Jahon | 17:19 / 22.12.2023
11861
12 daqiqa o‘qiladi

Yer yuzini to‘ldirayotgan plastik – xavfli chiqindilarni eng ko‘p chiqarayotgan davlatlar

Yer yuzi bo‘ylab har yili bir necha yuz million tonna plastik chiqindi chiqariladi. Ularning asosiy qismi bir nechta rivojlangan davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Plastik chiqindilarning ozginasi qayta ishlanmoqda. Bir qismi yoqib yuborilmoqda va oqibatda havo zaharlanyapti. Qolgani yirik daryolar orqali dunyo okeaniga chiqib, suv dunyosiga zarar yetkazmoqda.

Bugun “plastmassa balosi” tom ma’noda insoniyat uchun jiddiy xavfga aylangan. Olimlar tomonidan bir asrda ham chirimasdan turaverishi aytilgan plastik chiqindilar tabiat kushandasiga aylanmoqda.

So‘nggi yillarda bu kimyoviy mahsulot okeanlar tubidan tortib, dunyoning eng baland nuqtasi bo‘lgan Jamolungma cho‘qqisi etaklarigacha yetib bordi.

Ma’lumot uchun, har yili Yer yuzi bo‘ylab o‘rtacha 400 mln tonna plastik chiqindi chiqadi. Uning chorak qismi duch kelgan joylarga uloqtiriladi.

Tartibsiz ravishda tashlangan plastiklarning bir qismi quruqlikda sochilib yotgan bo‘lsa, boshqa bir qismi yirik daryolar orqali dunyo okeaniga chiqib ketmoqda.

Plastik chiqindilar bilan bog‘liq muammo dunyoning turli davlatlarida turlicha kechyapti. Boy davlatlar ularning bir qismini qayta ishlasa, qolganini rivojlanayotgan davlatlarga chiqarib yubormoqda. Kambag‘al davlatlarda esa u atrofda, suv havzalarida sochilib yotibdi.

Bangladeshda suv yoqasida sochilib yotgan plastik chiqindilar
www.alamy.com

Plastik chiqindilarni eksport qilishda Britaniya birinchi o‘rinni egallaydi. Bu davlat har yili qariyb 20 foiz plastik chiqindilarni rivojlanayotgan davlatlarga chiqarib yuboradi.

Niderlandiyada bu ko‘rsatkich 15 foiz, Fransiyada 10 foizdan oshiqroq, AQShda esa qariyb 10 foiz.

Plastik chiqindilarni asosan Afrika va Osiyodagi bir nechta mamlakat hamda Turkiya oladi. Ularning bir qismi qayta ishlanadi. Qolgani elektr energiyasi olish uchun yoqib yuboriladi.

Quyida eng ko‘p plastik chiqindi chiqarayotgan davlatlar haqidagi ma’lumotlarni keltiramiz.

AQShdagi plastik chiqindilarni qayta ishlash korxonasi
www.shutterstock.com

AQSh

AQSh plastmassadan foydalanish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Tabiiyki, plastik chiqindilarni ham ko‘p chiqaradi va ularning 85 foizi chiqindixonalarga tashlanadi.

Bu davlat har yili o‘rtacha 50 million tonnadan ortiq plastik chiqindilar chiqaradi va bu har bir fuqaroga taxminan 130 kilogrammdan to‘g‘ri keladi.

Amerikada yildan yil plastik chiqindilar miqdori oshib bormoqda, qayta ishlash esa o‘z holida qolyapti. Shu sababli AQShda plastik chiqindilarni qayta ishlash ko‘rsatkichlari foiz hisobida kamayib bormoqda.

So‘nggi yillarda bu yerda bor-yo‘g‘i 5 foiz atrofida plastik chiqindilar qayta ishlanmoqda. Qolgani yoqib yuborilmoqda yoki maxsus poligonlarga ko‘milmoqda. Oqibatda har yili 2,2 mln tonna plastmassa bo‘laklari atrof-muhitga sochilib ketmoqda.

Xitoydagi plastik chiqindi uyumi
www.epacha.org

Xitoy

Bu davlatda ham har yili 50 mln tonna atrofida plastik chiqindi chiqadi. Undan faqat 15-16 million tonnasi qayta ishlanadi.

Xitoyda plastik chiqindilarning 70-80 foizi yoqiladi yoki ko‘mib yuboriladi. Qolgani suv havzalari orqali dunyo okeaniga chiqib ketmoqda. Jumladan, bugun Xitoydan oqib o‘tuvchi to‘rtta daryo dunyo okeaniga eng ko‘p plastik chiqindi oqizuvchi manbalar hisoblanadi.

Plastiklarning yoqilgani havoni ifloslantirmoqda, ko‘milgani esa juda katta maydonda yerni yaroqsizga chiqarmoqda. Oqibatda, plastik chiqindilar Xitoyda jiddiy ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Hindistondan farqli ravishda Xitoy so‘nggi yillarda plastmassadan foydalanish va plastik chiqindilarni qayta ishlashga e’tiborni oshirmoqda. Bu muammo bo‘yicha huquqiy normalar qabul qilindi.

Biroq soha mutaxassislari bular yetarli emas, Xitoy plastmassadan foydalanish va plastik chiqindilar masalasida yanada qat’iyroq chora ko‘rishi kerak deb hisoblashadi

Chunki dunyoning boshqa davlatlarida bo‘lgani kabi Xitoyda ham plastik chiqindilarning suv havzalariga va boshqa joylarda sochilib yotishi odatiy holga aylangan.

Xitoy eng yirik plastmassa ishlab chiqaruvchisi hisoblansa-da, uni aholi jon boshiga ishlatishda AQShdan ancha orqada qoladi. Chunki mamlakat ishlab chiqargan plastmassa buyum va jihozlarning ko‘proq qismini eksport qiladi.

Rio-de-Janeyro yaqinidagi sohilda to‘plangan plastik chiqindilar
ntdtv.ru

Braziliya

Braziliyadagi plastik chiqindilar muammosi shoshilinch e’tibor talab qiladigan dolzarb masala hisoblanadi. Bu davlat plastik chiqindilari bo‘yicha AQSh, Xitoy va Hindistondan keyin dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi.

Har yili Braziliyada taxminan 11,3 million tonna plastik chiqindi ishlab chiqariladi va shundan atigi 1 foizdan sal ko‘prog‘i qayta ishlanadi.

Qolgan 10 mln tonna atrofidagi plastik chiqindilarning bir qismi yoqiladi, yana bir qismi ko‘milmoqda. Qolgani atrofga, suv havzalariga tushmoqda va dunyo okeaniga chiqib ketmoqda. Oqibatda ulardan barcha, insonlar, quruqlikdagi va suvdagi jonzotlar jabrlanmoqda.

Braziliyada har yili ishlab chiqarilayotgan plastik chiqindilarning 13 foizini bir martalik idishlar, oshxona jihozlari (sanchqi va pichoqlar), polietilen paketlar tashkil etmoqda.

Hindistonda sochilib yotgan plastik chiqindilar
www.reddit.com

Hindiston

Hindiston dunyodagi eng ko‘p plastik chiqindilar chiqaruvchi davlatlardan biri hisoblanadi. Bu yerda har yili taxminan 9-12 mln tonna plastik chiqindi ishlab chiqariladi.

Hindiston plastik chiqindilar ko‘pligi tufayli hozirdanoq jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Bu mamlakatda plastik chiqindilarning asosiy qismi turli joylarga uloqtiriladi va ular tashlangan joyida qolib ketadi. Shu sababli, hamma yoq – ko‘chalar, dalalar, suv havzalari plastik chiqindilar bilan to‘lgan.

