Sport | 21:21 / 05.12.2023
43474
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistonda prezident sharafiga nomlangan klub birorta ochko yo‘qotmasdan chempion bo‘ldi 

«Arkadag» klubi 20 o‘yinda 60 ochko jamg‘arib, muddatidan oldin birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Foto: tff.com.tm

Turkmanistonning «Arkadag» futbol klubi mamlakat chempionatining navbatdagi turida asosiy raqibi «Oltin asr»ni 4:0 hisobida mag‘lub etib, muddatidan avval chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Bu «Arkadag» uchun ketma-ket yigirmanchi g‘alaba bo‘ldi. Klub chempionatda ham, mamlakat kubogida ham barcha o‘yinlarda g‘alaba qozongan.

«Arkadag» turnir yakunlanishiga to‘rt tur qolganida «Oltin asr»ni 16 ochko ortda qoldirmoqda. Jamoa futbolchilari 20 ta o‘yinda 70 ta gol urgan – har bir o‘yinda o‘rtacha 3 tadan ko‘proq.

«Arkadag» futbol klubi 2023 yil bahorida tashkil etilgan va xuddi shu nomdagi yangi shaharning vakili hisoblanadi. Klub va shahar Turkmanistonning ikkinchi prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov sharafiga nomlangan. U Turkmanistonda Arkadag (Orqatog‘, homiy) unvoniga ega.

«Arkadag» futbol klubi tashkil etilganidan so‘ng, uning tarkibi mamlakatning eng kuchli futbolchilari bilan to‘ldirildi. Klub darhol Oliy Liga tarkibiga kiritildi.

Turkmaniston Oliy ligasida 9 ta klub ishtirok etadi. Chempionat bahor-kuz tizimida 3 ta davradan iborat musobaqa shaklida o‘tkaziladi. G‘olib jamoa Osiyo Chempionlar ligasi saralash bosqichiga yo‘l oladi.

Mavzuga oid