O‘zbekiston | 15:20 / 24.11.2023
11108
8 daqiqa o‘qiladi

"Hokimlar ta’lim jarayoniga emas, maktablardagi sharoitga javobgar" - vazir o‘rinbosari bilan ochiq suhbat

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev bilan navbatdagi intervyuda o‘qituvchilik kasbining nima uchun jozibador emasligi, ta’limdagi hududlararo notenglik va hokimlarning maktab ishiga aralashuvi haqida suhbatlashdik.

Mamlakat rivojlanishida har sohaning o‘rni muhim. Ammo ular ichida ta’limning o‘rni beqiyos. Chunki ta’lim kelajak avlod va shunga muvofiq jamiyatni tarbiyalaydi.

Xo‘sh, bugungi o‘zbek maktab ta’limida qanday muammolar bor, ularni yechish yo‘lida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Kun.uz navbatdagi suhbatda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev bilan shular haqida gaplashdi.

Maktab ta’limiga oid doim berishimiz kerak deb o‘ylab yurgan qiziq savollar bor. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga Hilola Umarova kelgach PIIMA (Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi) tajribalarining implementatsiyasi kuchayganini ko‘proq kuzatdik. Maqsad ta’lim sifatini yaxshilash, pedagoglarni o‘qitish bo‘ldi, bu borada hech qanday gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas.

Ammo bu ikki toifadagi maktablarda o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bir-biridan ancha farq qilishini inobatga olsak, tajriba samara beradi deb hisoblaysizmi? Ya’ni ta’limda metodologiya ustida qancha ishlanmasin, avvalo, mehnat sharoiti yaxshilanmasa, ushbu tajriba samarasi susaymaydimi?

— Endi qarang, mushkul deb hech narsa qilmasdan o‘tirsak, 3-4 yildan keyin ham qiyin deb qolamiz. Bizga birinchi kompyuter qo‘yib beringlar, xonaga elektron doskalar qo‘yinglar, barcha zamonaviy sharoitlarni qilib, keyin metodikaga o‘taylik deb yondashadigan bo‘lsak, hech qachon bo‘lmaydi. Ikki tomondan ham bu ishni qilib borish kerak.

Ixtisoslashgan maktablarning imkoniyati yaxshiroq deyishim qiyin. Masalan, hamma biladigan Qorako‘l maktabi bor. Ularga zamonaviy maktab 2-3 yil oldin qurildi o‘zi, lekin oldingi sharoitlarini esa avvalroq shu maktabni ko‘rgan odam biladi. To‘g‘ri, qancha yaxshi sharoit bo‘lsa, o‘quvchilar yaxshiroq natijaga erishadi. Lekin doim ham infratuzilma natija garovi emas. Men buni pedagoglar tarkibiga bog‘lagan bo‘lardim. Pedagoglar yaxshi bo‘lsa, yaxshi metodikani bemalol beradi. Ixtisoslashgan maktablarning o‘qituvchilari bilim jihatdan ustunroq, boshqa maktablarda ham shunga urg‘u berish kerak. Ya’ni umumta’lim maktab ustozlari ham shu daraja, bilim, intilishga harakat qilishi kerak.

Infratuzilmaga kelsak, o‘tgan yili davlat budjetidan maktablar qurilishi, ta’miri va jihozlanishiga 2 trln so‘m ajratildi, bu yil esa 4 trln nazarda tutilyapti. Ilgari bunday 2 barobar oshirish bo‘lmagan. Kerak bo‘lsa, 4 karra oshirsa ham yaxshiroq bo‘ladi, lekin budjet imkoniyatlarini hamma tushunishi kerak. Metodikani tezroq joriy qilishimiz lozim, infratuzilmaning to‘liq yaxshilanishini kutmasdan. Balki kamroq samara berar hozir, lekin sekin-asta yaxshi darajaga chiqib boradi.

Bino yoki metodika ham emas, shaxs — dars beruvchi o‘qituvchi muhim rol o‘ynaydi. Sifati past metodika bilan ham yaxshi o‘qituvchi o‘zi izlanib, bilim beroladi. Ixtisoslashgan maktablar o‘qituvchilari yaxshi deganimda ular o‘z ustida ishlaganini nazarda tutdim, ya’ni ish boshlaganda ikkala tomon o‘qituvchilari darajasi bir xil bo‘lishi mumkin.

Ammo vaqt, fiziologik imkoniyat nuqtai nazaridan umumta’lim maktablaridagi o‘qituvchilar o‘z ustida ishlashga imkoniyat topolmasligi omili ham bordir?

