Jahon | 14:33 / 15.11.2023
31997
10 daqiqa o‘qiladi

Mashhur raqqosani o‘ldirgan sharf yoki ziyofatda bo‘kib qolgan maqtanchoq – tarixdagi eng g‘alati va ahmoqona o‘limlar

Bir tomondan qaraganda, insonning joni juda qattiq, umri davomida juda ko‘p qiyinchiliklarga duch kelsa yoki qancha zahmat cheksa ham barchasiga bardosh beradi. Ikkinchi tomondan, insonning jonidan mo‘rt narsa yo‘q, sal narsaga vafot etishi mumkin. Qolaversa, g‘alati ishlari yoki ahmoqligi tufayli o‘ziga ajal sotib olganlar ham yetarlicha bor.

Foto: Kun.uz

Har yili dunyoda millionlab odam tug‘iladi va vafot etadi. Jumladan, 2022 yilda Yer yuzida qariyb 161 million chaqaloq tug‘ilgan. 62,3 million odam vafot etgan.

Vafot etayotganlar orasida o‘ziga o‘zi o‘lim sotib olgan va ahmoqona ishi ortidan halok bo‘lganlar soni ham yetarlicha. Qo‘yida g‘alati tarzda yoki ahmoqona o‘lim topganlar tarixini keltiramiz.

Sabzi sharbati tufayli o‘lim

Sabzi sharbati inson salomatligi uchun eng foydali ichimlik. Lekin har narsaning me’yorda bo‘lgani yaxshi. Aks holda oqibati ayanchi tugashi mumkin.

1974 yilda angliyalik Bezil Braun 10 kun davomida 50 litr sabzi sharbati iste’mol qiladi. Shu tariqa uning tanasiga belgilangan me’yordan 10 ming marta oshiq A vitamini tushadi. Oqibatda, Bezilda jigar yetishmovchiligi sodir bo‘ladi va u vafot etadi.

Qattiq kulgu tufayli o‘lim

Ha, insonning yoshi o‘tavergani sayin tana a’zolari ham qariy boshlaydi va u hatto qattiq kulgi tufayli ham o‘lib qolishi mumkin. Aleks Mitchel bilan shunday bo‘lgan.

1975 yilda 50 yoshli Aleks o‘zining sevimli serialini ko‘rayotib qattiq kuladi. Unda yurak kasali bor edi. Aleks kulayotib, infarkt bo‘ladi va jon beradi.

Sevimli sharf tufayli o‘lim

Raqqosa Aysedora Dunkanni ruslar yaxshi tanishadi. Ayol shoir Sergey Yeseninning ma’shuqasi bo‘lgan va 1922 yilda u bilan oila qurgandi. Raqqosa yilning to‘rt faslida ham bo‘yniga uzun sharf tashlab yurishni juda yoqtirgan. Oxir-oqibat ana shu sharflardan biri uning o‘limiga sabab bo‘ladi.

1927 yil 14 sentabr kuni raqqosa Fransiyaning Nitssa shahrida do‘sti bilan kabrioletda sayr qilishni xohlab qoladi. O‘shanda ham uning bo‘ynida chiroyli ipak sharfi bor edi.

Avtomobil harakatlanishni boshlaganda Aysedoraning uzun sharfi mashina g‘ildiragiga o‘ralib qoladi. Oqibatda, raqqosa avvaliga bo‘g‘iladi, so‘ng bo‘yni sinib ayanchli tarzda halok bo‘ladi.

Ziyofat tufayli o‘lim

Jyulen Ofre de Lametri 16-asrning mashhur vrachi va faylasuflaridan biri bo‘lgan. Kunlarning birida u Fransiyaning Prussiyadagi elchisini davolab qo‘yadi.

Bundan minnatdor bo‘lgan elchi Lametri sharafiga ziyofat tashkil etadi. Vrach bir o‘tirishda ko‘p ovqat yerdi va doimo sog‘lomligi hamda ovqat hazm qilishi bilan maqtanib yurardi.

