O‘zbekiston | 16:11 / 03.12.2023
24108
4 daqiqa o‘qiladi

Chirchiqdagi IIB hibsxonasida 22 yoshli yigit vafot etdi. Ombudsman vaziyatni o‘rganmoqda

Toshkent viloyati IIBB hibsxonada saqlanayotgan yigit o‘z joniga qasd qilishi oqibatida vafot etganini ma’lum qilgan. Ammo mahalliy deputat uning burni singani va tanasida jarohatlar borligi aniqlangani haqida yozgan. Holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Kun.uz

Toshkent viloyati Chirchiq shahri ichki ishlar bo‘limi hibsxonasida 2001 yilda tug‘ilgan Abdulloh ismli yigit olamdan o‘tgan. Bu haqda shahar kengashi deputati Jahongir To‘laganov xabar bergan.

Deputat o‘g‘rilik jinoyatida gumonlanib qo‘lga olingan yigit o‘z joniga qasd qilgani aytilayotgan bo‘lsa-da, uning burni singani va qoshi yorilgani haqida ham ma’lumot borligini xabar bergan.

«Har bir jinoyat qilgan jinoyatchi yoki gumonlanuvchi qonun oldida javob berishi kerak, o‘limi bilan emas. IIBga olib kirib ketilgan har bir fuqaroning xavfsizligiga IIB xodimlari mas’ul ekanligini unutmasligimiz kerak», deya yozgan u.

Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati fuqaro o‘z joniga qasd qilgani haqida bayonot bergan.

Qayd etilishicha, 22 yoshli yigit A.O‘. Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «v» bandi (O‘g‘rilik, ko‘p miqdorda) va 168-moddasi 3-qismi «b» bandi (Firibgarlik, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida ayblangan.

Tergov davomida A.O‘. muqaddam ham Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2 qismi «a» bandi (Bosqinchilik, qurol yoki qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan boshqa narsalarni ishlatib) bilan sudlangani inobatga olingan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

«1 dekabr kuni soat tungi 02:30 atrofida jinoyat ishi doirasida hibsxonada saqlanayotgan A.O‘. kameradagi yopinchiq choyshabdan sirtmoq yasab, kamera oynachasining temir panjarasiga bog‘lagan holda o‘z joniga qasd qilgan», — deyiladi xabarda.

Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limi bo‘yin qismi sirtmoq bilan siqilishi natijasida kelib chiqqan mexanik asfiksiya oqibatida yuz bergani aniqlangan.

Holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari amalga oshirilmoqda.

Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) «Chirchiq IIBdan yosh yigitning o‘ligi chiqdi» sarlavhali xabar o‘rganilayotganini, holat nazoratga olinib, ishga taalluqli ma’lumotlar so‘rab olingani haqida ma’lum qilgan.

«To‘plangan hujjatlar o‘rganilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun viloyat prokuraturasiga yuboriladi va yuqoridagi holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Ombudsman yuqorida qayd etilgan xabarlar yuzasidan tekshiruv har tomonlama, to‘liq va qonuniy o‘tkazilishini nazorat qiladi», deyiladi xabarda.

  • 2023 yil 4 iyun kuni 36 yashar gumonlanuvchi Bo‘ka tumani IIB xodimlari tomonidan ayovsiz do‘pposlangani natijasida vafot etgan, uning qovurg‘asi sindirilib, bo‘ynidan bo‘g‘ib qiynoqqa solingani aniqlangandi.
  • Andijonda 2022 yili mahkumni urib o‘ldirib qo‘ygan 12 nafar IIB xodimi sud tomonidan turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Mavzuga oid