“Ryazan mo‘jizasi” nega barbod bo‘lgandi? - sovetlarga dars bo‘lmagan reja belgilash va uning ayanchli yakuni
SSSRdagi reja belgilash va ularni bajarish uchun qilingan zo‘rma-zo‘raki ishlar haqida ko‘p marta yozilgan. 1950-yillar oxirida Ryazan viloyatida ro‘y bergan voqealarning debochasi ham aynan reja topshiriqlariga borib taqaladi. O‘shanda viloyatdagi barcha ishlar va qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan odamlarning hayoti izdan chiqadi. Oxir-oqibat viloyat rahbari joniga qasd qiladi. Biroq reja belgilash shundan keyin ham davom etaveradi.
SSSR tarixida “Ryazan mo‘jizasi” deb nomlanadigan mash’um bir ish bor. Bu ish 1950-yillar oxirida, mamlakatni Xrushchyov boshqargan kezlarda sodir bo‘lgan.
Yig‘ilishlarning birida Xrushchyov mamlakatdagi oziq-ovqat taqchilligi haqida gapirib, go‘sht yetishtirishni uch yilda uch barobarga oshirish kerakligini aytadi.
Shunda Ryazan viloyati obkomi “tashabbus” ko‘rsatadi va o‘zi boshqarayotgan viloyatda go‘sht yetishtirish rejasini uch yilda emas, bir yilda uch barobarga oshirishini aytadi.
O‘shanda Ryazan obkomi ikkita Lenin ordeni, “Sotsialistik mehnat qahramoni” unvoni va “Mehnatdagi natijalari uchun” medaliga sazovor bo‘ladi.
Biroq zo‘rma-zo‘raki tarzdagi reja bajarilgani uchun viloyatda barcha soha izdan chiqadi. Oxir-oqibat bu Moskvadagilarga oshkor bo‘lgach, obkom o‘z joniga qasd qiladi.
Bu tarixni ko‘pchilik ham bilavermaydi. Chunki SSSRda bunday ishlar har doim ommadan yashirilgan. Sovetlar targ‘ibotiga ko‘ra, SSSRda hammasi zo‘r, mamlakat gullab-yashnagan.
Boshqa ko‘plab hodisalar qatori Ryazan obkomi bilan sodir bo‘lgan ish tafsilotlari SSSR parchalanib ketgach oshkor bo‘ladi va omma o‘shanda nima bo‘lganidan xabar topadi.
“Amerikani quvib o‘tamiz!”
Hammasi Nikita Xrushchyovning balanparvoz gaplaridan boshlangan. 1958 yilda mamlakat rahbari butunittifoq qishloq xo‘jaligi xodimlarining yig‘ilishida otashin nutq so‘zlaydi.
Gap orasida u qo‘llarini musht qilgan holda tepaga silkitib, “Nima bo‘libdi bizga Amerika? Tez orada uni quvib o‘tamiz”, deb gapirib qoladi. Xrushchyov hatto 1980 yilda SSSRda kommunizm qurilishini ham aytadi.
O‘sha paytda SSSR quruqlik jihatdan dunyodagi eng yirik davlat bo‘lib, aholi soni bo‘yicha AQShdan oldinda tursa ham, Amerikani quvib o‘ta olmasligi hammaga kunday ravshan edi.
Biroq yetishmovchiliklardan ozor chekib yurgan xalqni nimadir deb ovutish, qolaversa mahalliy rahbarlarga motivatsiya berish lozim edi va bunday ishlarga Xrushchyovning suyagi yo‘q edi.
Aytgancha, Amerikani quvib o‘tish haqidagi gapni birinchi bo‘lib Xrushchyov aytmagan. Ungacha Lenin va Stalin ham aytgan. Xrushchyovdan keyingi rahbarlar ham takrorlab turishgan.
O‘sha yig‘ilishda SSSR rahbari mamlakatda oziq-ovqat, jumladan go‘sht va sut taqchilligi haqida gapiradi va keyingi uch yilda, ya’ni 1960 yilgacha go‘sht yetishtirishni uch barobarga ko‘paytirish lozimligini ta’kidlaydi.
