O‘zbekiston | 21:15 / 30.12.2023
57435
14 daqiqa o‘qiladi

Tajribasiz rahbarlar, tumanlararo elektropoyezd, shov-shuvli tunnel, jamoatchilikdan umid va shaxsiy hayot – Erkinjon Turdimov bilan suhbat

Samarqandliklar uchun ba’zi ochiq qolayotgan savollarga javoblar, uzoq yillik hokimlik tajribasi, hali hech qayerda ma’lum qilinmagan yangiliklar, hokimlarning saylanishiga munosabat va boshqalar... Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bir kunlik faoliyati davomida unga hamroh bo‘lgan Kun.uz muxbiri bilan shaxsiy va professional hayoti haqida suhbatlashdi.

Hokim dastlab yangi loyihalar va rejalashtirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.

— Birinchi rejamiz daryoning Farhod shaharchasidan Charxin yo‘ligacha bo‘lgan qismini obodonlashtirib, uning atrofida sputnik shahar qurish. Taxminan 250 ming aholi istiqomat qilishiga mo‘ljallangan shaharcha bo‘ladi. Daryo yoqasida odamlar hordiq chiqarishi uchun bog‘lar, dam olish maskanlari yaratiladi. Hozir snos ishlari olib borilyapti, 74 gektar yer tozalangan. Bu yerdagi mahallalarda 2 yildan beri odamlar bilan kelishuv, kompensatsiya to‘lash ishlari ketyapti. O‘zi bu hududning infratuzilmasi yo‘q, yo‘l ham, suv ham, elektr ham qoniqarli emas. Aholi ham to‘liq yashamaydi, ba’zilar o‘zlari qachon buziladi, qachon sotib olasizlar, deb so‘raydi, norozi bo‘layotganlar ham bor. Lekin hamma bilan kelishib, bozor narxida narxlab pulini beryapmiz. Nasib etsa, kelasi yildan qurilish ishlari boshlanadi.

638 gektar yerdan taxminan 280 gektarida binolar quriladi, qolgani yashil hudud, dam olish, sayr maskanlari bo‘ladi. Bu loyihani qurishga ko‘p kompaniyalar qiziqish bildiryapti, Rossiya, Yevropa, Turkiya, Xitoydan qiziquvchilar ko‘paygan. Umuman, bu loyiha qurilishi 2024-2028 yillarga rejalashtirilgan. Uy qurishi eng osoni ekan o‘zi, uning kommunikatsiyasini, infratuzilmasini qilib olish qiyini. Shularning hammasini dastlab puxta loyihalab olish kerak bo‘ladi.

O‘zbekiston aholisining ham sotib olish, to‘lovchanlik qobiliyati oshyapti. Buni nimadan bilsa bo‘ladi? Qurilayotgan uylarning hammasi sotilyapti, uy izlab yurganlar ko‘p, shahar ko‘chalari, do‘konlarga, yemakxonalarga keluvchi odamlar ko‘paygan, savdo hajmlari ortgan.

— Tarixiy uslubda qurilgan «Boqiy shahar» majmuasi foydalanishga topshirilganda ko‘pchilik e’tiroz ham bildirdi. Agar haqiqiy tarixiy shahar bo‘lsa, soxtasini qurish nimaga kerak edi o‘zi, degan savollar ham qo‘yishdi. Shu haqida ham fikringiz?

— Sayyohlar oqimini ko‘paytirish, ularning sayohat davomiyligini uzaytirish uchun sharoit kerak, mehmonxonalar, turli e’tibor tortar joylar zarur. Kelgan sayyoh bir kunga kelgan bo‘lsa, 2-3 kun qolsin. Maqsad sayyohlarni ko‘proq ushlab qolish. «Boqiy shahar» atrofida hali ko‘ngilochar, manzarali joylar qurilishi davom etadi.

Gurjistonning Tbilisi shahriga yiliga 8 mln xorijiy sayyohlar keladi. Bizning kam joyimiz yo‘q, tarixiy obektlarimiz yetarli. Biz shu darajada sayyoh jalb qilishimiz uchun katta aeroport, mehmonxonalar kerak. Shu darajadagi sayyohlarni jalb qilmoqchi bo‘lsak, «Boqiy shahar»dan 10 ta kerak bizga. Taassurotlar tugab qolishi kerakmas, sayohat qiladigan joylari ko‘p bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy ziyoratgohi yonida ham katta kompleks majmua qurilyapti. Halollik standarti bilan mehmonxonalar qurilyapti. Agar ziyorat turizmini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yolsak, bizda juda katta potensial bor.

— Samarqandni dunyoga tanitish targ‘ibot ishlari qanday bo‘lyapti?

— Yaqinda Samarqandda turizmni rivojlantirish bo‘yicha UNWTO assambleyasining 25-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu judayam katta targ‘ibot vositasi bo‘ldi, butun dunyodan turfirmalar tashrif buyurdi. Ertaga O‘rimchi shahrida turizm yarmarkasi boshlanadi. O‘rinbosarim ham o‘sha yerda borib, Samarqandning turizm salohiyatini ochib beruvchi taqdimot o‘tkazadi.

