Suv dunyosini «o‘ldirayotgan» osiyoliklar - okeanlarga xavfli plastik chiqindilarni kim ko‘p oqizmoqda?
Yirik daryolarning aksariyati dunyo okeanini plastik chiqindilar bilan to‘ldirib, suv olami jonzotlari uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Bu Osiyo qit’asida oqadigan daryolarning har yili millionlab tonna plastik chiqindilarni Tinch va Hind okeanlariga oqizib borayotganida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Bugun «plastik balosi» tom ma’noda insoniyat uchun jiddiy xavfga aylandi. Olimlar tomonidan bir asrda o‘tsa-da chirimasdan turaverishi aytilgan plastik tabiatning kushandasiga aylanmoqda.
Har yili Yer yuzi bo‘ylab o‘rtacha 300-400 mln tonna plastik chiqindi chiqadi. Uning chorak qismi duch kelgan joylarga uloqtiriladi. So‘nggi yillarda bu kimyoviy mahsulot okeanlarning eng tubidan tortib, to dunyoning eng baland nuqtasi — Jamolungma cho‘qqisi etaklarigacha yetib bordi.
Tartibsiz ravishda tashlangan plastiklarning bir qismi quruqlikda sochilib yotgan bo‘lsa, boshqa bir qismi yirik daryolar orqali dunyo okeaniga chiqib ketyapti.
2019 yilda dunyoning 194 ta davlati dunyo okeaniga plastik chiqindilar ifloslanishini bartaraf etish haqidagi rezolyutsiyani imzoladi. Vaziyat shundan keyin ham xavotirli holda qolmoqda va plastik chiqindilar okeanlarga oqib chiqishda davom etyapti.
Faqat 2020 yilda pandemiya munosabati bilan okeanlarga turli chiqindilar bilan birga plastik chiqindilar oqishi biroz kamaygan. Pandemiya o‘tib ketgandan so‘ng vaziyat eski holiga qaytdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda dunyo okeaniga yiliga 3 mln tonnagacha plastik chiqindi tushmoqda. Umumiy hisob-kitoblar 1980 yildan bugungacha dunyo okeaniga kamida 25 mln tonna plastik chiqindi tushganini ko‘rsatadi.
Olimlar dunyo okeanidagi plastik chiqindilar taxminiy hisoblardan ko‘proq miqdorda bo‘lishi mumkinligini ham aytadi.
Bundan tashqari, har yili sohilbo‘yi hududlarga (asosan dam olish maskanlari va plyajlar joylashgan joylar) tashlab ketilgan plastik chiqindilarning asosiy qismi ham dunyo okeaniga chiqib ketmoqda.
2022 yil ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkichda Filippin birinchi o‘rinda turibdi. Bu davlat sohillarida sochilib yotgan plastik chiqindilardan 356 ming tonnasi dunyo okeaniga tushgan.
Shuningdek, Hindistonda 126 ming tonna, Malayziyada 73 ming tonna, Xitoyda 70,7 ming tonna, Indoneziyada 56 ming tonna, Myanmada 40 ming tonna, Braziliyada qariyb 38 ming tonna, Vetnamda 28 ming tonna, Tailandda qariyb 23 ming tonna atrofga tashlangan plastik chiqindi okeanga chiqib ketgan.
Dunyo okeaniga borib tushgan plastik chiqindilarning bir qismi sohil bo‘ylarida saqlanib qolsa, qolgani suv tubiga cho‘kadi. Oqibatda okeanlarda yashaydigan ko‘plab jonzotlar ularni yutib yuborib, nobud bo‘lmoqda.
2023 yil holatiga ko‘ra dunyo okeanida 171 trillion bo‘lak plastik chiqindi suzib yuribdi yoki suv tubiga cho‘kkan. 2005 yilda bu ko‘rsatkich 16 trln bo‘lak bo‘lgan va o‘tgan yillarda 10 martadan oshiqroq ko‘paygan.
Bugun dunyo okeaniga tushgan plastik chiqindilarning asosiy qismini yirik daryolar oqizib chiqmoqda. Plastik mahsulotlarni ishlatish ommalashgandan so‘ng dunyo okeaniga plastik chiqindilarni ko‘p chiqarayotgan o‘nta daryoning sakkiztasi Osiyoda, ikkitasi Afrikada joylashgan.
Ular plastik chiqindilarni asosan Tinch va Hind okeaniga olib chiqyapti. Umumiy hisobda dunyo okeaniga tushayotgan plastik chiqindilarning 90 foizdan oshig‘ini daryolar oqizib bormoqda.
