Jamiyat | 17:52 / 17.11.2023
18126
9 daqiqa o‘qiladi

«Navoiyuran» va «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» 65 yoshga to‘ldi

O‘tgan asrning elliginchi yillarida yirik uran konlarini topish va o‘zlashtirishdek strategik vazifalar bepoyon Qizilqum cho‘llarida uran zaxiralarini izlab topish va uni sanoat usulida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi tarixga poydevor qo‘ydi.

Oradan o‘tgan 65 yil vaqt davomida korxona texnik va texnologik jihatdan yangilanib bordi, o‘z zamonasining ilg‘or tajribalaridan foydalanib, uran ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.

2022 yilning 1 yanvaridan Respublikamizda uranni qazib olish yangi tashkil etilgan “Navoiyuran” davlat korxonasi zimmasiga yuklatildi. Hozirgi kunda korxona barqaror va jadal rivojlanib, o‘z mahsulotini Yaponiya, Fransiya, Kanada, Hindiston, Janubiy Koreya kabi davlatlarga 100 foiz eksportga yo‘naltirayotgan mamlakatimizdagi yirik sanoat korxonalaridan biriga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Navoiyuran” DK jamoalariga bayram tabrigida “Sizlarning fidokorona mehnatingiz bilan bepoyon Qizilqum bag‘ridan qazib olinayotgan, dunyo miqyosida yuksak e’tirof etilayotgan oltin, tabiiy uran va boshqa nodir qazilma boyliklar mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashda beqiyos strategik ahamiyatga ega ekani barchamizga yaxshi ma’lum.

Shu ma’noda, 40 dan ortiq millatga mansub qariyb 50 ming nafar yuqori malakali ishchi, muhandis va mutaxassislar mehnat qilayotgan mazkur kombinat va 3 yil oldin uning tarkibidan ajralib chiqqan “Navoiyuran” korxonasi milliy sanoatimiz faxri, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz” degan gaplari ham yuqoridagi fikrlarni tasdiqlaydi.

Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan uran sanoatiga juda katta e’tibor qaratilib, ikkita muhim tarixiy qaror qabul qilindi. Ushbu hujjatlarda korxonaning kelajagini belgilaydigan yangi va muhim vazifalar o‘z ifodasini topdi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati va “Navoiyuran” davlat korxonasining 65 yilligi munosabati bilan korxona bo‘linmalarida o‘tkazilayotgan bayram tadbirlarining avvali Uchquduq tumanidan boshlandi. Boisi, o‘zbek uran sanoati tarixi bevosita ushbu hudud bilan bog‘liqdir. “Uchquduq” madaniyat saroyiga jam bo‘lgan konchilar, sohada uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar o‘tgan kunlar va bugungi islohotlar borasida dillashdi. Tadbirda so‘z olganlar barchani bayram bilan tabriklab, bugun Davlatimiz va Hukumatimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tibor, uning xalqimiz hayotidagi ifodasi xususida to‘xtaldilar. O‘z navbatida konchilarning mehnatlari ham e’tirof etildi.

Bugungi sana men uchun ikki karra quvonchli bo‘ldi deyishim mumkin. Boisi, respublikamizning gigant korxonalarining 65 yilligi munosabati bilan III darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Bu menga yanada kuch va g‘ayrat bag‘ishlaydi. “Uchquduq” geotexnologik konida 20 yildan buyon ishlab kelayotgan bo‘lsam, so‘nggi yetti yilda sohamizga alohida e’tibor qaratilayotganiga guvoh bo‘lmoqdaman. Men oddiy usta lavozimida ishlasam-da, mehnatlarim e’tirof etilganidan xursandman. Davlatimiz rahbari tomonidan korxonamiz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda mening ham hissam borligidan faxrlanaman. Bugungi bayramona tadbirda ustozlarimiz bilan ko‘rishdik, ular bilan dildan suhbatlashdik. Ularning bosib o‘tgan yo‘llari albatta biz kabi yoshlarga namuna maktabi vazifasini o‘taydi, - deydi “Uchquduq” geotexnologik koni ustasi Ziyodullo Xotamov.

Asosiy bayram tadbiri “Navoiyuran” DKning faollar zalida davom etdi. Tantanaga korxona muhandis-texnik xodimlari, mehnat faxriylari bilan birgalikda korxona hamkorlari bo‘lgan Xitoy Milliy Yadro korporatsiyasi hamda Fransiyaning “Orano mining” kompaniyasi kabi nufuzli tashkilotlar vakillari ham mehmon sifatida taklif etildi.

Meni shunday qutlug‘ ayyomga taklif etishshganidan va unda ishtirok etayotganimdan mamnunman. Ilk tashrifimiz “Navoiyuran” davlat korxonasining 65 yilligiga to‘g‘ri keldi. Bizning tashkilotimiz Xitoy Milliy Yadro korporatsiyasi mazkur korxona bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Aytishim mumkinki, bunga uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q. Joriy yilning oktyabr oyida Korporatsiyamiz taklifiga binoan, "Navoiyuran" davlat korxonasi Bosh direktori Dj.Fayzullayev boshchiligidagi delegatsiya Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan "Tabiiy uran sanoatini rivojlantirish bo‘yicha birinchi xalqaro forum”da ishtirok etdi. Tashrif doirasida Dj.Fayzullayev va CNNC vitse-prezidenti Shen Yanfen "Navoiyuran" DK va CNNC o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladilar. Bugun esa biz korxonaning faoliyati bilan tanishmoqdamiz. O‘ylaymanki, bu hamkorligimiz uzoq yillar samarali davom etadi hamda har ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi, - deydi Xitoy Milliy Yadro korporatsiyasi Bosh menejyeri Lyu Syunfan.

Tadbir davomida Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari – “Navoiyuran” DK Bosh direktori Djamal Fayzullayev yig‘ilganlarni va barcha soha xodimlarini sana munosabati bilan muborakbod etdi. Shuningdek, korxonaning so‘nggi yillarda erishgan yutuqlari, oldida turgan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. 

Shuningdek, shodiyona davomida korxonada ko‘p yillik fidokorona mehnati hamda 65 yillik yubiley munosabati bilan bir guruh ishchi-xodimlar “Navoiyuran faxriysi” unvoni, “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Men konchilik sohasida 20 yildan buyon ishlab kelmoqdaman va bundan juda faxrlanaman. So‘nggi yillarda uran sanoati jadallik bilan rivojlanib, Davlatimiz va Hukumatimizning bu borada bir qator qarorlari qabul qilindi. Tabiiy uran ishlab chiqarish hajmi 2030 yilgacha mos ravishda uch baravarga oshirish bo‘yicha strategik vazifalar qo‘yilgan. Men rahbar sifatida faoliyat yuritayotgan Sulfat kislota ishlab chiqarish sexi ham shunga monand ravishda quvvatlarini oshirib borishi belgilangan. Xususan, 2024-2025 yillarda qo‘shimcha quvvatlar qurilib, ishlab chiqarish hajmi yiliga 400 ming tonnaga oshiriladi. Muhimi, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratiladi, - deydi Sulfat kislota ishlab chiqarish sexi boshlig‘i Erali Vasiyev.

“Zafarobod” kon boshqarmasi va “Nurobod” ishlab chiqarish maydoni ham korxonaning eng yirik bo‘linmalaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda ushbu maydonlarga qarashli 18 ta konda uran mahsuloti ishlab chiqarilmoqda. Korxona tomonidan qazib olinayotgan uranning 85 foizi ushbu hududlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ular ham bayramni yuqori kayfiyatda, munosib yutuqlar bilan qarshi oldi. Xususan, Zafarobod qo‘rg‘onidagi “Yoshlik” madaniyat saroyiga yig‘ilganlar so‘nggi yillarda korxonada amalga oshirilayotgan katta hajmdagi o‘zgarishlarga videoroliklar va ma’lumotlar orqali guvoh bo‘lishdi. Ishlab chiqarish hajmining oshishi, yaratiladigan ish o‘rinlari, investitsion loyihalar hudud aholisining hayot sifati va turmush tarzini yanada yaxshilashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Kon boshqarmasining faol ishchi-xodimlari taqdirlandi, mehnat faxriylarining xizmatlari e’tirof etildi.

Sana munosabati bilan Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ hamda “Navoiyuran” DKning

65 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi. Tantanada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navoiy kon-metallurgiya kombinati va “Navoiyuran” DK jamoasiga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Navoiy kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati tashkil etilganining 65 yilligi munosabati bilan ishlab chiqarish ilg‘orlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq Navoiy kon-metallurgiya kombinati va “Navoiyuran” DKning bir guruh ishchi-xodimlarga yuksak davlat mukofotlari topshirildi.

Xususan, “Do‘stlik” ordeniga loyiq ko‘rilgan “Navoiyuran” davlat korxonasi bosh geologi Xayrulla Ahadov ham ushbu davlat mukofotini qabul qilib oldi.

Tantana davomida poytaxtdan tashrif buyurgan xonandalar va madaniyat saroyi badiiy jamoalarining Ona Vatanni va sharafli kasb sohiblari bo‘lgan konchilarni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiq va raqslari hamda rang-barang mushakbozlik barchaga bayram kayfiyatini ulashdi.

Mavzuga oid