O‘zbekiston | 11:55 / 14.12.2024
1905
3 daqiqa o‘qiladi

Xalq banki korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflik bo‘yicha natijalarni e’lon qildi

Joriy yilning 11 dekabr kuni Xalq bankida Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda bankning Ichki nazorat va komplayens xizmati orqali aniqlangan holatlar yuzasidan ma’lumotlar ochiqlandi.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yilning yanvar-noyabr oylari davomida Xalq banki korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan bankka ishga qabul qilish va tender jarayonlarida korrupsiyaviy xatarlar va manfaatlar to‘qnashuvi oldini olishga qaratilgan 170 ta kontragent o‘rganilgan. Olib borilgan ishlar natijasida o‘zlashtirish va korrupsiyaviy holatlar soni 47 foizga kamaygan.

“Bank xizmatlar markazi tomonidan ko‘rsatilayotgan an’anaviy xizmatlar mobil ilovasi raqamlashtirilishi hisobiga 2024 yilda 2023 yilga nisbatan fuqarolarning bankka murojaatlari 60%ga kamaydi.

Bank 2023 yilda “Ochiqlik indeksi” bo‘yicha 83,8 ball to‘plab, tijorat banklari orasida 1-o‘rinni egalladi”, - dedi Ichki nazorat va komplayens departamenti direktori o‘rinbosari Bekzod Rayimov.

Tadbirda Xalq bankining korrupsiyaga qarshi menejment tizimi joriy yilning may oyida ISO 37001:2016 xalqaro standartiga muvofiq sertifikatga ega bo‘lgani aytib o‘tildi. Bank bu xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda faoliyat olib bormoqda.

“Xalqaro tajriba borasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ISO 37001:2016 sertifikati bor. Biz bu sertifikatni 2024 yilning may oyida qo‘lga kiritganmiz. Bu borada xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borildi. Bundan tashqari, bank transformatsiyasi bo‘yicha Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelyapmiz. Bank ekspertlari biznes jarayonlarini optimallashtirish, qaytadan tashkil qilish, standartlarni joriy qilish bo‘yicha yaqindan ko‘mak berib kelishyapti”, - dedi Bank Boshqaruv raisi o‘rinbosari Farrux Ro‘ziyev.

Xalq banki korrupsiyaga qarshi kurashish bilan birga, faoliyatida shaffoflikni ta’minlashga ham katta e’tibor qaratmoqda.

Bankda mijozlarga xizmat ko‘rsatishda shaffoflik va tezkorlikni ta’minlash maqsadida komplayens@xb.uz elektron pochtasi va “Tezkor xabar” mobil ilovasini ishga tushirdi. Ushbu kanallar orqali bankka kelib tushgan murojaatlar inson omilisiz avtomatik ravishda qabul qilinadi va ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan bir qatorda, Xalq bankida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xodimlarda ichki immunitetni shakllantirish uchun tizimli va kompleks yondoshuv mavjud. Birinchisi, avtomatlashtirish darajasini oshirish orqali inson omilini kamaytirish, ikkinchisi biznes protsesslarni optimallashtirish va uchinchisi xodimlar o‘rtasida keng targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish.

Anjuman doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari, jamoatchilik faollari va ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. 

Mavzuga oid