Korrupsionerlarning 80 foizi qamalmagan, Andijon antireytingda birinchi o‘rinda - milliy ma’ruza
O‘zbekistonda 2023 yilda salkam 1300 kishi pora olayotgan vaqtida DXX tadbirlarida ushlangan. Ushbu davrda korrupsioner deb topilgan 6535 nafar davlat xizmatchisidan 20 foizi ozodlikdan mahrum etilgan, 42 foizi esa ahloq tuzatish ishlariga hukm qilingan. Jinoyatchilarning 18 foizi muqaddam sudlangan, 9 foizi korrupsiyaga takroran qo‘l urgan. Andijon viloyati korrupsiya oqibatida yetkazilgan zarar hajmining kattaligi bilan ajralib turadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2023 yil uchun «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy ma’ruza»ni e’lon qildi. Unda 2023 yildagi korrupsion jinoyatlar tahlili, korrupsiyaga qarshi tadbirlar, hududlar va sohalar miqyosida jinoiy-huquqiy statistika keltirilgan.
Tahlillarga ko‘ra, 2023 yilda respublika bo‘yicha sudlar tomonidan jami 6 535 nafar shaxs korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu – 2022 yildagi ko‘rsatkichdan (7 414 nafar shaxs) 879 nafar yoki 12 foizga kam.
2023 yilda sudlar tomonidan ayblov hukmi chiqarilgan korrupsiyaga oid jinoyat ishlari soni 4 128 tani tashkil qilib, 2022 yilga nisbatan 479 taga yoki 10 foizga kamaygan.
Javobgarlikka tortilgan 6 535 nafar shaxsning 1 299 nafari yoki 20 foiziga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Qolgan 2 721 nafar shaxsga (42 foiz) axloq tuzatish ishlari, 1 076 nafar shaxsga ozodlikni cheklash, 982 nafar shaxsga jarima, 21 nafar shaxsga majburiy jamoat ishlari, 7 nafar shaxsga muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, 53 nafar shaxsga shartli hukm chiqarilgan. 227 nafar shaxsga jazo tayinlanmagan bo‘lsa, 149 nafar shaxs jazodan ozod qilingan.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida, 2023 yilda davlat manfaatlariga jami 1,4 trln so‘m (o‘tgan yilgi o‘rtacha kurs bo‘yicha hisoblaganda, qariyb 120 mln dollar) miqdorida zarar yetkazilgan. Ushbu zararning 745 mlrd (1,1 trln) so‘mi yoki 51 (54) foizi qoplangan.
Davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning yuqori ulushi Andijon (243 mlrd so‘m), Namangan (194 mlrd so‘m), Qashqadaryo (143 mlrd so‘m) va Toshkent viloyatlariga (132 mlrd so‘m) to‘g‘ri kelmoqda.
2022-2023 yillarda pora predmeti bo‘lgan 7,1 mlrd so‘m, 345 ming AQSh dollari va 34,5 ming Rossiya rubli miqdoridagi pul mablag‘lari davlat foydasiga musodara qilingan.
Eng ko‘p sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar dinamikasiga e’tibor qilinsa, talon-toroj qilish, firibgarlik hamda pora olish-berish asosiy o‘rinlarda ekanini ko‘rish mumkin.
Korrupsion jinoyatlarning hududlar miqyosida tahlili
Korrupsiyaga oid jinoyatlar 2023 yilda respublikaning 4 ta viloyatida 2022 yilga nisbatan o‘sgan bo‘lsa, 10 tasida kamaygan. Xususan, korrupsiyaga oid jinoyatlar soni Surxondaryo (9,9 foiz), Andijon (6,4 foiz), Sirdaryo (2,8 foiz) va Navoiy viloyatlarida (1,3 foiz) ortgan.
Jinoyatlar tahliliga ko‘ra, muqaddam sudlangan shaxslarning davlat xizmatiga qabul qilinishi ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishiga imkoniyat yaratib bermoqda. Jumladan, 2023 yilda 1 146 nafar muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, ularning 566 nafari muqaddam aynan korrupsiyaviy jinoyat uchun sudlangan.
Korrupsiyaviy jinoyatlar soni bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarda maktabgacha va maktab ta’limi, bank, sog‘liqni saqlash sohalari, mahalliy hokimliklar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ekanini ko‘rish mumkin.
