Jahon | 12:35 / 08.12.2023
42935
9 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Rossiya tashabbusni qo‘lga oldi va butun front bo‘ylab hujumni kuchaytirdi

Yoz va kuzda ukrain armiyasi hujum qilgan uchastkalarda ham endi ruslar qarshi hujumga o‘tgan.

2023 yil dekabriga kelib frontdagi tashabbus to‘lig‘icha RF qurolli kuchlari qo‘liga o‘tdi. Rossiya qo‘mondonligi Ukraina qurolli kuchlarining Avdiyivkadagi mustahkamlangan hududlarini bir urinishda qurshovga olishga erisha olmagach (bu amaliyotga katta kuchlar jalb etilgandi), butun front bo‘ylab lokal zarbalar berish strategisini qo‘llamoqda, bu o‘tgan qishda sinovda o‘tgandi. Bunday hujumlar Ukraina qurolli kuchlarini faol harakatlanishga majbur qilmoqda: qo‘mondonlik oldinroq Zaporijjya oblasti va Baxmut atrofidagi hujumkor guruhlarni zaiflashtirish hisobiga Avdiyivkaga qo‘shimcha kuchlar olib o‘tishiga to‘g‘ri kelgandi, endi esa lokal inqirozlarni bartaraf etish uchun ushbu zaxiralarni turli yo‘nalishlarga qayta yo‘naltirish talab etilmoqda.

Shu bilan birga, Avdiyivka Rossiya kuchlarining asosiy hujum yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Bu shahar atrofidagi yurish sekinlik bilan bo‘lsa-da, davom ettirilmoqda. Va RF qurolli kuchlari egallab olgan har bir yuz metr ta’minoti atigi bir necha kilometr kenglikdagi yo‘lak bo‘ylab amalga oshiriladigan Avdiyivka himoyachilarining holatini og‘irlashtirmoqda.

Avdiyivka

  • Rossiya qo‘shini dekabrda Orixiv va Baxmut atrofidan olib kelinib, shahardan shimoldagi Avdiyivka — Pokrovsk temiryo‘li bo‘ylab joylashtirilgan zaxira kuchlari mudofaasini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu yo‘ldan g‘arbda, Stepove (Petrovsk) qishlog‘i hududida va Avdiyivkaning shimoliy chekkasida joylashgan koksximiya zavodida ham janglar olib borilmoqda. RF qurolli kuchlari temiryo‘lning g‘arbiy tomoniga og‘ir texnikalarini olib o‘ta olgan. Ukraina qurolli kuchlari muntazam ravishda qarshi hujum uyushtirmoqda va ikki tomon ham yo‘qotishlarga uchramoqda.
  • Rossiya qo‘shinlari Stepovedan shimolda hujum frontini kengaytirib, Berdichi va Novokalinove qishloqlariga yetib borishga harakat qilmoqda. Umumiy reja yaqqol ko‘rinib turibdi — RF qurolli kuchlari front bo‘ylab Ukraina qurolli kuchlarining Orlivka va Lastochkine qishloqlari orqali o‘tuvchi asosiy ta’minot chizig‘iga yetib bormoqchi

  • Dastlabki rejaga ko‘ra, janubdan — Donetsk aeroporti atrofidagi Vodyane va Opitne qishloqlari tomondan — yirik kuchlar Rossiya qo‘shinlarining shimoliy guruhi bilan birlashish uchun hujum qilishi va doira Lastochkineda yopilishi mo‘ljallangandi. Ammo janubdan qilingan yurishlar oktyabr oyidayoq Tonenke va Severne qishloqlari yaqinida to‘xtatildi. RF qurolli kuchlarining ushbu qishloqlarga kirish uchun ko‘p sonli urinishlari muvaffaqiyatsiz chiqdi.
  • Rossiya qo‘mondonligi Avdiyivka garnizonini qurshab olish illyuziyasiga berilmagan: katta ehtimol bilan, gap faqat ularni qurshov xavfi ostida va ta’minot yomonlashishi sharoitida chekinishga majbur qilish haqida ketgan (xuddi bahorda Baxmutda bo‘lgani kabi). «Siqib chiqarish»ga  Avdiyivkaga to‘g‘ridan to‘g‘ri janubi-sharqdan hujum qilgan guruh mas’ul bo‘lgan. Noyabr oyi oxiri va dekabr oyi boshida bu guruh Avdiyivkadan janubdagi sanoat zonasini deyarli to‘liq egallab olishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo dekabrda bu yurish sekinlashib qoldi. Ukraina qurolli kuchlari vaziyatni barqarorlashtira oldi; ukrain qo‘shini hamon sanoat zonasi atrofidagi — suv tozalash stansiyalari, dala hovlilar va «Tsarskaya oxota» dam olish bazasidagi pozitsiyalarni egallab turibdi. Bu obektlarning barchasi Rossiya armiyasining 2022 yil fevralida boshlangan bosqinidan oldinroq mustahkam istehkomlarga aylantirilgandi.

