O‘zbekiston | 17:34 / 01.12.2023
8538
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident yashil iqtisodiyotga o‘tishda rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini inobatga olishga chaqirdi

Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, Katta yettilik va Katta yigirmatalik davlatlari kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tishda iqlim o‘zgarishidan jiddiy zarar ko‘rayotgan rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini inobatga olishi kerak.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dubay shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning global iqlim sammitida so‘zga chiqib, bir nechta takliflarni ilgari surdi.

“Biz iqlim o‘zgarishiga qarshi faqat birdamlik va keng xalqaro hamkorlik orqali samarali kurashishimiz mumkin. Bu borada quyidagi takliflarni ilgari surmoqchiman.

Birinchidan. Parij shartnomasi doirasida Iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasidagi Global hadli mexanizmni tezroq kelishish tarafdorimiz.

Biz Markaziy Osiyo iqlim muloqoti platformasida Adaptatsiya strategiyasini ishlab chiqmoqdamiz.

Kecha “Yo‘qotish va zararlar” jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha qabul qilingan muhim qarorni yuksak baholaymiz.

Ikkinchidan. Global miqyosda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish adolatli, shaffof va inklyuziv bo‘lishi shart.

Bunda rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlari albatta inobatga olinishi juda muhim. Bu muammo “Katta ettilik” va “Katta yigirmalik” formatlarida doimiy ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiqdir.

Uchinchidan. Biz BMT rezolyutsiyasi asosida Orolbo‘yi hududini ekologik ofat zonasidan “innovatsiyalar, texnologiyalar va yangi imkoniyatlar mintaqasi”ga aylantirmoqchimiz.

Bu yerda Iqlim texnologiyalari xalqaro ekspo-habini yaratishda yaqin hamkorlikni taklif etamiz.

To‘rtinchidan. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda ilm-fan yutuqlaridan keng foydalanishimiz lozim.

Toshkentdagi “Yashil universitet” negizida tashkil etilayotgan “Iqlim ilmiy forumi”da davlatlaringiz yetakchi olim va ekspertlarini ishtirok etishga chaqiraman. Yer degradatsiyasi, suvdan foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligi muammolari forum kun tartibidan joy oladi, deb ishonaman.

Beshinchidan. BMT bilan 2024 yilda O‘zbekistonda “Iqlim migratsiyasi” konferensiyasini o‘tkazish niyatidamiz.

Xalqaro mehnat tashkiloti bilan“Yashil bandlik” dasturini ishlab chiqish va [iqlim o‘zgarishining bandlikka ta’sirini] Modellashtirish markazini tashkil etishni taklif qilaman.

COP Yoshlar konferensiyasini mamlakatimizda yuqori darajada tashkil etishga tayyormiz”, – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha umumbashariy g‘oyalarga doimo sodiq ekanini tasdiqlab, kelasi yil Samarqandda xalqaro iqlim forumini o‘tkazish va bu borada BMTning alohida rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Mavzuga oid