O‘zbekiston | 11:51 / 16.11.2023
23068
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston uning tomorqasi emas». Deputatlar mehnat muhojirlariga cheklov o‘rnatishga chaqirgan rossiyalik deputatga javob qaytardi

Rossiya Davlat dumasi spikeri o‘rinbosari Pyotr Tolstoy possovet hududidagi mamlakatlarda rus tilini o‘qitish masalasini ko‘tarib, respublikalarda ingliz tilini o‘rganishga ustunlik berilayotgani, rus tilini milliy tillar bilan siqib chiqarishga harakat qilinayotganini aytgandi.

Fotokollaj / Kun.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Alisher Qodirov va Bobur Bekmurodov rossiyalik deputatlardan birining davlat tili rus bo‘lmagan mamlakat fuqarolariga Rossiyada ayrim kasblarda ishlashni cheklash bo‘yicha taklifiga munosabat bildirdi.

«Biz o‘zbek tilini bilmaydigan xizmatchilarni ishdan haydashni taklif qilishimiz kerak(mi?) Biz boshqa yo‘ldan boramiz — ularga o‘zbek tilini o‘rgatamiz. Siz esa o‘zingiz ishlashni o‘rganing. Bu rus tiliga qachonlardir haqiqiy hurmat paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin», — deb yozdi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov.

«Yuksalish» harakati raisi Bobur Bekmurodov ham rossiyalik deputatni boshqa davlat ishlariga aralashmaslikka chaqirgan.

«O‘zbekiston deputat Pyotr Tolstoyning tomorqasi emas. 

O‘z mamlakati va fuqarolari muammolari bilan shug‘ullansin.

O‘zbekistonda rus tili erkin muloqot tili. Biz ittifoqchi mamlakat maqomiga mos ishlayapmiz. Deputat Tolstoy esa yo‘q», deydi u.

U mehnat muhojirlari uchun to‘lanayotgan pullarni minnat qilish mantiqsiz ekanini ta’kidlagan.

«Janob Tolstoy, vatandoshlarimiz Rossiyada o‘z mehnati uchun hukumatingiz belgilagan to‘lovlarni to‘lamoqda.  

Ularning oilalariga yuborayotgan pulini taqsimlash sizning vakolatingizga kirmaydi. 

Rus tilida so‘zlashuvchi vatandoshlarimiz haqida esa o‘zimiz qayg‘uramiz», degan u.

Shu kunlarda rossiyalik deputatlardan biri Pyotr Tolstoy Rossiyada rus tili davlat tili bo‘lmagan mamlakat fuqarolariga ba’zi kasblarda ishlashni taqiqlash taklif etgandi. «Agar rus tili davlat tili bo‘lmasa, kechirasiz, bu mamlakatlar fuqarolari bizning jamoat joylarida — haydovchi, sotuvchi, kurer bo‘lib ishlamasligi kerak. Bunday chora-tadbirlar asta-sekin vaziyatni to‘g‘rilaydi», — degan edi u.

Shu yil oktyabr oyida ham O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Qahramon Quronboyev Rossiya davlat dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov bilan uchrashuvda Rossiyadagi migrantlar bolalari uchun bog‘cha va maktablar ochishga yordam berishni so‘raganidan keyin rossiyalik deputat Mixail Delyagin bu tashabbus noqonuniy deb aytgandi. «Menimcha, O‘zbekiston, albatta, bolalar bog‘chalari va maktablarni qurishi kerak, lekin faqat o‘z hududida. Va Rossiyaga siqib chiqargan fuqarolarini qaytarib vataniga olib ketishi kerak», — degandi rossiyalik deputat.

Bunga javoban Alisher Qodirov Rossiyada o‘zbeklar va o‘zbek tiliga munosabat Delyagincha bo‘lsa, O‘zbekistonda rus tiliga munosabat mutanosib bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi. Bobur Bekmurodov ham o‘zbekistonliklarni Rossiyadan olib ketishga chaqirgan rus deputatiga javob qaytarib, uni o‘z mamlakati «parchalanmasligi» haqida qayg‘urishga chaqirgandi.

Mavzuga oid