Sport | 16:50 / 23.11.2023
30174
3 daqiqa o‘qiladi

«Bu FIFA reglamentiga zid». Senegal Fransiya U17 jamoasini JCh-2023dan diskvalifikatsiya qilishni talab qildi

O‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati nimchorakfinalida Fransiya U17 jamoasiga alamli tarzda mag‘lub bo‘lgan Senegal o‘yindan keyin fransuzlarni turnirdan diskvalifikatsiya qilish bo‘yicha FIFAga rasman murojaat qilgan.

Foto: Getty Images

Senegal 22 noyabr kuni JCh-2023 1/8 finalida Fransiya bilan o‘yinning asosiy vaqtida 0:0 hisobini qayd etib, penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchradi. Senegal mundialdagi ishtirokini to‘xtatib, turnir bilan xayrlashgan bo‘lsa-da, mamlakat futbol federatsiyasi Fransiyaning ham chorakfinalda o‘ynashiga qarshi chiqmoqda va buni FIFA reglamentining qo‘pol tarzda buzilishi deya hisoblamoqda.

Avvalroq, Fransiya o‘smirlar jamoasi hujumchisi Yannis Issufu JCh-2023 Afrika saralash bahsi doirasida Niger o‘smirlar jamoasi safida maydonga tushgani ma’lum bo‘lgandi. FIFA qoidalariga ko‘ra esa, futbolchining bir turnirda ikki jamoa safida o‘ynashi qat’iyan man etilgan. Shundan kelib chiqilsa, FIFA reglamentiga binoan Fransiya o‘smirlar jamoasi turnirdan diskvalifikatsiya qilinishi lozim.

«Ushbu futbolchi FIFA bayrog‘i ostida o‘tadigan bir xil yosh toifasidagi ikki rasmiy turnirda ikki xil jamoa safida maydonga tushgan. Ammo FIFA nizomi va futbolchilarning transfer qoidalarida «futbolchi avvalgi assotsiatsiyasi bilan ishtirok etgan turnirlarda yangi assotsiatsiyasi bayrog‘i ostida ishtirok eta olmaydi», deya aniq va ravshan qilib ko‘rsatilgan. Bu qoidaga zid. Qolaversa, U17 Jahon chempionati reglamentida barcha futbolchilar FIFA nizomiga muvofiq turnirda ishtirok etishi shartligi belgilangan.

Shunday ekan, yuqoridagilarni inobatga olgan holda bu turnirda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lmagan o‘yinchini o‘z safiga qo‘shib olgani va turnirda ro‘yxatdan o‘tkazgani uchun Fransiyaning JCh-2023dan diskvalifikatsiya qilinishini qat’iy so‘raymiz», - deyiladi Senegal futbol federatsiyasining FIFAga yo‘llagan bayonotida.

Sport News Africa nashri xabariga binoan, dastlab Burkina-Faso guruh bosqichida fransuzlardan mag‘lubiyatga uchragandan keyin bu borada arz qilgach, Fransiya futbol federatsiyasi «Monpele» klubi hujumchisi sanalmish Yannisning Niger o‘smirlar jamoasi safida musobaqaning saralash bosqichida maydonga tushganidan xabari bo‘lmagani haqida ma’lum qilgan.

L'Equipe xabariga ko‘ra, Fransiya o‘smirlar jamoasi bosh murabbiy Jan-Lyuk Vannuki aynan diskvalifikatsiya ehtimoli tufayli Yannis Issufuni Senegalga qarshi nimchorakfinal o‘yini oldi tarkibdan chiqargan.

Eslatib o‘tamiz, Yannis Niger o‘smirlar jamoasi safida 2022 yil Kot-d’Ivuar va Beninga qarshi saralash o‘yinida maydonga tushib, bitta golga mualliflik qilgan, Beninga qarshi esa jamoasining eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan.

Ma’lumot uchun, Fransiya o‘smirlar jamoasi chorakfinalda O‘zbekistonga qarshi maydonga tushishi lozim. O‘yin 25 noyabr kuniga belgilangan. FIFA bu borada hozircha rasmiy bayonot berishdan tiyilmoqda.

Mavzuga oid