Xrushchyov gapini tugatgandan so‘ng darhol Ryazan viloyati (oblasti) partiya qo‘mitasining birinchi kotibi (amalda viloyat rahbari) Aleksey Larionov so‘zga chiqadi. U mamlakat rahbarining go‘sht yetishtirishni ko‘paytirish haqidagi gaplarini qo‘llab-quvvatlab, nutq so‘zlaydi.
Larionov so‘zining oxirida o‘zi boshchilik qilayotgan Ryazan viloyatida go‘sht yetishtirishni uch yilda emas, bir yilda uch baravar ko‘paytirishni (!) va’da beradi.
Amalda go‘sht yetishtirishni uch yilda uch barobar oshirishning iloji yo‘qligini hamma tushunib turgan joyda, Larionovning va’dasi quruq gapdan boshqa narsa emasdi.
Zalda o‘tirgan ko‘plab vakillar ham Ryazan viloyati obkomi aravani quruq olib qochayotganini fahmlab turardi. Shunday bo‘lsa ham, butun zal oyoqqa turib, Larionov sha’niga qarsakbozlik qiladi.
Oxir-oqibat Larionov boshlagan “Ryazan tajribasi” o‘zini oqlamaydi va u to‘satdan vafot etadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Ryazan obkomi yurak xurujidan o‘lgan. Biroq hodisadan xabardorlar u o‘zini otganini aytishgan.
Va’daboz Larionov
Aleksey Larionov 1907 yilda tug‘ilgan bo‘lib, u ilk jiddiy rahbarlik lavozimiga 1938 yilda, Leningraddagi rahbar kadrlar yetishtiruvchi institutni bitirgandan so‘ng tayinlangan.
O‘shanda uni Yaroslavl viloyatiga yuborishadi. Larionov avvaliga Yaroslavl shahrini, so‘ng 1946 yilgacha Yaroslavl viloyatini boshqaradi. O‘sha yili uni Moskvaga chaqirib olishadi va ikki yil markaziy qo‘mitaning kadrlar bo‘limida ishlaydi.
1948 yilda Larionov Ryazan viloyati partiya qo‘mitasining birinchi kotibi etib tayinlanadi va 1960 yildagi vafotigacha shu viloyatni boshqaradi.
Xrushchyovning go‘sht rejasini uch yilda uch barobar oshirish haqidagi gapini qo‘llab nutq so‘zlaganda Larionov Ryazanda qariyb 10 yil ishlab qo‘ygan va ikkita Lenin ordeni olishga ulgurgan edi.
Larionovni yaqindan taniydiganlar o‘shanda uning niyati Ryazanda “natija ko‘rsatib” Xrushchyovning ishonchini qozonish va shu yo‘l bilan Moskvaga ishga qaytish bo‘lganini aytishgan.
Yig‘ilishda Xrushchyovni qo‘llagani uchun uni Moskvadagilar munosib taqdirlashadi. 1957 yil fevralida ikkinchi Lenin ordenini olgan Larionovga o‘sha yili avgust oyida uchinchi Lenin ordenini topshirishadi.
U sovet davlati tarixida bir yilda ikkita Lenin ordeni olgan yagona shaxs bo‘lsa ham ajabmas.
“Ryazan mo‘jizasi”
Mamlakat rahbari oldida katta va’dalarni bergan Larionov haqida markaziy gazetalar bir nechta maqola e’lon qiladi va uni maqtab chiqishadi. “Ryazan tajribasi” degan iborani birinchi marta o‘sha gazetalar qo‘llagan edi.
Xrushchyov yig‘ilishda gapirganidan ko‘p o‘tmay, 1958 yil o‘rtalarida ittifoqdosh respublikalar va Rossiyaning turli viloyatlari rahbarlariga uning nomidan xat jo‘natiladi. Xatda 1959 yil oxirigacha go‘sht yetishtirishni sezilarli oshirish topshirig‘i qo‘yilgan edi.
