O‘zbekiston | 11:40 / 23.12.2023
15508
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yana bir yashil hudud o‘rab olindi. Undagi daraxtlar kesib tashlangan bo‘lishi mumkin

O‘rab olingan hudud Yunusobod tumanida, Shahriston metro bekati va Toshkent teleminorasi o‘rtasidagi chorraha yonginasida joylashgan. Fuqarolar yuborgan suratlardan u yerda avval daraxtzor bo‘lgani, hozir ular kesib tashlanganini ko‘rish mumkin.

Toshkent shahrida qurilish sabab yana daraxt kesildi. Bu haqda Kun.uz’ga o‘sha hududda yashovchi bir nechta fuqarodan murojaat kelib tushdi.

Murojaatda aytilishicha, Yunusobod tumanining Shahriston mahallasi hududida joylashgan “UNG Petrol” AYoQSh oldidagi yashil hudud o‘rab olingan va daraxtlar birin-ketin kesib tashlanmoqda.  

“Shaharda har bir daraxtni asrash muhim bo‘lib turgan bugungi paytda bildirmasdan kesib, yo‘q qilib yuborishmoqda. Bunga kim javob beradi?” deyiladi murojaatda.

AYoQSh yonidagi mazkur hududda yaqingacha ko‘plab daraxt bo‘lgan.

Ammo hozirda esa ushbu maydon qurilish uchun o‘rab olingan va daraxtlar deyarli ko‘rinmaydi. O‘rab olingan konstruksiya (to‘siq)larda loyiha haqida ko‘rgazmali ma’lumotlar joylanmagan.

Kun.uz holat yuzasidan “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati bilan bog‘landi. Ma’lum qilinishicha, ushbu yashil hudud “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli emas. Biroq AYoQSh xodimlari tomonidan hududning tozaligi va u yerdagi daraxtlarga qarab kelingan. Yaqinda bir tadbirkor kelib, bu yer unga tegishli ekanini, qurilish qilmoqchiligini aytgan hamda yashil hududni o‘rab olgan.

Hokimlik va ekologiyaga mas’ul idoralardan izoh kutib qolamiz.

Oldinroq poytaxtning Chilonzor tumanida ham 29 tup ko‘p yillik daraxt kesib tashlangandi.

Mavzuga oid