Sport | 16:10 / 23.11.2023
30478
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston U-23 jamoasining Osiyo kubogi guruh bosqichidagi raqiblari ma’lum bo‘ldi

Osiyo kubogida sovrindor bo‘lgan jamoalar Olimpiada yo‘llanmasiga ega bo‘ladi.

Foto: Tribuna.uz

23 noyabr kuni Doha shahrida 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi uchun qur’a tashlandi.

Temur Kapadze boshqaruvidagi O‘zbekiston olimpiya jamoasi D guruhdan joy oldi, bu guruhda raqiblar Malayziya, Kuvayt va Viyetnam bo‘ladi. 

A guruhi

  • Qatar
  • Avstraliya
  • Iordaniya
  • Indoneziya

V guruhi

  • Yaponiya
  • Koreya Respublikasi
  • BAA
  • Xitoy

S guruhi

  • Saudiya Arabistoni
  • Iroq
  • Tailand
  • Tojikiston

D guruhi

  • O‘zbekiston
  • Viyetnam
  • Kuvayt
  • Malayziya

O‘zbekistonlik futbolchilar ishtirokini Malayziyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Ikkinchi turda Kuvayt, uchinchi turda esa Viyetnam bilan bahs olib boriladi. Guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar keyingi bosqichga chiqadi.

2024 yil 15 aprelidan 3 may kuniga qadar Qatarda bo‘lib o‘tadigan turnirda Olimpiada yo‘llanmasi o‘ynaladi. Finalga chiqqan va uchinchi o‘rin uchun bahsda g‘alaba qozongan sovrindor jamoalar Parij-2024ga yo‘l olishadi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston sentabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan guruh o‘yinlarida Osiyo Kubogi U-23 turniriga yo‘llanma olgandi. O‘shanda dastlab Afg‘oniston 8:1, Hongkong 10:0 hisoblarida mag‘lub etilgan, guruh g‘olibligi uchun bahsda Abbos Fayzullayevning yagona goli Eron ustidan g‘alaba keltirgandi (1:0).

Yakunda eronliklar Qatardagi turnirda ishtirok etuvchi 16 jamoa orasiga kira olmagandi. Bu turnirga mezbonlardan tashqari saralash bosqichidagi 11 guruh g‘oliblari hamda eng yaxshi natijaga ega bo‘lgan to‘rtta ikkinchi o‘rin vakillari (Kuvayt, Tojikiston, Xitoy va Malayziya) yo‘l olgan.

Mavzuga oid