Larionov Ryazanga qaytgach viloyatdagi vaziyat bilan tanishib chiqadi, biroq bir yil ichida go‘sht yetishtirishni bir barobarga oshirishning ham iloji yo‘qligi ma’lum bo‘ladi.
O‘sha paytda viloyat har yili 50 ming tonna go‘sht yetishtirar, endi shuni 150 ming tonnaga yetkazishi kerak edi. Obkom vaziyatdan chiqish uchun chora qidira boshlaydi. Axir kimsan, shaxsan mamlakat rahbariga va’da berilgan.
1959 yilda Larionov ishga kirishadi. Avvaliga fermalarda saqlanayotgan barcha bo‘rdoqi ho‘kizlarni so‘ydiradi. So‘ng zotdor va sut beruvchi sigirlar, hatto yosh buzoqlargacha so‘yilib, go‘shtga topshiriladi. Lekin ular 150 ming tonnalik reja uchun urvoq ham bo‘lmaydi.
Oxirida aholi qo‘lidagi chorva mollariga chang solinadi. Avval obkomning “Hukumatning go‘sht yetishtirishni ko‘paytirish haqidagi qaroriga asoslanib aholidan oshiqcha chorva mollarini xarid qilish haqida”gi qarori chiqariladi. So‘ng odamlarning qo‘liga kvitansiya berib, chorva mollari olib ketiladi. Aholiga qo‘llaridagi kvitansiyani keyinroq naqd pulga almashtirib berishlarini aytishadi.
O‘shanda mollarini sotishga rozi bo‘lmaganlarga “Vatan oldidagi burch” haqida va’z aytib, sigirlar va buzoqlar tortib olinadi. Biroq reja bajarilmaydi.
Shunda Larionov viloyatdagi barcha mablag‘larni qo‘shni viloyatlardan chorva mollarini sotib olishga jalb qilish haqida buyruq beradi. Hatto maktab, bog‘cha va kasalxonalarni ta’mirlash hamda yangilarini qurish uchun ajratilgan mablag‘lar ham shu ishga jalb qilinadi.
Oqibatda bir yil davomida Ryazan viloyatida bironta ijtimoiy obekt qurilmaydi, eskilari ta’mirlanmaydi. Boshlab qo‘yilgan qurilishlar chala holda qolib ketadi.
Oxirida Larionov bir qator qo‘shni viloyat rahbarlari bilan bog‘lanadi va ulardan o‘ziga go‘sht sotishlarini so‘raydi. Ayrimlari rozi bo‘ladi, boshqalari rad etadi.
1959 yil 12 dekabr kuni Larionov Moskvaga viloyat va’dani bajarganini, 1958 yildagiga nisbatan uch barobar ko‘p, jami 150 ming tonna go‘sht topshirganini ma’lum qiladi.
Shunda Moskvadagilar unga Ryazan viloyati go‘sht yetishtirishni yanada oshirsa va 1960 yilda 180 ming tonnaga yetkazsa “nur ustiga a’lo nur” bo‘lishini aytadi. Katta rahbarlarning yumshoq ohangdagi bunday buyruqlariga Larionovning xo‘p deyishdan o‘zga chorasi yo‘q edi.
Oradan qariyb ikki hafta o‘tgach, 1959 yil 25 dekabr kuni Moskva Larionovga birdaniga ikkita mukofot beradi. Biri “Sotsialistik mehnat qahramoni” unvoni, ikkinchisi Lenin ordeni edi. Bu uning to‘rtinchi Lenin ordenini olishi edi.
“Sharning yorilishi”
1960 yil Larionov uchun juda og‘ir keladi. Viloyatda 180 tonna go‘sht yetishtirish uchun hech narsa, na chorva, na pul qolmagan edi. Bir yil avval davlatga topshirilgan go‘shtning puli odamlardan sotib olingan chorva mollari uchun to‘langan, kassalar bo‘m-bo‘sh edi.
Larionov kuzgacha sir boy bermaydi. O‘zini jon kuydirib ishlayotganday qilib ko‘rsatib yuraveradi. 1960 yil 11 iyul kuni unga “Mehnat jasorati uchun” medali ham topshiriladi.
Larionov 1960 yil uchun viloyatga ajratilgan pullarni sarflab, sentabrgacha bir amallab davlatga 30 ming tonna go‘sht topshiradi. Uyog‘iga “kuchi” yetmaydi.
O‘sha paytda viloyatdagi vaziyat juda yomonlashadi. 1959 yildagi go‘sht rejasi tufayli jabrlanganlar ko‘p edi. Ular 1960 yil bahor va yozda tuzuk-quruq ishlashni xohlashmaydi.
Oqibatda viloyatda go‘sht tayyorlashdan tashqari g‘alla va boshqa ekinlarni yetishtirish ham keskin kamayadi. Sentyabr oyiga borib, “g‘alvir suvdan ko‘tarila boshlaganda” Ryazan viloyatidagi holatni yashirishning iloji bo‘lmay qoladi. Larionov qattiq jazolanishi aniq edi.
Unga rahm qilishsa, uzoq muddatga qamalardi. Keskinroq jazo berishsa, otuvga hukm qilinishi ham mumkin edi.
Ryazandagi salbiy holat Moskvadagilarning ham qulog‘iga yetadi. Viloyatdagi vaziyatni taftish qilishga tadorik boshlanadi. Ana shunday kunlardan biri Larionov to‘satdan vafot etadi. O‘shanda u 53 yoshda edi.
Mahalliy gazetada uning yurak xuruji tufayli vafot etgani yozilgan bo‘lsa-da, hodisa tafsilotlaridan xabardor kishilar u o‘zini o‘qotar qurol bilan otganini aytishgan.
Larionov joniga qasd qilgandan so‘ng Ryazandagi ishlar tekshirib ko‘riladi va zo‘rma-zo‘raki reja bajarishning salbiy holati oshkor bo‘ladi. Unga berilgan “Sotsialistik mehnat qahramoni” unvoni bekor qilinadi.
Moskva Ryazandagi salbiy ishlar uchun boshqa bir “aybdor”ni topadi. KPSS markaziy qo‘mitasining Rossiya bo‘yicha byurosi raisining o‘rinbosari Averkiy Aristov o‘z lavozimidan ozod qilinadi va Polshaga elchi qilib yuboriladi.
“Ryazan mo‘jizasi” 1960-yillar boshlaridan hokimiyat uchun zimdan harakat boshlagan Brejnevga qo‘l keladi. U 1964 yilda Xrushchyovdan hokimiyatni tortib olganda sobiq rahbarni aynan Ryazan viloyatida sodir bo‘lgan ishlar uchun ham ayblagan edi.
SSSRdagi “reja” topshirig‘ining salbiy oqibatlari
Garchi Brejnev Xrushchyovni ag‘darib “taxt”ga o‘tirgan paytda sobiq rahbarni uddalab bo‘lmas rejalar tufayli ham ayblagan bo‘lsa-da, keyinchalik uning o‘zi ham shu yo‘ldan ketdi.
Tuzum Xrushchyov davrida qanday bo‘lsa, Brejnev davrida ham o‘zgarmaydi va yildan yil sanoat korxonalari hamda qishloq xo‘jaligiga mahsulot tayyorlash rejasi oshirib boriladi.
Oqibatda turli korxonalar, kolxoz va sovxozlar o‘zlariga berilgan topshiriqlarni bajara olmay, Moskvadan belgilangan rejalarni qo‘shib yozish bilan to‘ldirishga o‘tadi. Bunday ish SSSR parchalanib ketguncha davom etadi.
Larionov bilan Ryazanda bo‘lib o‘tgan ish O‘zbekistonda Sharof Rashidov bilan ham sodir bo‘lgan. Brejnev hokimiyat tepasiga kelgan paytdan boshlab har yili Rashidovdan O‘zbekistonda paxta yetishtirishni oshirishni talab qilib boravergan.
