O‘zbekiston | 07:45 / 10.12.2023
7175
11 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda IUCN vakolatxonasini ochish jarayoni boshlandi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi doirasida qator uchrashuvlarda ishtirok etdi.

Dubayda bo‘lib o‘tayotgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 28-konferensiyasi (COP28) doirasida O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) Bosh direktori doktor Gretel Aguilar bilan uchrashdi.

Uchrashuv «O‘zbekiston» pavilyonida bo‘lib o‘tdi. Vazir doktor G. Agilarni bosh direktor lavozimiga tayinlangani bilan tabrikladi va IUCN bilan yaqin va amaliy hamkorlikni davom ettirishga, shuningdek, O‘zbekistonda qo‘shma ekologik loyihalarni amalga oshirishga umid bildirdi.

Uchrashuvda bugungi kunda umumiy qiymati 22 mln dollardan ortiq bo‘lgan qo‘shma grant loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikda ish boshlangani, shundan 2 tasi milliy va bittasi hududiy loyiha ekani ta’kidlandi. Loyihalar atrof-muhitni muhofaza qilish, yerlarni tiklash, O‘zbekistonning qimmatli landshaftlari ekotizimlarini yaxshilash va iqlim o‘zgarishi sharoitida barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, insoniy va institutsional salohiyatni rivojlantirishga qaratilgan.

«Biz O‘zbekiston hukumatiga Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi bilan hamkorlik uchun minnatdorlik bildiramiz. O‘zbekiston boy bioxilma-xillik va madaniy merosga ega bo‘lgani sababli dunyoning juda muhim qismidir. Shunday ekan, bunday davlat bilan hamkorlik qilish biz uchun katta sharaf, - dedi doktor Gretel Agilar. - Shuningdek, yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiyada (CMS COP14) ishtirok etishni intiqlik bilan kutamiz. IUCN butun dunyo bo‘ylab hayvonlarni himoya qilish, xususan, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlarning Qizil ro‘yxati va muhofaza qilinadigan hududlarni saqlash borasida juda ko‘p ishlarni amalga oshiradi. Eng muhimi, biz IUCN’ning O‘zbekistondagi Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi ochilish kunini bu quvonchli lahzalarni o‘zbek xalqi bilan baham ko‘rish uchun intiqlik bilan kutmoqdamiz. Shu bois, ushbu tadbir biz uchun juda muhim va O‘zbekiston hukumatiga bizni qo‘llab-quvvatlab, nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hamkorga aylangani uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz».

Bundan tashqari, uchrashuvda tabiatni muhofaza qilish va boshqarish rejalarini ishlab chiqishda hamkorlik qilish, IUCN metodologiyasiga muvofiq yangilangan O‘zbekistonning yangi Qizil kitobini nashr etish, tashkilot mutaxassislari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Bonndagi Atrof-muhit huquqi markazi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda boshqaruvni takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik masalalariga e’tibor qaratildi.

Qolaversa, Markaziy Osiyoda birinchi IUCN vakolatxonasini ochish masalasi ham muhokama qilindi.

«Bu o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlaydi. Kelajakda bu idora MDH mamlakatlari uchun Markaziy Osiyoda markaz bo‘lib xizmat qilishi mumkin, chunki vakolatxona Markaziy Osiyo davlatlari, hamkorlar va ekspertlar hamjamiyatlari bilan yaqinroq aloqa o‘rnatish imkonini beradi», deya qo‘shimcha qildi vazir.

IUCN’ning Toshkentdagi vakolatxonasining ochilish marosimi kelgusi yilning fevral oyida bo‘lib o‘tadigan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha konvensiya (CMS COP14) ishtirokchilari tomonlar konferensiyasining 14-yig‘ilishi doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. COP14 davomida IUCN pavilyoni, qo‘shma tadbirlar va ko‘rgazmalar ham tashkil etiladi.

IUCN kelgusi yilda muhim ekologik konferensiyalar, jumladan, Abu Dabida 2024 yil 9-15 oktyabr kunlari Butunjahon tabiatni muhofaza qilish kongressi (WWC), Bryuggeda (Belgiya) esa 2024 yil 30 sentabrdan 10 oktyabrgacha Yevropa, Shimoliy va Markaziy Osiyo uchun tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha mintaqaviy forum  bo‘lib o‘tishi ta’kidladi.

O‘zbekistonda Central Asian Green University qoshida etno-ekologik tadqiqotlar markazi tashkil etiladi

BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 28-konferensiyasi (COP28) doirasida 5 dekabr kuni Dubaydagi (BAA) «O‘zbekiston» pavilyonida «Etnoekologiya: iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda an’anaviy amaliyotlar va mahalliy bilimlardan foydalanish» panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda BMTning O‘rmonlar va ko‘kalamzorlashtirish forumi (UNFF) kotibiyati direktori Juliyet Biao Kudenukpo, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti (Central Asian Green University), diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirning maqsadi madaniyat, atrof-muhit va ekologiya bo‘yicha fanlararo tadqiqotlarni rivojlantirish, mahalliy hamjamiyatlarni va ularning an’anaviy bilim tizimlarini jalb qiladigan tadqiqotning afzalliklari va xavflarini muhokama qilish, Central Asian Green University qoshida Etno-ekologik tadqiqotlar markazini tashkil etish bo‘yicha xalqaro tajriba va tavsiyalar to‘plashdir.

Tadbir davomida barqaror rivojlanish, mahalliy sharoitga moslashish va inklyuziv ekologik amaliyot uchun etnoekologik yondashuvlarning ahamiyati muhokama qilindi. Iqlim o‘zgarishlarini yumshatish va moslashishda etnoekologiyaning roli ta’kidlandi. An’anaviy ekin navlari va yetishtirish usullari, oziq-ovqat xavfsizligi, mahalliy sharoitga moslashgan arxitektura va yaylovlarni boshqarish kabi mavzularga ham e’tibor qaratildi.

