Jahon | 20:34 / 18.11.2023
9765
3 daqiqa o‘qiladi

Yirik kompaniyalar X ijtimoiy tarmog‘ida reklama joylashtirishni to‘xtatmoqda - OAV

Antisemitizmning kuchayishi ko‘plab reklama beruvchilarning ijtimoiy tarmoqni tark etishiga sabab bo‘lgani ta’kidlanyapti.

Foto: AP / Darko Vojinovic

Apple, Disney, Comcast, Lionsgate va Paramount Global kabi yirik kompaniyalar X (sobiq Twitter) platformasida reklama sotib olishni to‘xtatish niyatini e’lon qilishdi.

The Washington Post nashrining yozishicha, bu qaror antisemitizm bilan bog‘liq mojarolardan so‘ng qabul qilingan. Qayd etilishicha, aynan X platformasida antisemitizmning kuchayishi ko‘plab reklama beruvchilarning ijtimoiy tarmoqni tark etishiga sabab bo‘lgan.

Apple kompaniyasining reklamadan voz kechishi X uchun katta yo‘qotish bo‘lishi mumkin. Chunki texnologiya giganti Ilon Mask ijtimoiy tarmog‘iga 2022 yil birinchi choragida 50 million dollar daromad keltirgan.

Disney, Comcast, Lionsgate va Paramount Global vakillari platformadagi reklamani to‘xtatganini tasdiqladi.

Media Matters for America hisobotida aytilishicha, platforma Apple kabi yirik brendlarning reklamalari bilan bir qatorda antisemitizm kontentini, misol uchun, natsizmni ma’naviy uyg‘onish sifatida tasvirlovchi va Adolf Hitler iqtiboslarini ko‘tarinki ruhda aks ettiruvchi memlarni joylashtirgan.

Hisobot e’lon qilinganidan so‘ng, IBM ham X platformasida reklama joylashtirishni to‘xtatishini, «nafrat so‘zlari va kamsitishlarga mutlaqo toqati yo‘qligini» e’lon qildi.

Materialda ta’kidlanganidek, Ilon Maskning o‘zi antisemitizmga xos bayonot tarqatgan foydalanuvchining tvitini qo‘llab-quvvatlab, norozilikka sabab bo‘lgan.

Foydalanuvchilardan biri «yahudiylar oq tanlilarga nisbatan nafratni tarqatayotgani va oq tanli aholini siqib chiqarish uchun mamlakatni oq tanli bo‘lmaganlar bilan to‘ldirishni istayotganini» yozgan. Mask unga izoh berarkan, o‘z sharhida «mutlaq haqiqatni aytdi» deb yozgan.

O‘z navbatida platforma egasi Ilon Mask Media Matters for America notijorat tashkiloti va antisemitizm mojarosi tufayli ijtimoiy tarmoqqa qarshi chiqqan boshqa kompaniyalarga qarshi sudga «termoyadroviy da’vo» berishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, da’vo 20 noyabr kuni zudlik bilan, «bir necha soniya ichida» topshiriladi.

Mavzuga oid