Baxmut

  • May oyidan buyon Baxmut atrofida mudofaalangan Rossiya qo‘shini qish boshlanishiga Ukraina qurolli kuchlari guruhi kuchsizlanganidan foydalanib (bu yo‘nalishdagi bo‘linmalarning bir qismi Avdiyivka mudofaasiga o‘tkazilgan), shahardan shimol va janubda yurish boshladi.
  • RF QK shimoliy qanotda yutuqlarga erishdi — ular Baxmut chekkasidagi Xromoveni egalladi (bahorda Vagner XHK yollanma jangchilari Baxmutni qurshovga olishga uringanida bu hududni egallashni uddalay olmagandi), shuningdek shahar chekkasidagi Bogdanovka sharqiga yetib kelishdi. Agar RF QK Bogdanovka atrofidagi va Xromovedan g‘arbdagi tepaliklarni egallay olsa, bu Ukraina qurolli kuchlari uchun mazkur hududda inqirozli holatni yuzaga keltiradi. Voqealarning bunday rivojida ukrain qo‘shini Chasiv Yar shahri atrofidagi tepaliklarga chekinishiga va Baxmut shahrini ozod etish umidlaridan voz kechishiga to‘g‘ri keladi.
  • Shahardan janubda Rossiya qo‘shini kuzda tashlab chiqilgan Kleshchiyevka va Andriyivkaga hujum qilmoqda. Hozircha Ukraina QK hujumlarni to‘xtatmoqda, ammo ular hozir Baxmutning janubiy chekkalariga va Baxmut — Horlivka yo‘liga chiqish haqida o‘ylay olmaydi.
  • Janubroqda Ukraina QK noyabr oyi oxirida Horlivka chekkasida egallangan hudud — Gagarin nomidagi kon terrikonini ushlab turishga harakat qilmoqda. Rossiya qo‘shini sinovdan o‘tgan taktikani qo‘llamoqda — terrikondagi pozitsiyalarni artilleriya va aviatsiyadan o‘qqa tutish orqali raqibni ketishga majbur qilmoqchi.

Kreminna va Kupyansk

  • Xabar qilishlaricha (shu jumladan, ukrain manbalarida), Rossiya qo‘shini Serebryanskiy o‘rmon xo‘jaligi (xalq tilidagi nomi — Kreminna o‘rmoni) shimolida muvaffaqiyatli lokal hujumlar amalga oshirgan. Ular Torske qishlog‘i hududidagi bo‘rtiqni kengaytirishga muvaffaq bo‘lgan, Rossiya qo‘mondonligi anchadan buyon bu yerdan ukrain guruhining Jyerebets daryosi orqali amalga oshirilgan ta’minotini to‘xtatib qo‘yish uchun foydalanishga harakat qilib keladi. Agar bu yurishda muvaffaqiyatga erishilsa (ehtimoli kam) va RF QK Torskeni egallasa, ukrain qo‘shini Kreminna o‘rmonini tark etishga majbur bo‘ladi.
  • Shu bilan bir vaqtda, RF QK yana Kupyanskka yurishni faollashtirdi. Agar noyabr oyida ular Oskol daryosi bo‘yidagi mazkur muhim shaharga sharqdan kirib kelishga uringan bo‘lsa, endi hujumlar yana (yozda bo‘lgani kabi) shimoldan uyushtirilmoqda. Ular Kupyanskning shimoliy chekkalarini to‘sib turuvchi Sinkivka qishlog‘i chekkasiga yetib kelgan. Yozda Sinkivkaga qilingan barcha hujumlar qaytarilgandi, ammo endi bu yo‘nalishdagi va umuman butun frontdagi vaziyat Ukraina QK uchun ancha yomonlashgan.

Ukraina janubi

  • RF QK endilikda Dnipro bo‘ylaridan Donetsk oblasti bilan chegaraga qadar cho‘zilgan kuchli mustahkamlangan hududlarda mudofaani ushlab turish bilan chekinmasdan, ukrainlarning yoz va kuzdagi qarshi hujumlari natijasida boy berilgan pozitsiyalarini qaytarib olishga harakat qilmoqda.
  • Rossiya qo‘shinlari Ukraina QK dengiz piyoda kuchlari Velika Novosilka hududidan (Donetsk va Zaporijjya oblastlari chegarasida) Xersonga olib o‘tilishidan foydalangan holda Staromayorskega yurish boshladi — bu qishloq iyul oyida tashlab chiqilgandi.

  • Orixiv frontida ham Rossiya hujumlari boshlangan: RF QK ukrain qo‘shinini Rabotine, Novoprokopivka va Verbovedan, shuningdek Nesteryanki hududidan siqib chiqarishga harakat qilmoqda. Ukrainlarning zaiflashgan guruhi (bu yerdagi bo‘linmalarning ham bir qismi noyabrda Avdiyivka atrofiga olib ketilgandi) hozircha bu hujumlarni to‘xtatib turibdi. Rossiya qo‘mondonligi Orixiv atrofidagi kuchlarini oshirishga va shaharning o‘ziga hujum qilishga urinmoqda.
  • Ukraina QKning Dnipro daryosi (va Konka daryosi) chap sohilidagi Krinki qishlog‘i hududidagi platsdarmida vaziyat turg‘un holatda: Rossiya qo‘shini katta zaxira kuchlar jalb etmasdan platsdarmni yo‘q qila olmaydi, — Ukraina qurolli kuchlari esa uni kuchaytira olmaydi. Oldinroq Velika Novosilka hududidan olib o‘tilgan ukrain dengiz piyodalari platsdarmdagi pozitsiyalarni (jumladan Krinkining o‘zidagi vayron bo‘lgan uylarda) ushlab turishda davom etmoqda. Ular daryoniing o‘ng sohilidagi Ukraina qurolli kuchlari artilleriyasi tomondan qo‘llab-quvvatlab turilibdi. Dengiz piyodalari o‘z artilleriyasi qamrab oladigan radiusdan uzoqroqqa yura olmaydi. Ular Rossiya artilleriyasi va RF aviatsiyasi zarbalaridan yo‘qotishlarga uchrashda davom etmoqda.

Mavzuga oid