O‘zbekiston tashqi siyosatda 2023 yilni qanday o‘tkazdi?
Kun.uz suhbatlashgan siyosiy tahlilchilarga ko‘ra, ortda qolayotgan yilda O‘zbekiston tashqi siyosatda Turkiy davlatlar (ayniqsa Ozarboyjon), Yaqin Sharq (ayniqsa Qatar va Eron) vektorlarini ancha mustahkamlab oldi. Markaziy Osiyoning global maydonda avvalgidek parokanda emas, yaxlit mintaqa bo‘lib harakat qilishga intilishi yaqqol ko‘zga tashlana boshladi.
Yil yakunlanar ekan, barcha sohalarda sarhisoblar qilinadi, oldindagi vazifalar belgilanadi. Tashqi siyosat sohasi ham bundan mustasno emas.
Xo‘sh, xalqaro sahnaning tobora qizib borishi bilan o‘tgan 2023 yil O‘zbekiston va Markaziy Osiyo uchun qanday o‘tdi, bu yil qaysi tashqi siyosiy vektorlarni kuchaytirishga erisha oldig-u, qanday chaqiriqlar yangradi?
Kun.uz'ning “Geosiyosat” rukni bu borada siyosiy tahlilchilar Ulug‘bek Hasanov, Nargiza Umarova va Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.
— O‘tayotgan yil O‘zbekiston tashqi siyosati uchun qanday kechdi?
Ulug‘bek Hasanov: — Yakunlanayotgan yilda O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatda dasturiy g‘oyalarni va davlat rahbari ko‘targan tashabbuslarning aksariyatini amalga oshirdi. Ko‘tarilayotgan tashabbuslar xalqaro maydonda o‘z aksini topmoqda ham.
17-18 may kunlari Sianda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Xitoy sammitini oladigan bo‘lsak, Sian deklaratsiyasida respublikamiz va Markaziy Osiyo davlatlari ko‘targan g‘oyalar asosiy o‘rin tutadi. Xalqaro hamjamiyat tomonidan ham kuchli yondashuv sifatida qabul qilindi, mamlakatimiz tashqi siyosatidagi salmoqli nuqta bo‘ldi.
Sentyabr oyidagi Markaziy Osiyo va AQSh sammiti ham yuqori darajada bo‘ldi. Davlat rahbarimizning BMTdagi chiqishlari, Yevropa bilan hamkorlik, Janubiy Osiyo bilan munosabatlarda rivojlanish davomiyligi… Respublikamiz ko‘tarayotgan masalalar nafaqat Markaziy Osiyo, balki xalqaro hamjamiyatda ham muhim o‘ringa ega bo‘lyapti.
Nargiza Umarova: — O‘tgan va oldingi yillarda ham O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘zini faol va mas’uliyatli o‘yinchi sifatida namoyon etdi. Faollik prezidentimizning, vazirlik va idoralarimiz vakillarining tashriflarida va boshqa davlat rasmiylari tashriflarida ko‘rinadi. Mas’uliyatlilik shundaki, O‘zbekiston tashqi siyosatda birinchi o‘rinda Markaziy Osiyoni belgilaydi. Shu nuqtayi nazardan O‘zbekiston tashqi siyosatda ilgari surayotgan tashabbuslar faqat o‘zimiz uchun emas, balki Markaziy Osiyo rivojlanishi uchun ham muhim hisoblanadi. Sohalarga e’tibor bersak, O‘zbekiston Markaziy Osiyoni barqaror rivojlanayotgan mintaqa sifatida ko‘rishni istayotganini ko‘rsatadi.
Ikkinchi muhim yo‘nalish esa xavfsizlik masalasi. Dunyoda murakkab jarayonlar ketayotgan bir paytda mintaqa xavfsizligini ta’minlash muhim ustuvor yo‘nalish ekani ta’kidlanmoqda.
Uchinchi muhim soha – yashil energetika. Bundan tashqari, O‘zbekiston har bir sammitda transport bog‘liqlik, logistika masalasini ko‘tarmoqda. Chunki bizning geosiyosiy barqarorligimiz uchun muhim bosqich hisoblanadi. Transport bog‘liqligisiz na O‘zbekiston, na mintaqa davlatlari iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlay oladi.
Kamoliddin Rabbimov: — 2023 yilda O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti bilan bog‘liqlikni kuchaytirish borasida sifat jihatdan yangi bir darajaga ko‘tarildi. Umuman, O‘zbekistonning 2023 yildagi geosiyosiy va xalqaro munosabatlardagi faolligini anglash, qiyoslab ko‘rish kerak. Masalan, 2005-2016 yillar oralig‘ida O‘zbekiston ma’lum bir izolyatsionizmga yuz tutgan edi.
Markaziy Osiyo uchun to‘rtta geosiyosiy vektor bor: sharqda Xitoy, shimolda Rossiya, global janub va kollektiv g‘arb. Mana shu 4 ta vektor bo‘yicha hamkorlik sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarildi. Faqatgina Ukraina urushi sababli Markaziy Osiyoda Rossiyaning ishtiroki va ta’siri biroz pasaydi. Mana shu nisbiy bo‘shliqni nisbatan Xitoy va global janub davlatlari to‘ldirdi.
Turkiya va O‘zbekiston aloqalari shu yil yuqori darajaga chiqdi; Fransiya prezidenti tashrif buyurdi; YeIdagi Germaniya, Italiya, Fransiya, Vengriya bilan aloqalar yuqori darajaga chiqyapti. YeIning eng yuqori mulozimlari keyingi paytda Markaziy Osiyoga serqatnov bo‘ldi. Buni geosiyosiy kontekstda tushuntirish mumkin. AQSh va Xitoy o‘rtasidagi istiqboldagi strategik tirashuv borgan sari kristallashib bormoqda, mana shu fonda geosiyosiy kurash maydonlaridan biri aynan Markaziy Osiyo. Markaziy Osiyodagi eng muhim davlat esa O‘zbekiston.
— Qaysi tashqi siyosiy vektorlarni kuchaytirishga erisha oldig-u, qaysilariga yetarli e’tibor berilmadi?
Ulug‘bek Hasanov: — Markaziy Osiyo vektori davlatimiz uchun muhim. Bu vektor qaysidir ma’noda O‘zbekiston Respublikasi bo‘ynidagi katta bir yuk. O‘zbekiston – barcha Markaziy Osiyo davlatlarini bir-biri bilan bog‘lab turuvchi konstruktiv kuch, barcha Markaziy Osiyo davlatlari bilan umumiy chegaralarga ega yagona davlat. Biz bu chegaralardan transchegaraviy transport bog‘liqlik, ishlab chiqarish klasterlari orqali foydalansak bo‘ladi, davlatimiz rahbariyati ham shu masalani ko‘p ko‘taradi. Klaster loyihalar davlatlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni oshiradi. Bu narsa mintaqadagi konstruktiv bog‘liqlikni oshirib, xalqaro maydonda yaxlit mintaqa sifatida ko‘rsatadi.
Yana bir vektor – Yaqin Sharq mintaqasi. Ilgari bu mintaqaga katta e’tibor qaratmaganmiz, ammo bu yil ushbu mintaqa bo‘yicha qat’iy pozitsiya bildiryapmiz. Bu narsa xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yaxshi qabul qilinyapti. Abu Dabidagi katta tadqiqot markazi o‘z hisobotida Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqalarini bog‘lab turuvchi kuch sifatida O‘zbekistonni e’tirof etgan.
— Transport logistika bo‘yicha yil davomida ilgari surilgan loyihalarning qaysilari biz uchun muhimroq? Qaysi loyihalar ustuvor qo‘yilib, qay birlariga yetarlicha e’tibor berilmadi?
Nargiza Umarova: — Bu savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berishdan oldin vektorlarga to‘xtalmoqchiman. Rostdan ham biz uchun Yaqin Sharq vektori muhimlashib bormoqda, bu yil bu narsa yaqqol ko‘rindi. Yaqin Sharqdagi asosiy o‘yinchilardan biri Eron hisoblanadi, bu davlat bilan munosabatlarimiz 2018 yildan boshlab yanada yaqinlashdi, bu mintaqamiz uchun ham ijobiy holat bo‘ldi. Eronning O‘zbekistonga iqtisodiy qiziqishi yuqori. Shuningdek, transport bog‘liqlikni ta’minlash borasida ham shunday.
Fors ko‘rfazi davlatlari ham muhim shu o‘rinda. Bu yil O‘zbekiston va Qatar munosabatlari yili bo‘ldi. Kamida 3 ta yuqori darajadagi uchrashuvlar bo‘ldi, biznes forumlar ham o‘tkazildi.
Bir tomondan Janubiy Kavkaz mintaqasi ham muhim o‘rin tutadi. U yerdagi eng katta o‘yinchi Ozarboyjon. Menimcha, bu yil Turkiyadan ham ko‘ra Ozarboyjon bilan aloqalar intensiv bo‘ldi.
