O‘zbekiston | 13:25 / 05.12.2023
41960
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyatida ham jinoyat olami vakillari ushlandi

Andijon viloyatidagi profilaktik tadbirlarda jinoyat olami vakillari, tovlamachilar, «o‘zidan yetakchi yasab olganlar» hamda ularga yaqin bo‘lgan shaxslar qo‘lga olinmoqda. Xususan, bezorilik, tovlamachilik va giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etishda gumonlanib 3 nafar shaxs hibsga olindi.

Andijon viloyati hududida «Dolzarb 40 kunlik» maxsus profilaktik tadbirlari doirasida bir qator jinoyat olami vakillari, tovlamachilar, o‘zidan «yetakchi» yasab olganlar hamda ularga yaqin bo‘lgan shaxslar ushlanmoqda, deya xabar qildi viloyat IIB matbuot xizmati.

Xususan, 2023 yilning 2 dekabr kuni o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida:

  • muqaddam Jinoyat kodeksining 219 (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish), 238 (Yolg‘on guvohlik berish), 241 (Jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish), 165-moddalarida (Tovlamachilik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun bir necha marotaba sudlangan, Andijon tumanida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan Bayxnov Noufal Alisherovich;
  • muqaddam Jinoyat kodeksining 97 (Qasddan odam o‘ldirish), 164 (Bosqinchilik), 165-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun bir necha marotaba sudlangan, Andijon shahrida yashovchi,1989-yilda tug‘ilgan Umarov Umidbek Rafukjonovich;
  • muqaddam Jinoyat kodeksining 159-moddasida (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganligi uchun sudlangan, Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi, 1961-yilda tug‘ilgan Mamajonov Dilmurod Adhamjanovich ushlangan.

Ular viloyat hududida mayda bezorilik, tovlamachilik, kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish, giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgani aniqlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, JKning 165, 251−1 (Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish), 273-moddalariga (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) asosan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Agar ushbu shaxslardan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ushbu shaxslarning jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, Andijon viloyati IIBning «102» raqami yoki 97−432−10−20 telefon raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid