AQShda erkak uni noto‘g‘ri davolagan klinikadan 412 mln dollar tovon undiradigan bo‘ldi
Shifokorlarning beparvoligi tufayli erkak impotent bo‘lib qolgan.
AQShning Nyu-Meksiko shtatida yashovchi fuqaro erkaklar salomatligi klinikasidan 412 million dollar miqdorida tovon puli oladi. Shifokorlar unga noto‘g‘ri tashxis qo‘yib, xavfli muolaja tayinlagandi, deb xabar berdi ABC News.
2017 yilda o‘sha paytda 66 yosh bo‘lgan erkak charchoq va vazn yo‘qotishdan shikoyat qilib NuMale klinikasiga murojaat etgan. Shifokorlar erkakka erektil disfunksiyasi tashxisini qo‘ygan va 5 ming dollar qiymatidagi muolaja tayinlagan.
Bemorga testosteron granulalarini implantatsiya qilish va jinsiy a’zoga inʼeksiya yuborish tavsiya etildi — bularni u uyda mustaqil bajarishi kerak edi. Ma’lum vaqt o‘tgach, erkak davolanish foyda bermaganini tushundi va yana NuMale klinikasiga murojaat qildi. U yerdagilar esa muolajani davom ettirish kerakligini aytib, uni uyga jo‘natib yuborishdi. O‘sha paytda erkak “dori-darmonlar tufayli yuzaga kelgan va tibbiy nuqtai nazardan keraksiz ereksiya” holatida bo‘lgan.
Uning ahvoli yomonlashib, kutilmaganda shoshilinch jarrohlik amaliyoti talab etildi. Shifokorlar bemorga noto‘g‘ri tashxis qo‘ygani, muolaja esa butunlay xavfli bo‘lgani aniqlandi. Da’voda ta’kidlanishicha, shifokorlarning e’tiborsizligi tufayli erkak jinsiy qobiliyatini yo‘qotgan va “qayta tiklanmaydigan jinsiy a’zo fibrozi”ga chalingan.
Erkakning advokatlari ta’kidlashicha, klinika shifokorlari bemordan ko‘proq pul undirish uchun unga noto‘g‘ri tashxis qo‘ygan. Shuningdek, ular NuMale kompaniyasini “keksalarni aldash orqali millionlab pul ishlaydigan” firibgarlik tizimini yaratishda aybladi.
Yakunda maslahatchi sudyalar bemorning yonini olib, unga tibbiy e’tiborsizlik ishi bo‘yicha rekord miqdorda kompensatsiya to‘lash haqida qaror chiqardi.
NuMale vakillari voqeani izohlashdan bosh tortdi, ammo klinika barcha filiallarida xavfsizlik va muvofiqlikning qat’iy mezonlariga rioya qilgan holda bemorlarni mas’uliyat bilan davolashni davom ettirayotganini ma’lum qildi.
Avval xitoylik ayol bir kunda oltita kosmetik operatsiyani boshdan o‘tkazgandan so‘ng shifoxonada vafot etgani haqida xabar berilgandi.
Mavzuga oid
18:12
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
17:17
AQSh rekord miqdordagi O‘zbekiston fuqarolarini deportatsiya qildi
17:01
Tramp Panama kanalini olib qo‘yish bilan tahdid qildi
12:54