O‘zbekiston | 08:42 / 15.12.2023
20719
3 daqiqa o‘qiladi

Alisher Qodirov to‘g‘ri gapirdi, ammo uning so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilinmoqda - iqtisodchi

«Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirovning avtomashinalardan foydalanish qimmat bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi chiqishini juda ko‘pchilik asl mazmunini anglamasdan, noto‘g‘ri talqin qilmoqda, deydi AQShda ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik iqtisodchi Botir Qobilov.

Foto: Botir Qobilovning shaxsiy arxividan

«Deputat avtomashinalar narxini oshirish kerak, degani yo‘q. Aksincha, mashinalarni narxini tushirib, hattoki bojlarni bekor qilishni, biroq shaharlarda uni ekspluatatsiya qilishni murakkablashtirish haqida gapirdi», deb yozadi iqtisodchi o‘zining X (Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Amerikada ta’lim olayotgan iqtisodchi, Harvard universiteti doktoranti Botir Qobilov vaziyatni kengroq qilib tushuntirdi.

«Mashina haydash «qimmat» bo‘lishi kerak, deyish biroz noto‘g‘ri. Chunki, mashina haydashning xarajatlari shundoq ham hozir ko‘p va qimmat: jamiyatga, atrof-muhitga va ko‘chada harakatlanishning boshqa ishtirokchilariga.

Muammo shundaki, hozir bu xarajatlarni haydovchidan boshqa hamma to‘lamoqda: metroda yuradigan pensioner ham, trassa yaqinida yashaydigan aholi ham, shahar ichida harakatlanadigan piyoda ham.

Ular mashinani o‘zlari haydamasalar ham mashina tutunidan, mashinalar yaratadigan tirbandlikdan, va eng muhimi — mashinalar uchun yaratilayotgan qimmatli ko‘prik, trassa va yangi yo‘llar qurilishini bilvosita soliqlari bilan moliyalashtirmoqdalar.

Shahar ichida istalgan joyda tekin parkovka borligi va shahar yerida istalgan joyda bu mulkni saqlash imkoniyati borligi ham bunga misol bo‘ladi.

Alisher Qodirov aytayotgan gap, ya’ni mashina haydash qimmat bo‘lish kerak degani, bu mashina haydashdan ortidan kelib chiqadigan xarajatlarni haydovchilar o‘zlari qoplashlari kerak, demoqchi bo‘ldi xolos. Ya’ni, parkovkaga, yuradigan yo‘lingizga, chiqaradigan tutuningizga o‘zingiz to‘lang, degani.

Mashinaga moy quyiladi, benzin olinadi. Marhamat, mashina haydashning boshqa xarajatlariga ham to‘lang. Chunki salondan «bu mashinaga shaharda istalgan joyda tekin parkovka qilish imtiyozi berilsin», degan hujjat qo‘shib berilmaydi va shahar buni o‘z bo‘yniga olmaydi.

Qurilgan yangi yo‘lning badali, parkovka xarajatlari o‘sha mashina haydovchilari hisobiga bo‘lishi kerak.

Masalan, aeroportga yangi yo‘l qurilishini undan o‘tgan har bir mashina qanchadir summa to‘lab moliyalashtirishi to‘g‘riroq. U metroda yurgan oddiy pensioner yoki mashinasiz ishchi-xizmatchilar soliqlariga qurilishi kerak emas.

Deputatlardan chiqqan to‘g‘ri gapni to‘g‘ri, noto‘g‘risini noto‘g‘ri, deyishimiz kerak. Shuning uchun Alisher Qodirov bu masalada haq va unga tosh otilishi noto‘g‘ri», degan iqtisodchi.

Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov O‘zbekistonda tirbandliklarning oldini olish uchun xususiy transport vositalari maqomini hal qilish kerakligi haqida gapirib, O‘zbekistonda transportga xizmat ko‘rsatishni qimmat qilish orqali tirbandlikni hal etishni taklif qilgan edi.

Mavzuga oid