Ixtisoslashgan yoki Qorako‘l maktablarida bolalar saralab olinadi, aynan o‘qishga intilgan bolalar bo‘ladi. Umumta’lim maktablarida esa bolalar har xil, soni ham ko‘p, texnik va mehnat sharoitlari ham farqli.

— Aytilgan omillarning barchasi muhim, to‘g‘ri. Yaxshi sharoitda o‘qitilsa, samaradorlik yuqori bo‘ladi, o‘qituvchi yaxshi ishlaydi. Lekin o‘quvchi soni ko‘p bo‘lgani uchun bilim past bo‘ladi, degan fikr ham to‘g‘ri emas. O‘sha tilga olganimiz Qorako‘l maktabi ham ixtisoslashgan maktab bo‘lguncha shunday sharoitlarda bo‘lgan. Bilimni yetkazib berish baribir o‘qituvchiga bog‘liq va u shunga harakat qilishi kerak.

Bu yerda bolaning istagi ham juda muhim. Agar bolalarning hammasi tayyor o‘tirib, o‘qituvchini eshitamiz desa, albatta, samara boshqacharoq bo‘ladi. Bu vaziyatda jamiyat faqat robotlardan iborat bo‘lib qolardi. Lekin ustozlar shu sharoitda o‘z bilimini berolsa, samara boshqacha bo‘lardi. O‘quvchisi kam bo‘lgan maktablarda ham bilim darajasi unchalik emas. Ko‘p bolaga dars o‘tib, yaxshi natijalarga erishayotganlar ham bor. Baribir aytganingizdek, ideal sharoit va kadrlar bilan yaxshi natijalarga erishishimiz mumkin. Lekin bugungi kunda moliyaviy va resurs jihatdan bu darajaga chiqishimiz qiyin (resurs deganda o‘qituvchilar salohiyati ham). Deylik, yaxshi sharoitlarni qilib bersak ham, pedagog salohiyati muammosi chiqadi o‘rtaga.

O‘qituvchilar salohiyatini oshirish bo‘yicha vazirlik qanday yechimlarni ko‘ryapti? Tuman maorif bo‘limlari bor, maktablar mahalliy hokimliklarga bog‘lab qo‘yilgan, shu yerda ta’lim jarayoniga to‘siqlar bo‘lyapti. Bu borada nima deyolasiz?

— Oldin tumandagi xalq ta’limi bo‘limlarida har xil xodimlar bo‘lgan. Ta’lim sifatini tekshirgan, fanlardan metodchilari bo‘lgan. Maktablarda har xil tekshiruvlar uyushtirishgan. Bu tekshiruvlar noto‘g‘ri tashkil etilgandir, faoliyatdan tashqari topshiriqlar berishgandir, lekin umuman shunday funksional vazifasi bo‘lgan shunday xodimlarning.

Hozirgi yanvar oyidan qayta tashkil etilayotgan tuman maorif bo‘limlaridagi xodimlarda bunday funksional vazifalar yo‘q. Tuman maorif bo‘limlari faqatgina maktablarining operatsion joriy ishini tashkil etadigan tashkilotga aylantirilyapti. Balki joylarda hali buning tafakkuriga borishmagandir, eski talablar bordir ba’zi joylarda. Lekin aynan hozirgi holatda maoriflarning vazifasi ishni tashkil etish, moliya, buxgalteriya va ta’minot bilan shug‘ullanish.

Tuman maorif bo‘limlari xodimlari endi bekor bo‘lganda maktablarga borib, imtihon olib, tekshiruv o‘tkaza olmaydi. Bunday vakolatli shtat yo‘q ularda. Maktablar ham aralashishga haqqi yo‘qligini tushunishi kerak endi. Faqatgina viloyat xalq ta’limi bo‘limlari reja asosida tekshiruv o‘tkazishi mumkin. Tuman bo‘limlarida bunday vakolat mavjud emas, qonunan haqlari ham yo‘q. Mana shu ham o‘qituvchilar o‘zini rivojlantirishi uchun bir imkoniyat. Ba’zi joylarda hali ham hokimliklar yoki boshqa tashkilotlar maktab faoliyatiga aralashuvi bor. Ammo oxirgi 5 yil ichida ancha kamaydi.

Intervyuning to‘liq qismini yuqoridagi video orqali tomosha qiling.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Nizomiddin Toshpo‘latov.

Mavzuga oid