Jahon | 19:12 / 15.12.2023
33133
13 daqiqa o‘qiladi

«Putin hamon Ukrainani zabt etishni istaydi». Rossiya armiyasi birdaniga bir necha yo‘nalishda hujum qilmoqda

Foto: ALEXANDER REKA/TASS

Qish kelishi bilan Rossiya armiyasi Ukrainada sezilarli darajada faollashdi: ruslar asta-sekin, ammo qat’iyat bilan frontning bir necha uchastkalarida oldinga siljimoqda.

BBC sharhlovchisi Ilya Abishev to‘qnashuv chizig‘idagi vaziyatni tahlil qildi.

«Dushman Baxmutdan janubda, Kleshchiyevka atrofida, Rabotinedan g‘arbda, Maryinka janubida va yanada janubroqda, Novomixaylovka shimolida yutuqlarga erishgan hamda Avdiyivka sanoat zonasini egallab olgan», — deya xabar berdi ukrainlarning DeepState OSINT-portali.

«Butun to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab vaziyat juda yomon», — deyiladi uning tahlilida.

Har ikki tomonning vaziyatdan xabardor manbalari berayotgan ma’lumotlar umuman olganda bir-biriga zid kelmaydi. Ukrain manbalari Ukraina qurolli kuchlari son jihatdan ustun dushman bosimi ostida chekinishga majbur bo‘layotganini yashirmaydi, rossiyalik manbalar — oldinga siljish ulkan yo‘qotishlar evaziga bo‘layotganini tan oladi.

«Bu yerda bir qishloq bor edi. Mana bu yerda bizning texnikalar turibdi, birodarlik qabristoni, bu yerda qanchadan qancha yigitlarimiz qurbon bo‘ldi, — deydi videoda Avdiyivka ostonasidagi janglar ishtirokchisi bo‘lgan rossiyalik harbiy. — Mana urush qilayotgan ishlar. Bularning barchasi bizning texnikalar. Oldinda yana bir birodarlik qabristoni bor», — deya ko‘rsatadi u Rossiyaning yakson etilgan tanklari va jangovar mashinalari (BMP)ni ko‘rsatib.

Rossiya hujumlari butun front chizig‘i bo‘ylab son jihatdan ko‘pchilik bo‘lib olib borilmoqda — bunga qisman zirhli texnikalar yetishmasligi, qayerdadir ob-havo sharoiti sabab, ehtimol Rossiya qo‘mondonligi yirik mexanizatsiyalashgan tuzilmalarni bir joyda to‘plash befoydaligini anglashi tufayli bo‘lmoqda. Baxmutda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi bo‘linmalari aynan shu tarzda harakat qilishgan — o‘shanda ham Rossiya qo‘shinlarining faollashuvi yilning sovuq vaqtiga to‘g‘ri kelgandi.

Ammo o‘shanda Rossiya qo‘shinining zarbasi birgina uchastkaga qaratilgandi. Endi esa ular ko‘plab yo‘nalishlarda bir xil qolipda harakatlanmoqda.

Avdiyivka

Uchinchi oydirki Rossiya qo‘shini Donetskdan shimolda joylashgan va hozirga kelib deyarli butkul vayron bo‘lgan Avdiyivka shaharchasiga shiddatli hujum uyushtirmoqda.

Dastlabki rejaga ko‘ra shaharni shimol va janubdagi qanotlardan kuchli zarbalar bilan yarim qurshov holatiga tushirish o‘ylangandi va jangga yirik mexanizatsiyalashgan birlashmalar va katta miqdorda artilleriya tashlangandi. Birinchi bosqichda Rossiya qismlari ukrainlarni qator pozitsiyalardan siqib chiqarishga va Avdiyivka istehkomiga ta’minot yetkazib beriladigan trassani olov nazoratiga olishga muvaffaq bo‘ldi.

Qaysidir pallalarda shahar mudofaasidagi ukrain qismlari uchun vaziyat o‘ta tahdidlidek ko‘rindi.