Turli ma’lumotlarga ko‘ra, okeanlarda suzib yurgan plastik chiqindilar har yili 1 mln dengizdan oziqlanuvchi qushlarning, 100 mingdan oshiq sut emizuvchilarning nobud bo‘lishiga olib kelmoqda.
Quyida okeanlarga eng ko‘p plastik chiqindi oqizayotgan yirik daryolar haqida ma’lumotlarni keltiramiz.
Yanszi
Xitoydagi ikkita yirik daryoning biri bo‘lgan Yanszi Himolay tog‘larining shimoliy qismidan boshlanadi. So‘ng Xitoyni kesib o‘tib, Sariq dengizga quyiladi.
6 300 km masofadan oqib o‘tuvchi Yanszi Yevrosiyo materigidagi eng sersuv daryo hisoblanadi. U dunyoda sersuvligi bo‘yicha 3-o‘rinda, uzunligi bo‘yicha 4-o‘rinda joylashgan.
Yanszi Xitoy iqtisodiyotida muhim o‘rin egallaydi. U oqib o‘tadigan hududlarda Xitoy yalpi ichki mahsulot hajmining 20 foiziga teng mahsulot ishlab chiqariladi. Tabiiyki, aksariyat korxonalar daryo suvidan foydalanadi.
Bundan tashqari, daryoga har yili millionlab tonna turli chiqindilar tashlanadi. Oqibatda Yanszi har yili Sariq dengizga 1,5 mln tonna plastik chiqindilarni oqizadi.
Dunyo bo‘ylab okeanlarga chiqayotgan plastik chiqindilarning asosiy qismini Yanszi daryosi oqizadi. Dunyodagi barcha daryolarning umumiy ko‘rsatkichi bilan solishtirganda ham Yanszi ulardan ko‘p plastik chiqindilarni okeanga olib chiqadi.
Hind
Himolay tog‘larining Xitoyga tegishli qismidan boshlanuvchi bu daryo ozroq hududda Hindistondan oqadi. So‘ng Pokistonni shimoldan janubga kesib o‘tadi va Karachi shahri yaqinida Hind okeaniga quyiladi.
Panjob va urdu tillarida Sind deb ataluvchi mazkur daryoning umumiy uzunligi 3 180 km. Uning qirg‘oqlari yaqinida Pokistonning juda ko‘p shahar va qishloqlari joylashgan. Shu sababli daryoga har yili juda katta miqdorda turli chiqindilar, shu jumladan ishlatilgan plastmassa buyumlar tashlanadi.
Hind daryosi dunyo okeanini ifloslantirishda ikkinchi o‘rinni egallaydi va har yili 150-200 ming tonna atrofida plastik chiqindilarni okeanga oqizib chiqaradi.
Huanhe (Sariq daryo)
Bu daryo ham Himolay tog‘larining sharqiy qismidan, dengiz sathidan 4 500 metr balandlikdagi muzlikdan boshlanadi. So‘ng 5 464 km masofada Xitoy bo‘ylab oqib, Bohayvan qo‘ltig‘ida Sariq dengizga quyiladi.
Huanhe bo‘ylarida Xitoyning ko‘plab aholi punktlari joylashgan va ulardan daryodagi tinimsiz chiqindilar oqizilmoqda.
Daryo har yili Tinch okeaniga 100-150 ming tonna atrofida plastik chiqindi olib chiqmoqda.
Hayhe (Oq daryo)
Bu daryo ham Xitoyda joylashgan. U to‘rtta Bayhe, Vayhe, Tsziyahe va Datsinhe daryolarining qo‘shilishidan paydo bo‘ladi.
U umumiy hisobda 1 090 km masofadan oqib o‘tib, Bohayvan qo‘ltig‘ida Sariq dengizga quyiladi.
Hayhe daryosi ham har yili Tinch okeaniga taxminan 100 ming tonna atrofida plastik chiqindilarni oqizib chiqadi.
Nil
Nil Afrika qit’asi markazida joylashgan Kongo demokratik respublikasining sharqiy qismidagi Sharqiy Afrika yassi tog‘laridan boshlanadi.
Efiopiyadan boshlanuvchi Ko‘k Nil va Ruandadan boshlanuvchi Oq Nil daryolari qo‘shilgach Nil nomini oladi. So‘ng u Sudan va Misrni kesib o‘tib, O‘rta yer dengiziga quyiladi.
Nilga oqim davomida Janubiy Sudan va Efiopiya hududidan boshlanadigan bir nechta yirik irmoqlar quyiladi.
Sudan va Misrda aksariyat aholi punktlari va sanoat korxonalari Nil qirg‘oqlarida joylashgan. Bu holat daryoga boshqa chiqindilar qatori minglab tonna plastiklar tashlanishiga sabab bo‘lyapti.