Biroq elchining ziyofati uning maqtanib yurishiga chek qo‘yadi. Ziyofat davomida vrach odati bo‘yicha juda ko‘p ovqat yeydi va bo‘kib qolib vafot etadi.

Pand bergan kiyim-parashyut

20 asr boshlarida fransiyalik tikuvchi Frans Rayxelt kiyim shaklidagi parashyut tikadi. So‘ng ko‘p marta urinib, Fransiya hukumatidan parashyutni sinovdan o‘tkazishga ruxsat oladi.

2012 yilda u Eyfel minorasining tepasiga chiqadi va parashyut-kiyimni kiyib, o‘zini pastga tashlaydi. Parashyut uni tutib qololmaydi va tikuvchi yerga zarb bilan urilib halok bo‘ladi.

Xo‘roz tufayli o‘lim

Kaliforniyada istiqomat qiluvchi 35 yoshli Xose Luis Ochoa nafaqat noqonuniy xo‘roz urishtirish jinnisi, balki bunday musobaqalarning faol tashkilotchisi ham bo‘lgan.

Ochoa tashkillashtirgan noqonuniy musobaqalarda xo‘rozlar shunchaki urishtirilmasdi. Ularning oyog‘iga tig‘ bog‘lab qo‘yishar va xo‘rozlar bir-birini o‘ldirguncha urishardi.

2011 yilda musobaqa paytida urishtiriladigan xo‘rozlardan biri oyog‘iga bog‘langan tig‘ bilan Ochoaning oyog‘ini jarohatlaydi. Uni kasalxonaga yetkazib borishga ikki soat vaqt ketadi.

Bu vaqtda xo‘rozlar jangi tashkilotchisi ko‘p qon yo‘qotadi va kasalxonaga yetib borganidan keyin biroz o‘tib vafot etadi.

Oyna tufayli ahmoqona o‘lim

1993 yil Kanadaning Toronto shahrida advokat Garri Xoy ahmoqona xatti-harakat tufayli halok bo‘ladi. U osmono‘par binoning 24-qavatida joylashgan ofisida bir guruh talabalarga xonaga o‘rnatilgan tashqi oyna sinmasligini aytib maqtanadi.

So‘ng buni isbotlash uchun u oynani kuch bilan uradi. Oyna sinmaydi. Biroq ofisga o‘rnatilgan katta deraza oynasi bilan birga o‘rnidan siljib pastga qulaydi. Oqibatda, o‘z muvozanatini saqlay olmagan Garri ham 24-qavatdan tushib ketib halok bo‘ladi.

Tok urib o‘ldirgan baliqchi

Ukrainalik baliqchi qaynonasi vafot etganiga bir yil bo‘lishi munosabati bilan katta ziyofat uyushtirishga qaror qiladi. Buning uchun u avval daryodan baliq tutishga qaror qiladi.

Baliqchi elektrga ulangan kabelni suvga tashlaydi. Natijada bir dunyo baliq nobud bo‘lib, suv yuzasiga chiqadi. Shunda baliqchi suvda elektr toki borligini unutib baliqlarni yig‘moqchi bo‘ladi. Oqibatda, u tok urib halok bo‘ladi.

Ayollarning gigiyena vositasi tufayli o‘lim

Britaniyalik Mark Glisonga ayollarning gigiyena vositasi (tamponlar) yordamida xurrak otishga qarshi kurashishni kim maslahat bergani aniq emas.

Xempshirda yashovchi bu odam o‘sha maslahatni qabul qiladi va uxlashdan oldin burniga gigiyena vositasini tiqib qo‘yadi.

Shunda burundagi namlikni gigiyena vositasi shishirib yuboradi. Oqibatda Mark uyqusida bo‘g‘ilib qoladi va vafot etadi. 

Oltinchi qavatdagi gimnastika mashqlari

Professional gimnastikachilardan biri o‘zining 17 yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan bayramda mehmonlarga o‘z mahoratini ko‘rsatishni xohlab qoladi.