Ammo ko‘p o‘tmay rossiyaliklarning oldinga siljishi sekinlashdi, yurishni davom ettirish uchun urinishlar tobora muvaffaqiyatsiz chiqa boshladi, ukrain qo‘shini esa ba’zi nuqtalarda muvaffaqiyatli qarshi hujumlar uyushtirib, boy berilgan pozitsiyalarni qaytarib oldi.

Avdiyivkadagi hozirgi vaziyatni har ikki tomondan janglarda ishtirok etayotganlar ko‘pincha «Baxmut go‘shtmaydalagichi»ga qiyoslashadi.

«Rossiya Avdiyivka atrofidagi ikki oylik yurishi davomida 13 ming kishisi, shuningdek 220 dan ortiq texnikalarini yo‘qotdi. Bu oltita manyovr batalyoni demakdir. Putin hali ham Ukrainani zabt etishni istamoqda, ammo uning yurishlari strategik yutuqlar olib kelmadi», — degan CNN muxbiriga Oq uy Milliy xavfsizlik bo‘yicha kengashi matbuot kotibi Edriyenn Uotson.

Rossiya hujumi davom etmoqda, ammo endi bu hujumlar ko‘p hollarda kichik piyodalar guruhlari bilan amalga oshirilmoqda. Hujumlarning oldingi chizig‘ida sobiq mahbuslardan shakllantirilgan, Ikkinchi jahon urushi davridagi jarima rotalarini eslatadigan «Shtorm-Z» otryadlari harakatlanadi.

So‘nggi paytlarda Avdiyivka atrofidan kelgan xabarlarda Rossiya qismlari shaharning sharqiy chekkasidagi sanoat zonasini egallab olgani aytiladi. U tepalik joyda joylashgan va u yerdan turib rus qo‘shini shahar ichkarisiga kirishga harakat qilmoqda. Ammo Rossiya sanoat zonasidagi muvaffaqiyatni tezda rivojlantira olmadi va endi bu yerdagi vaziyat Ukraina qurolli kuchlari uchun boshqa yo‘nalishlarga qaraganda barqarorroq ko‘rinmoqda.

Avdiyivka ham Ukrainaning harbiy harakatlar hududida qolgan boshqa ko‘plab shaharlari kabi xarobaga aylangan. Foto: Getty Images

Maryinka

Donetskdan g‘arbdagi aholi yashash manzillarini himoya qilayotgan ukrain kuchlari vaziyati tobora og‘irlashib bormoqda. 2014 yildan buyon Avdiyivka bilan birgalikda Ukraina nazoratida qolgan va kuchli istehkomga aylantirilgan Maryinka shaharchasi hozirga kelib deyarli butunlay bosib olingan.

Ukrain qo‘shini Maryinkaning faqat g‘arbiy chekkalarini ushlab turibdi, shu bilan bir vaqtda shahardan bir necha kilometr g‘arbda yangi mudofaa chizig‘ini barpo etmoqda.

«Maryinkada vaziyat og‘ir. Osintchilar aniq tafsilotlarni oshkor eta olmasa ham, Maryinka boy berilishi — vaqt masalasidir, — deya yozgan tvitterdagi Tatarigami_UA nikli ukrainalik zaxiradagi zobit. — Bu Rossiya Kuraxovo va Vuhledar tomon harakatlanishi uchun operativ imkoniyatlar hosil qiladi. Agar rossiyaliklar Vuhledar himoyachilarini chekinishga majburlay olishsa, ular muhim temiryo‘l liniyasida harakatni tiklashi mumkin, bu esa transportirovka uchun ketadigan vaqtni ancha qisqartirib, ularning bo‘linmalari mobilligini oshiradi».

Baxmut

Rossiya qo‘shinlari Baxmut qanotlarida uyushtirilgan qarshi hujumlar orqali Ukraina qurolli kuchlarining yoz-kuzda amalga oshirilgan qarshi hujumi vaqtida boy berilgan pozitsiyalarning bir qismini qaytarib olishga erishdi. Rossiyaliklar shahar janubida u qadar katta masofaga yura olmagan bo‘lsa-da, shimol va shimoli-g‘arbda ular Chasiv Yar ostonalariga yaqinlashib keldi — bu ukrainlarning Konstantinovka va Kramatorsk tomon yo‘lni to‘sib turuvchi asosiy mustahkamlangan hududi hisoblanadi.

