi rejalashtirilgan.
Aholi va tadbirkorlarning mulkni olib qo‘yish yoki buzish («snos») bilan bog‘liq kompensatsiya to‘lovlaridan qarzi bo‘lgan hokimliklarga budjet daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismidan mablag‘ sarflash taqiqlanishi mumkin. O‘zbekiston hukumati qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda hukumat tomonidan hokimliklarga budjet prognozlarining oshirib bajarilishi natijasida hosil bo‘lgan mablag‘lardan erkin foydalanish imkonini beruvchi hujjat loyihasi tayyorlangan.
«Biz ushbu hujjatga quyidagi bandni kiritamiz: agar hokimliklarning yer uchastkalarini olib qo‘yish yoki binoni buzish bo‘yicha qarzi bo‘lsa, budjetning ortiqcha bajarilgan qismini boshqa maqsadlarda ishlatish taqiqlanadi», dedi bosh vazir o‘rinbosari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yildan buyon davlat budjetidan binolarni buzish va yer uchastkalarini olib qo‘yish uchun kompensatsiya sifatida 4 trln so‘mdan ortiq pul ajratilgan, bu esa «katta mablag‘» hisoblanadi.
Bu maqsadlarga 2023 yilda 686,6 mlrd so‘m yo‘naltirilgan, 2024 yilda 500 mlrd so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
16:47 / 12.12.2024
Tadbirkor foydasiga hokimlikdan 1,5 milliard so‘m kompensatsiya undirildi
17:12 / 07.12.2024
Toshkentda yana “snos” masalasi: odamlar va’da qilingan uylarni ololmayapti
17:32 / 30.11.2024
AQShda erkak uni noto‘g‘ri davolagan klinikadan 412 mln dollar tovon undiradigan bo‘ldi
21:39 / 01.11.2024