Korrupsiya qarshi kurashuvchi organlar nimalar qildi?
2023 yilda Bosh prokuratura davlat xaridlari sohasida aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha 275 ta taqdimnoma kiritgan. 393 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 25 ta noqonuniy hujjatlar qonunga muvofiqlashtirilgan, 1 219 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati idoralari tomonidan 2023 yilda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda 1 290 ta pora olish vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olish bo‘yicha tadbir o‘tkazildi. Ularning:
- 517 tasi ijro hokimiyati, makroiqtisodiyot, tashqi iqtisodiy va investitsiyaviy faoliyat, bank-moliya, sanoat-qurilish, uy-joy kommunal, yoqilg‘i-energetika va agrosanoat;
- 221 tasi ta’lim, yoshlar, sport va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish,
- 197 tasi huquq-tartibot, nazorat va sud organlari;
- 160 tasi sog‘liqni saqlash va madaniyat;
- 100 tasi transport hamda 95 tasi bojxona qonunchiligini buzish sohalariga to‘g‘ri keladi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha jami 3 996 ta holat aniqlanib, shundan, 3942 ta jinoyat va 54 ta ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilgan.
Departament aniqlagan jinoyatlarning 1 382 tasi poraxo‘rlik bo‘lib, shundan 395 tasi bevosita davlat idoralari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan pora olish jinoyati hisoblanadi.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamentining Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari tomonidan 2023 yil davomida korrupsiya va iqtisodiyot sohasida sodir etilgan, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi 2 800 dan ortiq jinoyatlar aniqlangan.
Xususan, agrosanoat kompleksida 467 ta, yoqilg‘i-energetika kompleksida 304 ta, ijtimoiy sohalarda 289 ta, o‘rta va kichik biznesda 148 ta, nazorat idoralarida 122 ta, hokimiyat idoralarida 80 ta, iste’mol bozorida 58 ta, bank, moliya-kredit tizimida 46 ta, sanoatda 22 ta, chet el firmalari va qo‘shma korxonalarida 13 ta, huquqni muhofaza qilish idoralarida 10 ta, sud idoralarida 1 ta va boshqa sohalardagi 1 300 taga yaqin jinoyat aniqlanib, fosh etilgan.
Mazkur jinoyatlarning aksariyati poraxo‘rlik, tovlamachilik, firibgarlik, valuta qoidasini buzish, qalbaki pul yasash va o‘tkazish, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatlarini tashkil etgan.
Hokim yordamchilari faoliyati bo‘yicha
Aksilkorrupsiya agentligiga ko‘ra, hokim yordamchilari tomonidan vakolatlaridan foydalangan holda davlat mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq korrupsiyaga oid jinoyatlar kuzatilmoqda.
2023 yil davomida hokim yordamchilarining faoliyati bilan bog‘liq 69 ta jinoiy holat aniqlanib, tergov harakatlari olib borilgan. Shundan:
- 28 nafariga Jinoyat-kodeksining 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish);
- 19 nafariga Jinoyat-kodeksining 168-moddasi (firibgarlik);
- 17 nafariga Jinoyat-kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);
- 5 nafariga Jinoyat-kodeksining 210-moddasi (pora olish) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.
Bundan tashqari, o‘rganishlar davomida hokim yordamchilari va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan 277 ta ta’minotchi korxonalar «marketpleys»da ishtirok etib, ularning hisobiga 202,5 mlrd so‘mlik imtiyozli kreditlar kelib tushgani ma’lum bo‘lgan. Natijada 61 nafar hokim yordamchisi ishdan bo‘shatilgan, 1 nafariga jarima belgilangan, 85 nafar hokim yordamchisiga «hayfsan» e’lon qilingan.
2023 yil uchun «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy ma’ruza» bilan ushbu havola (pdf) orqali to‘liq tanishish mumkin.
Mavzuga oid
12:20 / 19.12.2024
Fransiya kassatsiya sudi Sarkoziga hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi
17:16 / 17.12.2024
Qirg‘iziston bosh vaziri korrupsiya tufayli iste’foga chiqarilgan bo‘lishi mumkin
15:17 / 17.12.2024
Daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalash joriy etilmagani islohotlar samaradorligiga ta’sir qilyapti - Antikorrupsiya agentligi
11:55 / 14.12.2024