Transport logistika masalasiga to‘xtalsak. O‘zbekiston uchun eng muhim transport koridori Transafg‘on temiryo‘li hisoblanadi. Hali ko‘p muammolar saqlanib turibdi, yil yakunlayotgan bo‘lsa xam, muammolar yechimini topgani yo‘q. Qatar ham bu loyihaga qiziqish bildiryapti, bu temiryo‘l qurilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirishdi, menimcha, bu – ijobiy signal.
Ikkinchisi esa Transkaspiy yuk tashuvlarini faollashtirish masalasi. O‘tgan yili Ukraina urushi fonida shimoliy koridorlar nofaol holatga keldi. Shu sababli Xitoydan Yevropaga tovarlar Transkaspiy koridor orqali o‘ta boshladi, bu vaziyatda O‘zbekiston va Qirg‘iziston muhim imkoniyatga ega bo‘ldi. Shu sababli bu koridorda ishtirok etayotgan davlatlar bilan munosabatlarni yanada mustahkamlashga harakat qildik.
O‘zbekiston nafaqat ikki tomonlama munosabatlarda, balki ko‘p tomonlama munosabatlarda ham faol bo‘ldi. Masalan, Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doiralarida ham transport koridorlarini yaratish imkoniga ega bo‘lyapmiz. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida Eron bilan muhim kelishuvga erishildi: Yevropa yo‘nalishiga Eron va Janubiy Kavkaz orqali alohida transport koridorlarini yaratish bo‘yicha kelishuv bo‘ldi.
Transport logistika borasida Eron bilan aloqalar yuqori darajada, ijobiy holat bu. Eron tranzitidan unumli foydalanishga ham erishyapmiz, bu ham muhim yutuq hisoblanadi.
— Kamoliddin aka, mintaqamiz va O‘zbekiston tashqi siyosatiga geosiyosiy prizmadan qarasak.
Kamoliddin Rabbimov: — Yilning birinchi yarmida prezident Mirziyoyev qudratli davlatlar O‘zbekiston kim tomonda bo‘ladi, degan savol qo‘yyapti, deb aytgan edi. 2016 yilgacha O‘zbekiston dixotomik tashqi siyosat olib bordi. Agar Moskvaga yaqinlashsa, uning opponentlaridan avtomatik ravishda masofa saqlar edi. Vashingtonga yaqin bo‘lganda ham shunday bo‘lardi.
Bugungi kunda O‘zbekistonning geosiyosiy konsepsiyasi Markaziy Osiyo mintaqasiga ham yoyildi. 2016 yilgacha Markaziy Osiyoda geosiyosiy bo‘linish bor edi, kimdir Moskvaga yaqin bo‘lsa, kimdir G‘arbga moyil edi. Bugun esa Markaziy Osiyo ko‘p vektorli siyosat olib boryapti. Umuman, 5 ta respublika bir-biriga qarama-qarshi pozitsiyada emas. AQSh, kollektiv G‘arb, Xitoy, Rossiya va global Janubga nisbatan bir siyosat olib bormoqda. Dunyodagi konfliktlar fonida ham Markaziy Osiyo o‘zining neytralligini saqlay olyapti. Bu esa muhim yutuqlardan biri.
Ulug‘bek Hasanov: — Yuqoridagi fikrlarga to‘la qo‘shilaman. Oxirgi 5 yillikda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqaro munosabatlarda yakdil bir qatnashchi sifatida shakllanyapti.
Markaziy Osiyoda juda katta logistik tranzit kuch bor. Ilgari Markaziy Osiyo uzilib qolgan mintaqa sifatida e’tirof etilardi, ammo so‘nggi yillarda qarashlar parchalanib, yirik tranzit potensialiga ega mintaqa sifatida namoyon bo‘lmoqda. Uzoq Sharq, Yevropa, O‘rta yer iqtisodiyotlarini bog‘lab turuvchi eng katta logistik mintaqa bo‘lib qolmoqda. Sian sammitida ham Xitoy tomoni Markaziy Osiyo orqali Transkaspiy koridoriga chiqib, Ozarboyjondagi Zangezur koridori orqali Yevropaga chiqish g‘oyasini ilgari surdi.
Xitoyning YeI bilan tovar aylanmasi miqdori 900 mlrd dollardan oshiq. Shimoliy koridorlar yopilgani sabab 31 kunlik yo‘l – Malakka bo‘g‘ozi orqali Yevropaga yuk tashiyapti. Transport xarajatlari esa 8-10 foizni tashkil etyapti, bu degani 100 mlrd dollarga yaqin bo‘ladi. Shuning uchun ham Markaziy Osiyo tranziti muhim hisoblanadi Xitoy uchun. Xarajatlarni qisqartirishdan tashqari, Markaziy Osiyodan o‘tuvchi temiryo‘llar eng xavfsiz yo‘llardan biri hamdir. Bundan tashqari, Hindiston va Pokiston temiryo‘llarining tashish tezligi 45-50 km/s bo‘lsa, Markaziy Osiyo temiryo‘llariniki 75 km/s tezlikni tashkil etadi. Bular ham muhim xususiyatlardan.
Nargiza Umarova: — Na O‘zbekiston, na boshqa Markaziy Osiyo davlatlari hozircha yirik siyosiy ambitsiyalarni ilgari surolmaydi, bu narsa vazifa ham qilingani yo‘q. Shuning uchun O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini oshirish yo‘lidan boryapti, men shunday ko‘ryapman. Transport logistika bo‘yicha faollik ham shu pozitsiyadan kelib chiqyapti.
Rostdan ham Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston transport logistika uchun yopiq degan qarashlar eskirdi, biz bu jarayonni yengib bo‘ldik. Endi to‘siqlarsiz koridorlarni yaratish masalasini qo‘yib, bunga erishyapmiz ham. Masalan, Eron orqali katta imkoniyatlarga ega bo‘lyapmiz. O‘zbekiston Erondagi Chobahor portiga investitsiya ham kirityapti. Bu portdan foydalanuvchi asosiy uchinchi davlat sifatida O‘zbekiston kirib bordi, ya’ni Hindiston, Eron va O‘zbekiston endi bu portdan foydalanadi va o‘z obektlarini quradi.
Transkaspiy koridorida foydalaniladigan Boku portiga ham investitsiya kirityapmiz. Hatto flot tuzish ham rejalashtirilyapti, bu bo‘yicha Ozarboyjon bilan kelishuvga erishildi. Qozog‘iston va Turkmaniston bilan hamkorlik qilmoqchimiz. Umuman, transport logistika borasida O‘zbekiston o‘ta faol pozitsiyaga ega.
Zangezur koridori ochilishi tarafdori bo‘layotgan davlatlardan biri ham O‘zbekistondir. Bu koridor ochilishidan Xitoy ham, biroz qarshilik bildirayotgan Eron ham manfaat ko‘radi. Transport logistikasida ko‘pchilik havas qiladigan pozitsiyaga erishib turibmiz. Agar rejalashtirilayotgan loyihalar oxiriga yetsa, O‘zbekiston transport logistika HABiga aylanishi mumkin. Biz hali ochilmagan transport logistika potensialiga ega bo‘lgan Afg‘oniston bilan ham qo‘shnimiz, bu davlatga chiqish uchun O‘zbekistonchalik potensialga ega davlat yo‘q.
— Yangi yilga O‘zbekiston va mintaqa davlatlari qanday chaqiriqlar bilan kirib kelyapti?
Ulug‘bek Hasanov: — Davlatimiz tomonidan ko‘tarilayotgan tizimli tashabbuslar davlatimiz va mintaqamiz oldida turgan chaqiriqlarga qaratilgan. Eng katta chaqiriqlardan biri – mintaqadagi suv manbalaridan oqilona foydalanish bo‘lyapti. Butun Markaziy Osiyo suv xo‘jaligida kuzatiladigan suv taqchilligiga yechim sifatida innovatsion sug‘orish va taqsimlash tizimlarini joriy qilish masalasi qo‘yilmoqda. Umuman, 2030 yilgacha bo‘lgan dasturda ham bu masala asosiy o‘rinlarda turadi.
Yashil energetikani joriy qilish masalasi ham turibdi. Tashqi hamkorlarimiz bilan birgalikda bu sohani rivojlantirishimiz kerak bo‘ladi.
Nargiza Umarova: — Xavfsizlik masalasi ham bor bu yerda. Umuman, tashqi dunyodagi keskinlashuv fonida bu masala o‘rtaga chiqadi. Markaziy Osiyoning o‘zidagi Afg‘oniston masalasi bor, doimgidek Afg‘oniston faktori xavfsizlikka soya soluvchi sifatida ko‘riladi. O‘zbekiston «Tolibon» hukumatga kelgach, oshkora ravishda ular bilan diplomatik bo‘lmasa-da, iqtisodiy aloqalarni davom ettiryapti. Ba’zilar buni yoqlamasa-da, bizning pozitsiyamiz aniq, buni Qozog‘iston ham qo‘llayapti. Lekin xavfsizlik nuqtai nazardan Afg‘onistondagi vaziyat noaniqligicha, barqaror emasligicha qolmoqda.
O‘zbekiston yirik tashkilotlar doirasida, xususan, BMTda Afg‘onistonni o‘z holiga tashlab qo‘ymaslik, humanitar inqirozga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi. Bu faqat chegaradosh bo‘lganimiz uchun emas, biz Afg‘onistonni iqtisodiy rivojlanayotgan davlat sifatida ko‘rishni istaymiz. Chunki bu mintaqa davlatlari va jahon hamjamiyati uchun ham muhim.
Davlatimiz suverentitetiga tahdid sifatida gapirayotgan ba’zi siyosatchilar va kuchlar ham yo‘q emas. Bugungi kunda suverentitetni mustahkamlash, ichki mobillikni ham kuchaytirish muhim. Dunyoda keskinlashuv kuchayib boradi, shuning uchun biz tayyor turishimiz. Keyingi yil Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham, dunyo davlatlari uchun ham murakkab bo‘ladi.
Kamoliddin Rabbimov: — Kollektiv g‘arb bilan Rossiya va Xitoyning munosabatlari nihoyatda taranglashmoqda. O‘zbekiston – Markaziy Osiyo mintaqasining markazida joylashgan davlat. Kelajakda kollektiv g‘arb, Rossiya va Xitoy munosabatlari yanada taranglashadi, bu esa O‘zbekiston tashqi siyosati uchun murakkab vazifa qo‘yadi. Bir tomondan har bir vektor bilan hamkorlikni kuchaytirib borish, qaysidir tarafga o‘tishga majbur bo‘lmaslik va geosiyosiy mustaqillikni saqlab qolish. 2023 yilda Rossiya va Ukraina urushi yuqori darajaga ko‘tarildi. O‘zbekiston o‘z neytralligini saqlab turdi, ammo qadriyatlarga ko‘ra, Ukrainaning hududiy yaxlitligi va mustaqilligi e’tirof etildi.
Xitoydagi Sian sammiti, Nyu-Yorkdagi uchrashuvlar bo‘ldi. Barcha qudratli davlatlar Markaziy Osiyoni o‘z tomoniga og‘dirishni istaydi. Lekin Markaziy Osiyoning manfaati – bu davlatlarning barchasi bilan iqtisodiy va siyosiy hamkorlik qilish va ular o‘rtasidagi ziddiyatlarda ishtirok etmaslikdir. Bu muvozanatni saqlash borgan sari qiyinlashib boradi, hozircha bu muvozanat mahorat bilan saqlanyapti.
Mintaqa integratsiyasi masalasi ham bor. Hukumatga yaqin bo‘lgan bir ekspert bir fikr aytib qoldi. Agar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuv kengashini biror tashkilotga aylantirsak, Rossiya shu zahoti bu tashkilotga kiraman deb ariza beradi va qanday yo‘q deb javob berishni bilmay qolamiz. Shuning uchun maslahat kengashi formatida ushlab turibmiz, degan fikrni aytdi. Rostdan ham shu paytgacha Markaziy Osiyoni birlashtirishga qaratilgan barcha tashkilotlarga Rossiya ariza bergan va tashkilotga kirib, uni transformatsiya qilgan.
Nargiza Umarova: — Yirik davlatlar orbitasiga tushib qolmaslik jiddiy masala hisoblanadi. Buning ham o‘z mexanizmlari bor. Masalan, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida O‘zbekiston kuzatuvchi maqomida turibdi, lekin Rossiya siyosiy doiralari O‘zbekiston a’zo bo‘lishi kerak deb hisoblaydi, a’zo bo‘lish esa Rossiya ta’sir doirasiga tushib qolish bo‘ladi. Xuddi shunday Xitoy tomonidan ham bunday loyihalar bor, bundan keyin ham bo‘ladi. Shuning uchun bunday loyihalarda ishtirok etayotganda bog‘liqlik, moyillikdan qochish kerak, suverenitetga daxl qilish vositasi bo‘lib qolmasligi lozim.
Bu narsa nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo davlatlari uchun ham bir muammoli masala. Har bitta katta siyosiy kuch o‘zi uchun moyil davlatlarni qidiryapti va moyillikni kuchaytirish uchun har xil vositalar ishga solinyapti. Bu kabi geosiyosiy loyihalar ham shulardan biri.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
20:10 / 21.12.2024
Putinning Kiyevda duel taklifi va G‘arb bilan muzokaraga kirishgan Jo‘laniy - geosiyosiy hafta tahlili
21:07 / 19.12.2024
Putin bilan yil yakunlari: asosiy savollarga javoblar haqida qisqacha
20:15 / 17.12.2024
Blinken Yaqin Sharqda. AQShning Suriyadagi manfaatlari nimalar?
18:42 / 14.12.2024