Jamiyat | 14:30 / 26.11.2023
18320
3 daqiqa o‘qiladi

SSV shamollash va grippda qaysi mahsulotlar ko‘proq foydaliligi haqida ma’lumot berdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘RVIga qarshi kurashda iste’mol qilish foydali bo‘lgan mahsulotlar haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, mavsumiy o‘tkir respirator kasalliklarga qarshi kurashishning eng samarali yo‘li organizm immunitetini ko‘tarishdir. Quyidagi bir qator mahsulotlar inson immun tizimi uchun foydali:

  • Limon. Uni maydalab, bir oz shakar qo‘shib kun davomida uch martagacha bir choy qoshiqchadan iste’mol qilish immunitetni mustahkamlashda samara beradi.
  • Na’matak. Na’matak sharbati, mevalaridan choy damlab ichish juda foydali. Kechqurun termosga o‘n dona na’matak mevasi soling va ustidan qaynoq suv quying. Ertasiga kun bo‘yi mazkur damlamadan ichib yuring. Bu ichimlik immunitetni ko‘taradi.
  • Tuzlangan karam. Tuzlangan karamga bir oz zaytun moyi va mayda to‘g‘ralgan boshpiyoz qo‘shib iste’mol qilish koni foyda.
  • Piyoz. Piyoz tabiiy antibiotik hisoblanadi.
  • Sarimsoq. Shamollash va virusdan asraydi, yurak-qon tomiri xastaliklari bilan kasallangan bemorlar uchun juda foydalidir. U qon bosimini va xolesterin darajasini pasaytiradi.
  • Tvorog. Uy sharoitida tayyorlangan tvorog ayniqsa o‘ta foydali.
  • Tuxum. Qaynatilgan tuxum tarkibida A, B2, B5, B6, B9, B12, D, K kabi vitaminlar, shuningdek, biotin, kalsiy, magniy, rux, selen, mis, marganes temir kabi foydali vitaminlar bo‘ladi.

Vazirlik xabarida aytilishicha, ushbu mahsulotlarni sevib iste’mol qiluvchilarning kasallikka chidamliligi yuqori bo‘ladi, kasallikka chalinganda ham uni yengib o‘tishi immun tizimi uchun nisbatan oson chekadi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov 23 noyabr kuni o‘tkir virusli infeksiyalarga chalingan bemorlarni samarali davolash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgandi. Unda butun dunyoda bo‘lgani kabi bu yil ham O‘zbekistonda yosh o‘g‘il-qizlar orasida o‘tkir respirator kasalliklarning davriy ko‘tarilishi kuzatilayotgani, ushbu xastalikka chalinishning asosiy ulushi esa Toshkent shahri aholisi hissasiga to‘g‘ri kelayotgani aytilgandi. 

Mavzuga oid