Oqibatda Nil har yili O‘rta yer dengiziga o‘rtacha 80-100 ming tonna atrofida plastik chiqindi oqizib bormoqda.
Gang
Gang daryosi G‘arbiy Himolaydagi Gangotri muzligidan boshlanadi va Hindistonni kesib o‘tib, Bangladesh hududida Hind okeaniga quyiladi. Uning uzunligi 2 700 km.
Gang Brahamaputra deb ataluvchi yirik irmog‘i bilan Amazonka va Kongo daryolaridan so‘ng dunyoning uchinchi sersuv daryosi hisoblanadi.
Mazkur daryo ham har yili Hind okeaniga 75-80 ming tonna atrofida plastik chiqindi oqizib boradi.
Chjutszyan (Marvarid daryo)
Chjutszyan ham Xitoyda joylashgan bo‘lib, uning uzunligi 2 400 km. U bir nechta kichik daryolarning qo‘shilishidan paydo bo‘ladi va Xitoyning aholi zich yashaydigan hududlaridan oqib o‘tadi. So‘ng Hongkong va Makao yaqinida Yapon dengiziga quyiladi.
Bu daryo uzunligi bo‘yicha Xitoyda uchinchi, sersuvligi bo‘yicha Yanszidan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallaydi. Daryo har yili Tinch okeaniga qariyb 55-60 ming tonna plastik chiqindi oqizib chiqadi.
Amur
Bu daryoni xitoyliklar Xayxe – katta daryo deb atashadi. U Baykalorti o‘lkasidan boshlanib juda uzoq masofada Xitoy va Rossiya chegarasi bo‘ylab oqadi.
Amur daryosi 2 824 km masofani oqib o‘tib, Xabarovsk o‘lkasida Tinch okeaniga quyiladi.
Bundan 20-30 yilcha avval Amur juda toza daryo bo‘lgan. SSSR parchalanib ketgandan so‘ng daryodagi bir nechta orollar Rossiya tomonidan Xitoyga berib yuborildi.
So‘nggi 20 yilda xitoyliklar daryo yoqasida joylashgan shahar va qishloqlarni keskin rivojlantirib yubordi. Shunga yarasha qirg‘oqbo‘yi hududlarda aholi soni ko‘paydi.
Oqibatda Amurning suvi juda ifloslandi va u bugun okeanga plastik chiqindi oqizish bo‘yicha dunyodagi 10 daryo orasidan joy olmoqda.
So‘nggi yillarda Amur daryosi har yili Tinch okeaniga 40-50 ming tonna atrofida plastik chiqindi oqizib chiqarmoqda.
Niger
Niger G‘arbiy Afrikadagi muhim daryolardan biri hisoblanadi. U Serra-Leone va Gvineya davlatlari chegarasida joylashgan Leon-Liberiya tepaliklaridan boshlanadi.
So‘ng Gvineya, Mali, Niger va qisqa masofada Niger va Benin o‘rtasidagi chegaradan, oxirida Nigeriya bo‘ylab oqib, Atlantika okeaniga quyiladi.
Niger o‘zi oqib o‘tadigan beshta davlat uchun muhim daryo hisoblanadi. Aksariyat shahar va qishloqlar daryo yoqasida joylashgan. Shu sababli unga juda ko‘p plastik chiqindi tashlanadi.
Niger daryosi har yili Atlantika okeaniga 40-50 ming tonna atrofida plastik chiqindi oqizib chiqmoqda.
Mekong (To‘qqiz ajdarho daryosi)
Mekong daryosi Tibet tog‘larida joylashgan Tangla cho‘qqisidan boshlanadi. So‘ng Xitoy, Myanma, Laos, Tayland, Kambodja hududidan o‘tib, Vetnam hududida Janubiy Xitoy dengiziga quyiladi.
Mekongning uzunligi 4 500 km bo‘lib, boshqa daryolar kabi uning qirg‘oq hududida ko‘plab shahar va qishloqlar joylashgan. Shu sababli unga har yili ko‘p miqdorda turli chiqindilar oqiziladi.
Mekong daryosi har yili Tinch okeaniga 35-40 ming tonna plastik chiqindilarni olib chiqadi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyodagi daryolar orasida 10-o‘rinni egallaydi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
16:12 / 20.12.2024
Chiqindilarni boshqarish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi
12:58 / 19.12.2024
O‘zbekiston bo‘ylab ikki mingga yaqin noqonuniy chiqindixonalar aniqlandi - «O‘zbekkosmos»
14:33 / 01.12.2024
Hindistonlik roja Rolls-Royce’dan chiqindi yig‘uvchi mashina sifatida foydalanganmi?
14:38 / 30.10.2024