Qayd etish joizki, Markaziy Osiyoning tog‘lardan cho‘lgacha bo‘lgan xilma-xil landshaftlari insoniyat an’analari bilan qadimiy tarixiy aloqaga ega bo‘lgan va tirikchilik, tibbiyot va madaniy bezak kabi turli maqsadlarga xizmat qiluvchi o‘simlik va hayvonot dunyosining boy rang-barangligini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Biroq, O‘zbekistonning biologik xilma-xilligi yashash joylarining yo‘qolishi, iqlim o‘zgarishi, ifloslanish hamda urbanizatsiya va globallashuvning salbiy oqibatlari kabi ko‘plab tahdidlarga duch kelmoqda. To‘g‘ridan to‘g‘ri sabablar noaniq bo‘lsa-da, biologik va madaniy xilma-xillik o‘zaro bog‘liq bo‘lib, birida pasayish, ikkinchisida qisqarish bilan bog‘liq. Biologik va madaniy xilma-xillik o‘rtasidagi murakkab munosabatlar mahalliy hamjamiyatlarni, an’anaviy bilimlarni va fanlararo tadqiqotlarni birlashtirgan tabiatni muhofaza qilishga yaxlit yondashuvni talab qiladi.

Ahamiyatiga qaramay, mahalliy ekologik bilimlar va an’anaviy ekologik bilimlar tabiatni muhofaza qilish yoki barqaror rivojlanish nazariyasida ko‘pincha e’tiborga olinmaydi, bu birinchi navbatda an’anaviy bilimlarning yetarli darajada baholanmagani va ekologlar hamda antropologlar o‘rtasidagi hamkorlik cheklangani bilan bog‘liq. Antropologiya, tilshunoslik, biologiya va siyosat chorrahasida birlashgan etnoekologiya bu bo‘shliqlarni bartaraf qiladi va ekotizim yaxlitligini saqlashda odamlar va yoqilg‘i-energetika komplekslarining dinamik rollariga qaratilgan fanlararo tadqiqotlarni osonlashtiradi.

Tadbir davomida atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniy merosni kengaytirish va barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish kutilayotgan fanlararo tadqiqotlar va Markaziy Osiyodagi mahalliy hamjamiyatlar bilan teng huquqli hamkorlikni yo‘lga qo‘yadigan bo‘lajak «O‘zbekiston etno-ekologik tadqiqotlar markazi» taqdimoti o‘tkazildi.

Shuningdek, soha mutaxassislari mahalliy amaliyot bo‘yicha an’anaviy bilimlar hamda olingan ko‘nikmalardan samarali foydalanish bo‘yicha ilg‘or tajribalar almashdi.

COP28: Milliy moslashuv rejalarini amalga oshirishga qaratilgan yuqori darajadagi uchrashuv tashkil etildi

COP28 — BMT iqlim konferensiyasi doirasida Milliy moslashuv rejalarini (MMR) amalga oshirishga bag‘ishlangan yuqori darajada tadbir o‘tkazildi. 

Unda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konvensiyasi  (UNFCCC) Ijrochi direktori Saymon Still, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BMT Bosh kotib o‘rinbosari, eng kam rivojlangan mamlakatlar, dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar va rivojlanayotgan kichik orol davlatlari bo‘yicha boshqarmasi oliy vakili Rabab Fatima xonim, Chad Atrof-muhit, baliqchilik va barqaror rivojlanish vaziri Muhammad Abdulkarim Xanno, Zambiya Yashil iqtisodiyot va atrof-muhit vaziri Kollinz Nzovu va boshqalar ishtirok etdi. 

Tadbirda nutq so‘zlagan A. Abduhakimov O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha samarali moslashuv bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish tarafdori ekanini bildirdi. Shuningdek, konvensiya kotibiyati bilan MMR’ni ishlab chiqishda resurslarni jalb qilish va texnik yordam ko‘rsatish istiqbollari muhokama qilindi.

Asosiy maqsad mamlakatlar, jumladan, kam rivojlangan davlatlar, rivojlanayotgan kichik orol davlatlari va boshqa zaif mamlakatlarga iqlim o‘zgarishiga moslashishga yordam beradigan g‘oyalar va strategiyalarni aniqlashga qaratildi. Shuningdek, iqlim barqarorligiga erishish uchun transformatsiya va uni amalga oshirishni jadallashtirishning asosiy jihatlariga to‘xtalib o‘tildi. 

UNFCCC ijrochi kotibi Saymon Still iqlim barqarorligiga erishish uchun MMR muhim ekanligini ta’kidladi. Boshqa davlatlar vazirliklari rahbarlari ham asosiy moslashuv masalalari bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini bildirdilar. Muhokamalarda asosiy e’tibor mablag‘lardan uzoq muddat foydalanish imkoniyatlariga qaratildi.

Rabab Fotima xonim o‘z nutqida 2024 yil iyun oyida Ruandaning Kigali shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan BMTning uchinchi konferensiyasida Milliy moslashuv rejalari va mintaqaviy hamkorlik kabi tashabbuslarni ilgari surish lozimligini qayd etdi. Zambiya Yashil iqtisodiyot va atrof-muhit vaziri Kollinz Nzovu esa MMR’ni rivojlanish strategiyalariga integratsiyalash uchun salohiyatni oshirish lozimligini ta’kidlab, taklif etilayotgan mexanizmlar va xavflarni baholashni soddalashtirishni taklif qildi. 

Tadbir yakunida BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan 30 ta davlatda Milliy moslashuv rejalarini ishlab chiqish qo‘llab-quvvatlanishi borasida kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid