Jahon | 09:04 / 22.12.2023
5909
2 daqiqa o‘qiladi

Angola OPEKdan chiqishini e’lon qildi

Angola OPEKning neft qazib olish kvotalarini joriy etish siyosatiga rozi emasligini bildirdi. Shu munosabat bilan Luanda kartelni tark etayotganini e’lon qildi.

Foto: AFP/Getty Images

Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEK)da neft qazib olish kvotalari bo‘yicha mojarolar fonida Angola ushbu tashkilotdan chiqishini e’lon qildi. Angolaning mineral resurslar, neft va gaz vaziri Diamontino Azevedu 21 dekabr, payshanba kuni televideniyeda aytganidek, OPEKga a’zolik o‘z maqsadlariga e’tibor qaratish niyatida bo‘lgan mamlakatning milliy manfaatlariga javob bermaydi.

Azevedu Angola OPEK tomonidan muntazam ravishda belgilab qo‘yilgan kvotalarga «hozircha hech qanday ta’sir ko‘rsatmagani», lekin ularga amal qilishi va kartel qarorlari oqibatlarini o‘z zimmasiga olishi kerakligini tanqid qildi. Agar Angola a’zo bo‘lib qolsa, ertami-kechmi neft qazib olishni kamaytirishga majbur bo‘lishi mumkin, bu esa mamlakat manfaatlariga zid bo‘ladi, dedi vazir.

Neft narxi pasayishda davom etmoqda

Luanda OPEKdan chiqishini e’lon qilganidan keyin neft narxi pasayishda davom etdi, deb xabar beradi Reuters. Brent nefti ikki foizdan ko‘proq arzonlashib, bir barrel uchun 78,11 dollarni tashkil qildi.

So‘nggi oylarda OPEK va uning OPEK+ guruhiga birlashgan o‘nta hamkor davlati jahon bozorida narxlarni oshirish maqsadida neft qazib olish hajmini bir necha bor kamaytirdi. Talabning zaifligi tufayli bu maqsadga erishilmadi. Biroq, hozirgi neft narxi (barrel uchun 70-80 dollar) so‘nggi besh yildagi o‘rtacha qiymatdan yuqori.

Noyabr oyi oxirida bo‘lib o‘tgan OPEKning so‘nggi yig‘ilishida Angola va kartelning yana bir a’zosi - Nigeriya kvotalar joriy qilinganidan noroziligini bildirgan edi. Tashkilot ichidagi kelishmovchiliklar tufayli qaror bir necha kunga kechiktirildi, Saudiya Arabistoni va Rossiya keyinchalik qazib olishni yanada qisqartirishini e’lon qildi, boshqa davlatlar esa kichikroq qisqartirishlar bilan ularga ergashdi.

Mavzuga oid