«Baxmutning shimoliy qanotida Bogdanovka posyolkasi atrofida va Chasiv Yar — Xromove trassasi bo‘ylarida shiddatli janglar ketmoqda. „Azov“ 3-shturm brigadasi qo‘mondonligi jonli kuchlardagi katta yo‘qotishlar tufayli bo‘linmani qayta to‘ldirish uchun front ortiga yuborishiga to‘g‘ri keldi, — deya xabar qilgan rossiyaliklarning „Ribar“ telegram-kanali. — Baxmutdan g‘arbda Rossiya qo‘shini raqibni Sakkizinchi stavkaga tutash joylashgan o‘rmonzordan siqib chiqarishdi. Kleshchiyevkada 215.7 tepaligi olingach, RF qurolli kuchlari bo‘linmalari nazorat zonasini 200 metrga kengaytirishdi».

Shimolda Bogdanovkani, janubda Kleshchiyevkani aylanib o‘tgan holda Chasiv Yarga yetib borishni ko‘zlagan Rossiya qo‘mondonligi yangi kuchlarni jangga tashlamoqda. Hozirgi bosqichda bu hujum harakatlari Baxmutdan g‘arbdagi nisbatan balandroq pozitsiyalarda turgan ukrain qo‘shinlariga jiddiy xavf tug‘dirishi dargumon. Ammo ko‘rinib turibdiki, ukrainlar Baxmutdagi rus qo‘shinini qurshab olish bo‘yicha rejalarini hozircha unutib turishiga to‘g‘ri keladi.

Rossiyaning Horlivka chekkasidagi pozitsiyalariga qilingan muvaffaqiyatli hujum va 2014 yildan buyon Rossiya kuchlari nazoratida qolayotgan Gagarin nomidagi kon terrikoni egallanishi Ukraina qurolli kuchlari uchun bu yo‘nalishdagi kichik tasalli bo‘ldi.

Bir yil muqaddam ukrain armiyasi Baxmutdan sharqda mudofaalanayotgandi, endi esa g‘arbda. Foto: EPA

Kupyansk va Liman

Rossiya qo‘shini Xarkiv oblasti shimoli-sharqida, Kupyansk shahri mudofaasining muhim marralari joylashgan Sinkovka qishlog‘iga hujumlarini to‘xtatmayapti. 2022 yil kuzida Kupyansk va u orqali o‘tgan temiryo‘l magistrali ustidan nazorat boy berilishi Rossiya guruhi Izyumdan shoshilinch ravishda chekinishining asosiy sababi bo‘lgandi.

Liman yo‘nalishida, Serebryanskiy o‘rmon xo‘jaligi tomon ham hujumlar to‘xtovsiz olib borilmoqda.

Kupyansk ostonasida ham, Liman atrofida ham janglar o‘zgaruvchan muvaffaqiyatlar bilan davom etmoqda va pozitsiyalar qo‘ldan qo‘lga o‘tmoqda.

Harbiy ekspertlar bu yo‘nalishlarning ikkisini ham ikkinchi darajali deb baholashadi, ammo Baxmutda jiddiy muvaffaqiyatga erishgan taqdirda, Rossiya qo‘mondonligi o‘z guruhlari sa’y-harakatlarini birlashtirib, keng miqyosli hujum boshlashi mumkinligini istisno etishmaydi.

Tokmak

Melitopol yo‘nalishidagi vaziyat yozdagi bilan taqqoslaganda ancha tinchroq, ammo bu yerga istalgan vaqtda snaryad, raketa yoki zarbdor dron uchib kelishi mumkin

Frontning Ukraina qurolli kuchlari yozda ulkan yurish amaliyoti o‘tkazishni rejalashtirgan janubiy uchastkasida harbiy harakatlar pozitsion xususiyatga ega. Ammo bu yerda ham vaqti vaqti bilan keskinlashuv yuzaga kelib turadi.

