O‘zbekiston | 10:09 / 19.12.2023
10323
4 daqiqa o‘qiladi

“Biz bunga tayyor emas edik, buning uchun uzoq vaqt kerak” – vazir o‘rinbosari PISA natijalari haqida

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev 2030 yilgacha O‘zbekiston ta’lim sifati bo‘yicha dunyoda TOP 30 talikka kirishi reja qilinganini aytib, PISA tadqiqotlari natijalariga to‘xtalarkan, tizim hali bunga tayyor emasligini, uning yaxshilanishiga uzoq vaqt kerakligini qayd etdi.

Foto: Youtube / Alter Ego

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayevning bugungi o‘zbek maktab ta’limi, undagi muammolar hamda darsliklar bilan bog‘liq dolzarb masalalarda "Alter Ego" loyihasiga bergan intervyusi e’lon qilindi.

Suhbat davomida Sharifxo‘jayev PISA tadqiqotlaridagi O‘zbekistonning qoniqarsiz natijalariga o‘z munosabatini bildirgan. Unga ko‘ra, birinchi marotaba qatnashib turilgan bunday o‘rganishlarda yaxshi natija bo‘lmasligi kutilgan.

"Biz 2022 yilda birinchi marotaba PISA tadqiqotlarida ishtirok etdik. Uning natijalari shu kunlarda e’lon qilindi. Nima kutilgandi? Harholda eng yaxshi natija emas.

PISA bu – biz o‘quvchilarni oliygohlarga kirish oldi so‘rashga odatlanib qolgan baholash [darajasi] emas, ya’ni sanalar o‘quvchilarning esida qolganmi, formulani biladimi emas. Bu – [bolalarning] hayotda qo‘llay olishi mumkin bo‘lgan bilim va ilmini baholash.

[Bunda] ularga real keys va vaziyat beriladi, jarayonda nafaqat matematika formulasini, balki qaysidir nuqtalarida grammatikani ham bilishi kerak bo‘ladi. Umuman olganda vazifasi kompleks. Shunga muvofiq, biz bunga tayyor emas edik. O‘ylaymanki, ta’lim tizimi, bolalar, o‘qituvchilar bunga tayyor bo‘lishi uchun uzoq vaqt kerak. Mazkur maqsadlarimiz uchun esa o‘quv dasturlari, qo‘llanmalar bo‘lishi lozim. Mana shularning o‘zi vazifalarimizdan biridir", – deydi u loyihaga bergan intervyusida.

Eslatib o‘tamiz, PISA (Programme for International Student Assessment) – 15 yoshli maktab o‘quvchilarining bilim darajasini baholash bo‘yicha xalqaro dastur hisoblanadi. O‘tgan yili O‘zbekiston ilk marotaba qatnashgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, mamlakat bolalari 81 ta davlatdagi tengdoshlari orasida matematika bo‘yicha 72-o‘rinni, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi yo‘nalishlarida 80-o‘rinni egallagan. Ya’ni uchala yo‘nalishda ham oxirgi o‘ntalikdan joy olgan.

Matematika bo‘yicha imtihonlarda o‘quvchilarimizning bor-yo‘g‘i 14 foizi 2-darajadagi natijani ko‘rsatgan bo‘lsa, atigi 4 foizi 3-daraja va 1 foizi 4-darajaga chiqa olgan. Eng yuqori 5- va 6-darajadagi natijalarni o‘zbekistonlik hech qaysi o‘quvchi qayd eta olmagan. Tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi yo‘nalishlaridagi natijalar ham bundan katta farq qilmaydi.

PISA natijalari e’lon qilinishidan avvalroq Usmon Sharifxo‘jayev Kun.uz'ga bergan intervyusida aynan PISA kabi xalqaro tadqiqotlarda tushayotgan savollar, umuman butun dunyoda bolalarga berilayotgan bilim va ko‘nikmalardan o‘zbekistonlik o‘quvchilar ortda qolayotganini qayd etgandi. 

“Faqatgina xalqaro tadqiqotlar, baholash sinovlarida yaxshi natija ko‘rsataylik deb qilinadigan niyat emas, o‘quvchilarimiz tayyor bo‘lishi uchun xalqaro tadqiqotda beriladigan savolga mos ravishda tabiiy fandan bo‘ladimi, o‘qish savodxonligi, matematika kabi aniq fanlardan bo‘ladimi, shuni darslikka kiritishimiz kerak. Shu vaqtgacha bo‘lgan darsliklarda bu bo‘lmagan", – degan edi u.

Mavzuga oid