Jahon | 21:51 / 08.12.2023
8425
2 daqiqa o‘qiladi

Baydenning o‘g‘li 1,4 mln dollar soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblandi 

AQSh prezidenti Jozef Baydenning o‘g‘li Hanter Baydenga soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik ishi bo‘yicha to‘qqizta ayblov e’lon qilindi. 

Foto: AP

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Hanter Bayden 2016 yildan 2019 yilgacha kamida 1,4 million dollar miqdorida soliq to‘lamagan. 

Ayblov xulosasi Kaliforniya markaziy okrugi sudiga topshirilgan. Yangi ayblovlar uchta jinoyat va oltita qonunbuzarlikni o‘z ichiga oladi. Hanter Bayden soliq to‘lash o‘rniga «maishat va ko‘ngilxushlik qilish uchun» millionlab pul sarflagani aytilmoqda. 

Prokuraturaning ta’kidlashicha, Hanter Bayden «2018 yilda ko‘p pul ishlab topgan va behuda xarajatlarni amalga oshirgan», uning xarajatlari «daromadlari oshgani sayin ortgan». 

«2018 yilda sudlanuvchi 1,8 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. Jumladan, 722 ming dollar naqd pul yechib olgan, ayollarga qariyb 383 ming dollar sarflagan, kiyim-kechak va aksessuarlarga qariyb 151 ming dollar, har xil xaridlar va boshqa to‘lovlar uchun taxminan 78 ming dollar yo‘naltirgan. Ayblanuvchi bu mablag‘larni soliq to‘lash uchun ishlatmagan», deyiladi ayblov xulosasida. 

Hanter Bayden soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagani uchun allaqachon tergov qilinmoqda. Avvaliga u aybini tan oldi, biroq keyin bundan tondi. 

2023 yil sentabr oyida prokurorlar uni soxta hujjatlardan foydalangan holda to‘pponcha sotib olganlikda, ushbu hujjatlar haqidagi ma’lumotlarni yashirganlikda va giyohvandlikda ayblagan edi.

Mavzuga oid