Hindistonda chiqindilarni to‘plash va qayta ishlash tizimining qariyb yo‘qligi vaziyatni qiyinlashtiryapti. Mamlakatdagi tabiatni asrash tashkilotlarining faollari Hindiston hukumatiga “Plastik chiqindilarga munosabat qoidalari” nomi bilan qonun qabul qilish taklifini berishmoqda.

Ular bu normada bir martalik plastiklardan foydalanishni kamaytirish, plastik chiqindilarni qayta ishlashni ko‘paytirish kabi ishlarni taklif etishmoqda.

Faollar bu qonun qabul qilinsa plastik chiqindilarning kamayishidan va ularni yig‘ib olish hamda qayta ishlashda ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishidan umidvor.

«Uddaburon» yaponlar plastik chiqindilarning bir qismini qayta ishlash uchun Xitoyga jo‘natishadi.
mongoltv.mn

Yaponiya

Atrof-muhitga katta e’tibor berishi va tozaligi bilan mashhur bo‘lgan Yaponiya plastik chiqindilar masalasida jiddiy muammolarga duch kelayotgani hayratlanarli.

Yaponiyada har yili taxminan 9 mln tonna plastik chiqindi ishlab chiqariladi, ularning 40 foizdan ortig‘ini bir martalik idishlar, turli qadoqlar va oziq-ovqat idishlari tashkil etadi.

Yaponiyada dunyodagi eng yirik plastmassa qadoq ishlab chiqaruvchi kompaniya joylashgan va u chiqarayotgan plastik chiqindilarning katta qismi maxsus poligonlarga hamda okeanga tushadi.

Garcha Yaponiyada qayta ishlanadigan materiallarni yig‘ishning samarali tizimi mavjud bo‘lsa-da, plastik chiqindilarning bor-yo‘g‘i 19-20 foizi qayta ishlanadi.

Qolgan bir qismi yondiriladi, asosiy qismi esa qayta ishlash uchun boshqa mamlakatlarga yuboriladi.

Indoneziyada plastik chiqindilar hisoblanadigan idishlardan muzey tashkil etilgan
www.reuters.com

Indoneziya

Indoneziya har yili taxminan 7,8 mln tonna plastik chiqindilarni ishlab chiqaradi. Ulardan 4,9 mln tonnasi ochiq chiqindixonalarga tashlanadi yoki yoqib yuboriladi.

Yana bir qismi duch kelgan joyga irg‘itiladi. Yog‘ingarchiliklar tufayli ularning aksariyati suv havzalariga tushib, okeanga chiqib ketadi. So‘nggi yillarda Indoneziyada har yili taxminan 600 ming tonna plastik chiqindi dengizlarga chiqib ketyapti.

Indoneziya hukumati 2025 yilga borib dengizga chiqib ketayotgan plastik chiqindilarini 70 foizga kamaytirishni maqsad qilgan. Bu yo‘lda muhim qadam tashlandi va baliqchilarga dengizdan plastik chiqindilarni yig‘ganlik uchun pul to‘lash dasturi ishga tushirildi.

Rossiyada plastik chiqindilar uchun qo‘yilgan quti
vyvoz.org

Rossiya

Rossiyada ham plastik chiqindilar chiqarish miqdori ortib bormoqda. So‘nggi yillarda bu davlatda yiliga 8-10 mln tonna plastik chiqindilar ishlab chiqarilmoqda.

Rossiya bu ko‘rsatkich bilan plastik chiqindilar ishlab chiqarish keskin oshgan davlatlardan biriga aylandi. Bugun bu davlat plastik chiqindilarni yig‘ib olish va qayta ishlash masalasida jiddiy muammolarga duch kelmoqda.

Chunki Rossiyada ishlar to‘g‘ri tashkil etilmagan, chiqindilarni qayta ishlaydigan korxonalar va bu sohada ishlaydigan yetakchi mutaxassis kadrlar yo‘q. Ularni tayyorlash tizimi ham tashkil etilmagan.

