Jahon | 00:35 / 15.12.2023
7977
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Ukrainaning a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qildi

Shuningdek, Moldova ham a’zolik bo‘yicha muzokaralarni boshlash huquqiga ega bo‘ldi.

Foto: AP

Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqidagi qarorini e’lon qildi.

Bundan tashqari, Yevropa Kengashi Moldova bilan ham a’zolik bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qildi. Mishelning qo‘shimcha qilishicha, YeI Bosniya va Hersegovina bilan ham muzokara boshlaydi, biroq, oldin bu mamlakat a’zolik mezonlariga kerakli darajada mos kelishi kerak.

U bu qadamlarni ushbu mamlakatlar xalqi va Yevropa qit’asi uchun aniq umid belgisi deb atadi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi sammiti Gruziyaga ittifoqqa nomzod davlat maqomini berishga qaror qildi.

Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayoni bir necha bosqichlardan iborat:

1. A’zolik uchun ariza berish: mamlakat Yevropa Ittifoqiga a’zolik uchun Yevropa Ittifoqi Kengashiga ariza beradi.

2. Arizani ko‘rib chiqish: Yevropa Komissiyasi arizani ko‘rib chiqadi va mamlakat a’zolik mezonlariga javob berishini aniqlaydi.

3. Muzokaralarning boshlanishi: Agar mamlakat mezonlarga javob bersa, Yevropa Ittifoqi Kengashi a’zolik muzokaralarini boshlashga qaror qiladi.

4. Muzokaralar: a’zolik bo‘yicha muzokaralar nomzod davlat va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida iqtisodiyot, huquq, siyosat va xavfsizlik kabi turli masalalar bo‘yicha olib boriladi.

5. A’zolik to‘g‘risidagi shartnomani imzolash: agar muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangan bo‘lsa, nomzod mamlakat va Yevropa Ittifoqi a’zolik shartnomasini imzolaydi.

6. A’zolik to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish: a’zolik to‘g‘risidagi shartnoma Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha davlatlar va nomzod mamlakat tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak.

7. Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish: a’zolik shartnomasi ratifikatsiya qilinganidan so‘ng, mamlakat Yevropa Ittifoqining to‘laqonli a’zosi bo‘ladi.

Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayoni uzoq vaqtni talab etishi mumkin. Masalan, Turkiyaning a’zo bo‘lishi haqidagi muzokaralar 2005 yilda boshlangan va hanuz yakunlanmagan.

Hozirgi vaqtda Chernogoriya, Shimoliy Makedoniya, Serbiya, Turkiya va Albaniya Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayonidan o‘tmoqda.

Mavzuga oid