U sakrash va umbaloq oshish mashqini ko‘rsatishga berilib ketadi. Oqibatda, o‘zini to‘xtata olmay oltinchi qavatdagi derazadan pastga tushib ketib halok bo‘ladi.

Telefon tufayli o‘lim

2020 yilda bir guruh yaponlar Fudziyama tog‘iga chiqishga qaror qilishadi. Ular orasida 47 yoshli Tetsu Shioxara ham bor edi. U tog‘ning baland nuqtasiga yetganda smartfoni bilan o‘zini va atrofni suratga tushira boshlaydi.

Shu paytda uning oyog‘i toyib ketadi. O‘shanda agar Tetsu telefonni tashlasa, halokatdan qutulib qolishi mumkin edi. Biroq u smartfonni mahkam changallagancha pastga tushib ketadi.

Tetsuning jasadini dengiz sathidan 3 ming metr balandlikdan topishadi. U 770 metr balandlikdagi tik qoyadan pastga tushib ketgandi.

Tovuq yeb o‘lgan o‘g‘ri

Kamerunlik o‘g‘ri Genri Bongo qo‘shnilardan biriga tegishli fermadan tovuq o‘g‘irlashga qaror qiladi. Biroq qo‘lga tushadi. Ferma xo‘jayini Genrining bu ishidan qattiq g‘azablandi.

U jazo sifatida Genrini o‘g‘irlangan tovuqni yeyishga majbur qiladi. Yigitning tomog‘iga tovuq patlari va suyagi tiqiladi va u bo‘g‘ilib halok bo‘ladi.

Garov tufayli o‘lim

Xempshirlik Maykl Toyye sal gapga garov o‘ynashga odatlangandi. U har doim oddiy bahsni garovga aylantirar va pul tikardi. Bir marta raqib benzin erituvchisi haqiqatan ham yaxshi yonishiga shubha qiladi.

Shunda Toyye u bilan garov o‘ynaydi va raqibini yengish uchun ustidan kimyoviy moddani quyib yoqib yuboradi. Oqibatda kuyish jarohatlarini olib, kasalxonada vafot etadi.

Yolg‘onchining o‘limi

Kunlarning birida Nyu-Yorkda yashovchi fuqaro yo‘lni kesib o‘tayotganda mashina urib yuboradi. Jabrlanuvchiga hech narsa qilmaydi.

Shu paytda o‘tkinchilardan biri unga haydovchidan ko‘proq pul undirish uchun o‘zini og‘irroq jarohat olgandek ko‘rsatishni maslahat beradi.

Fuqaro tavsiyaga amal qiladi va o‘zini boshqatdan mashina ostiga tashlaydi. Oqibatda og‘ir mashina sekin yurib ketayotgan bo‘lsa ham uni bosib o‘ldiradi.

Qotil quyon

Fermer Vinsent Karrojio kunlarning birida quyon oviga boradi. U o‘rmonda quyon quvlab rosa yuguradi va dam olish uchun o‘tiradi. So‘ng qo‘lidagi o‘qlangan miltiqni yoniga qo‘yib uxlab qoladi.

Shunda yovvoyi quyonlardan biri chakalakzordan chiqib, Vinsentning yonidan yugurib o‘tadi va tasodifan panjasi bilan miltiqning tepkisiga teginib ketadi.

Oqibatda, o‘q otilib ovchining boshiga tegadi va u shu zahoti halok bo‘ladi.

Adolat qilichi

Germaniyalik Piter Gruber Bonndagi muzeyga o‘g‘irlikka tushishga qaror qiladi, biroq omadi chopmaydi. Piter muzey binosiga kirishi bilan politsiya xodimlari uni sezib qolishadi.

Priter politsiyachilardan qochib muzey eksponatlari orasiga yashirinmoqchi bo‘lganida tasodifan u yerda saqlanayotgan qilich unga suqiladi. Oqibatda o‘g‘ri halok bo‘ladi.

Eng qizig‘i, Piterning halok bo‘lishiga sababchi bo‘lgan qilich qadimiy bo‘lib, u «Adolat quroli» deb nomlanardi.

Mavzuga oid