Germaniyada yig‘iladigan plastik chiqindilarning bir qismi qayta ishlash uchun rivojlanayotgan davlatlarga eksport qilinadi
recyclemag.ru

Germaniya

Germaniya plastmassa ishlab chiqarish bo‘yicha Yevropada birinchi, jahonda yuqori o‘rinlarda turadi. Shuningdek, bu davlat plastik chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha ham dunyoda yetakchi davlat hisoblanadi.

Mamlakatda har yili taxminan 6,5 mln tonna plastik chiqindilar ishlab chiqariladi va ularning bir qismi qadoqlash materiallarini tashkil etadi.

Iqtisodiyot bo‘yicha mutaxassislarga ko‘ra, Germaniya plastik chiqindilarni hisobotlarda ko‘rsatilgandan kamroq qayta ishlaydi. Hisobotlarda ularning qariyb yarmi ko‘rsatilsa-da, aslida 40 foizga yaqini qayta ishlanadi.

Bir qismi Osiyo va Afrikadagi davlatlarga chiqarib yuboriladi. Qolgani boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi yoqiladi, atrofga va suv havzalariga tushadi.

Britaniyada chiqayotgan plastik chiqindilarning bir qismi qayta ishlash uchun rivojlanayotgan davlatlarga jo‘natiladi.
dailymail.co.uk

Buyuk Britaniya

Buyuk Britaniya plastik chiqindilarni ishlab chiqarish bo‘yicha 9-o‘rinda, aholi jon boshiga hisoblaganda esa dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Bu mamlakatda har yili taxminan 6,5 mln tonna plastik chiqindilar chiqadi.

Hukumatning plastmassani ishlatishni kamaytirish yo‘lidagi barcha sa’y-harakatlariga qaramay, mamlakatda hali ham katta miqdorda plastik chiqindilar ishlab chiqariladi.

Britaniya hukumati plastmassa ishlatish va plastik chiqindilarni chiqarishni kamaytirish yo‘lida bir qator ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, plastik paketlarni ishlatish pulli qilindi. Chiqindi poligonlariga plastmassa aralashtirib tayyorlanadigan mahsulotlarni tashlash taqiqlandi.

Mamlakatda chiqarilayotgan plastik chiqindilarning katta qismi qayta ishlanmaydi. Bir qismi yoqib yuboriladi. Yana bir qismi atrofga sochilib tabiatni ifloslantirmoqda. Boshqa qismi qayta ishlash uchun xorijga yuboriladi.

Meksikada tez-tez «plastik ovi» tashkillashtiriladi.
pikabu.ru

Meksika

Meksika plastik ifloslanishdan aziyat chekayotgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Bu mamlakatda har yili taxminan 6 mln tonna plastik chiqindilar chiqariladi va ular atrof-muhitning ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda.

Meksikada chiqindilarni yig‘ish darajasi juda yuqori – 91 foiz. Biroq ularning bor-yo‘g‘i 15 foizi qayta ishlanadi. Qolgan chiqindilarning katta qismi tartibga solinmagan chiqindi poligonlariga tashlanadi va ular atrof-muhitga sochilib ketadi.

Plastik chiqindilarni noto‘g‘ri utilizatsiya qilish ularning yonib ketishiga olib keladi. Oqibatda, havoga turli xil kimyoviy moddalar chiqadi va atmosferani zaharlaydi.

Meksikadagi plastik chiqindilar bilan bog‘liq muammo ayniqsa, mamlakat poytaxti uchun dolzarb bo‘lib qolmoqda. Dunyodagi eng yirik shaharlaridan biri bo‘lgan Mexiko shahrida kuniga 13 ming tonnaga yaqin chiqindi chiqariladi va ularning 40 foizini plastiklar tashkil etadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Maqolaning 1-qismi:

Mavzuga oid