Kimsan, dunyoning yarmini zir titratib turgan davlat rahbariga yo‘q deyishning mutlaqo iloji yo‘q edi. Oqibati hammaga ma’lum, Sharof Rashidov yurak xurujidan vafot etadi. O‘zbekistonliklar esa Moskvaga minglab jon, nohaq to‘kilgan qon va respublikadan tashib ketilgan boyliklar bilan tovon to‘lashadi.
O‘shanda Moskvadagilar butun ittifoq bo‘ylab qo‘shib yozish avj olgan holda, “Paxta ishi” bahonasida faqat o‘zbekistonliklarni jazolashadi. Bu nohaqlik edi.
Golivanov ishida ham, Rashidov bilan bog‘liq vaziyatda ham Kremldagilar belgilanayotgan rejani bajarib bo‘lmasligini juda yaxshi bilishardi.
Biroq nohaqlik ustiga qurilgan tuzum aksariyat hollarda ijrochilarga amallab bo‘lmaydigan ishni topshirar, oxirida mahalliy rahbarlarni rejalarni bajarmaslikda yoki qo‘shib yozishda ayblab jazolardi.
To‘g‘ri, Larionov va Rashidov jazolanishmagan. Biroq ularning har ikkalasi ham vafot etmaganda, katta ehtimol bilan jazolanardi. Chunki xalqimizning boshidan o‘tdi, Rashidovdan keyin hech kimga shafqat qilinmadi.
Gdlyan va Ivanovning manfur to‘dasi (ularni boshqacha nom bilan atab bo‘lmaydi) 1988 yilda ko‘plab mahalliy rahbarlar bilan birga, hatto O‘zbekiston rahbari Inomjon Usmonxo‘jayevni ham hibsga oladi va u 12 yilga qamaladi. (U 1990 yilda ozod qilingan)
Reja topshirig‘i va Larionov hodisasi adabiyotda
Larionov bilan sodir bo‘lgan hodisa adabiyotga ham ko‘chgan. Jumladan, Aleksandr Soljyenitsin hikoyalaridan birida viloyatlardan birining obkomi bo‘lgan Knorozov obrazida, yozuvchi Vsevolod Kochetov “Obkom sekretari” romanida, N.Shundik va B.Mojayev o‘z asarlarida Larionov bilan sodir bo‘lgan voqeani boshqacha tarzda yozib chiqishgan.
Shuningdek, go‘sht yetishtirish rejasining salbiy oqibatlari haqida Chingiz Aytmatovning “Qiyomat” romanida ham yozilgan. Qozog‘istondagi viloyatlardan biri go‘sht yetishtirish rejasini bajara olmaydi va uni cho‘ldagi sayg‘oqlar hisobidan to‘ldirishga qaror qiladi.
Romanning asosiy qahramonlaridan biri Avdiy Kallistarov tasodifan sayg‘oq ovlash uchun yollangan jamoaga qo‘shilib qoladi. Birinchi kun o‘tkazilgan qirg‘inbarotdan so‘ng u jamoadan bu ishni to‘xtatishni va tavba qilishni so‘raydi. Shundan so‘ng yigit mast bo‘lib qolgan sayg‘oq ovchilari tomonidan o‘ldiriladi.
Chingiz Aytmatov asar qahramonining o‘limini aynan sayg‘oq ovi bilan bog‘lab, sovet tuzumining reja topshirig‘i qo‘yish va uni har yil oshirib borish siyosatini tanqid qilgandi.
Bundan tashqari, adib “Qiyomat” romanida qirg‘izistonlik cho‘pon Bo‘ston O‘rkunchiyev tilidan SSSRda rejalarning har yil oshirib borilishi va cho‘ponlarga bajarib bo‘lmaydigan topshiriqlarning qo‘yilishini ham tanqid qilgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:55 / 23.12.2024
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
14:59 / 15.12.2024
KGBni dog‘da qoldirgan ayol – Stalinning qizi nega AQShga qochib ketgandi?
14:37 / 08.12.2024
KGB boshlig‘idan davlat rahbariga aylangan shaxs – qattiqqo‘l Andropov suiqasd qurboni bo‘lganmi?
12:13 / 07.12.2024