O‘tgan haftada rossiyalik motoo‘qchilar va desantchilar Rabotine va Verbove qishloqlari hududlaridagi pozitsiyalarni qaytarib olishga urinib ko‘rdi. Ikki kun tinimsiz qilingan hujumlarda ular Rabotine yo‘nalishida 800 metr oldinga yurishga muvaffaq bo‘lgan, Verbove atrofida esa hech qanday natijaga erishilmagan.

Dniproning chap sohili

Dnipro daryosining chap sohilidagi Krinki qishlog‘i atrofida ham shiddatli janglar davom etmoqda, bu yerda kuzda ukrainlar platsdarmi tashkil etilgandi. Bu yerda mustahkam o‘rnashib olgan ukrain dengiz piyodalari nazorat zonasini kengaytirishga, Rossiyaning «Dnepr» qo‘shinlar guruhi esa — to‘xtovsiz ravishda shturmlar uyushtirib, Ukraina qurolli kuchlarining ilg‘or bo‘linmalarini yo‘q qilishga harakat qilmoqda.

Ikki tomon ham maqsadiga erisha olmayapti, lekin ukrainlarning oz sonli desantchilari Rossiyaning son jihatdan bir necha barobar ko‘p bo‘lgan bo‘linmalarini o‘ziga jalb etib turibdi.

«[Rossiya havo-desant kuchlari qo‘mondoni] general Teplinskiy aldamadi. U to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘ziga bo‘ysunuvchi kuchlarni — 104-havo-shturm diviziyasi qismlari va bo‘linmalarini to‘xtovsiz ravishda Krinki qishlog‘iga hujum qilishga yubormoqda, nima qilib bo‘lsa ham ukrainlar platsdarmini yo‘q qilish uchun», — deya yozgan ukrainalik harbiy sharhlovchi Konstantin Mashovets.

Bu yerda Rossiya armiyasi uchun vaziyatni Dniproning narigi sohili nisbatan balandroqda joylashgani og‘irlashtiradi, bu tomonda ukrain artilleriyasi ustun pozitsiyalarni egallagan. Ammo hozircha bu yerda janglar to‘xtashidan darak yo‘q.

Qisqacha xulosa

Bir yil oldingidan farqli o‘laroq, bu yil Ukraina frontida qish kelishi bilan harbiy harakatlar to‘xtashi kuzatilmadi. Aksincha, Rossiya armiyasi endi tashabbusni qo‘lga olishga zo‘r bermoqda va turli yo‘nalishlarda to‘xtovsiz hujum qilmoqda va ko‘p hollarda ulkan yo‘qotishlarga uchramoqda.

Ukraina armiyasi strategik mudofaaga va ehtimol 2022 yil bahor va yozida sinovdan o‘tgan, kichik hududlarni boy berish evaziga yurish qilib kelayotgan Rossiya kuchlarini bo‘lib yuborish va holdan toydirish taktikasiga o‘tgan.

Janglarning bunday intensivligida (ularning oraliq natijalaridan qat’i nazar) ikki armiya qo‘mondonligi uchun ham eng muhim muammo jonli kuchdagi yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirish bo‘ladi.

Kelgusida bo‘ladigan (ular hali ko‘p bo‘lishi kutilmoqda) harbiy amaliyotlarda ustunlik nafaqat o‘z qurolli kuchlarining eng jangovar o‘zagini saqlab qolgan, balki shaxsiy tarkibni to‘xtovsiz to‘ldirish va jangovar tayyorlashni tashkil eta olgan tomonda bo‘ladi. Bu esa Ukraina uchun ham, Rossiya uchun ham oson ish emas.

Gap hatto Moskva va Kiyev qo‘llayotgan fuqarolarni harbiy xizmatga chaqirish usullarida ham emas — ular mohiyatan o‘xshash, — gap shundaki, urush qancha uzoq cho‘zilsa, uning istiqbollari kamayib, tobutlar va majruh bo‘lib qolgan askarlar qaytishi ko‘proq bo‘ladi, bu esa hukumat odamlarni frontga borishga ko‘ndirishini ham qiyinlashtiradi. Kimning motivatsiyasi kuchliroq bo‘lib chiqadi — katta ehtimol bilan, hozirda eng asosiy masala shu.

Mavzuga oid