Yana bitta juda katta voqelik bo‘ladi. YuNeSKOning 40 yildan beri faqat Parijda o‘tkazilayotgan 2 yillik hisobot yig‘ilishi 2025 yilda Samarqandda bo‘ladi. Bu sayyohlar oqimini keskin ko‘paytiradi. Faqatgina Parijda bo‘ladigan yig‘ilish Samarqandda bo‘lishi juda katta narsalarni anglatadi. Butun dunyo ommaviy axborot vositalarida Samarqand ko‘rsatiladi, jarayonlar yoritiladi. Juda katta effekt beradi bu.

Kelayotgan odamlar bepul kelmaydi, xizmatlarning pulini to‘laydi. UNWTO doirasida 2 mingta odam keldi, shular, deylik, 500 dollardan pul tashlab ketishdi, ancha mablag‘ bo‘ladi bu. Bu mablag‘lar xizmatlar hajmi kengayishi, odamlarimiz turmush tarzi yaxshilanishiga bevosita xizmat qiladi. Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti, Yevropa taraqqiyot banki, UNWTO kabilarning katta anjumanlari o‘tkazilgach, Samarqanddagi xizmat ko‘rsatish darajasi ancha o‘sdi.

— Yaqinda Xitoyda bo‘lib qaytdingiz. Davlat xizmatchilarining chet davlatlarda malaka oshirishi qanday natija beryapti? Sizning Xitoyga borishingiz nimasi bilan o‘zini oqlaydi?

— «Yurgan — daryo, o‘tirgan — bo‘yra» degan gap xalqimizda. Bir joyda qobiqqa o‘ralib o‘tiraversa, rivojlanish bo‘lmaydi. Ko‘rish, o‘rganish, solishtirish va harakat qilish kerak. Tajriba almashish shart. Buni noto‘g‘ri deydiganlar kaltabin odamlardir.

Xitoy bilan ko‘proq tajriba almashish kerak. U yerda kapital almashinuvi juda tezlashgan. Hamma narsani lokalizatsiyalagan, o‘rganadigan jihatlar juda ko‘p. Xitoyning ilm-fanga ajratayotgan sarmoyasi, erishayotgan natijalari kishini hayron qoldiradi.

Bu safarga asosan turli yo‘nalishdagi tadbirkorlarni olib bordik. Samarqand biznes vakillari bilan xitoylik biznesmenlarni uchrashtirib, tajriba almashtirdik. Bundan tashqari, universitet xodimlaridan, hokim yordamchilari va boshqa soha vakillari ham borishdi.

— 2 yil oldin ish boshlagan hokim yordamchilarining faoliyati haqidagi fikringiz. Ularsiz nima yutqazgan edik va ular bilan nima yutyapmiz?

— Birdan natija so‘raymiz, lekin natija bo‘lishi uchun vaqt kerak. Hokim yordamchilari ish boshlaganiga endi 2 yil bo‘ldi. Shu tizim orqali aniq manzilli kreditlash mexanizmi paydo bo‘ldi, kam ta’minlangan oilalarni ish bilan ta’minlash mezonlari ishlab chiqilib, tatbiq etila boshladi. Eng muhimi, mahallalarning imkoniyati qandayligi aniq bo‘ldi.

— Zarafshon daryosidan shag‘al olish masalasi ham ko‘p ko‘tariladi. Ekologik qo‘mita ham, hokimiyat ham qaramaydi, deyishadi. Shunga munosabat bildirsangiz.

— Ko‘p tanqid qilishadi, bu o‘rinli ham deb bilaman. Ammo tanqid qiluvchi blogerlar o‘sha qaziyotganlarni ham bir surishtirishi, aniqlashi kerak. Jamoatchilik ham qarshi bo‘lishi kerak, mana, hozir jamoatchilik nazorati ortidan 90 foiz shag‘al olish yo‘qoldi, to‘g‘ri, hali ham bor, yo‘q emas.

Demoqchimanki, ijtimoiy madaniyat ham muhim. Oddiy ko‘chalarga axlat tashlash masalasini olaylik, Yaponiyada axlat tashlaydigan qutining o‘zi yo‘q, lekin ko‘chalar top-toza, odamlar axlat-chiqindilarni ko‘chaga tashlash tugul, ko‘chada qo‘yilgan axlat qutiga ham tashlashmas ekan, uyiga olib ketishadi.

Tuman, shahar darajasidagi rahbarlarda tajriba yetishmasligi bor, kamchiliklar mavjud. Agar jamoatchilik bilan birga harakat qilsak, tanqid qiluvchilar ham vaziyat bo‘yicha aniq faktlar bilan, mas’ullarni aytishsa, bu ham ishimizni yengillashtiradi.

— Qaysi viloyatda hokim o‘laroq ko‘proq asabiylashgansiz?

— Qayerga borsa ham, o‘sha yerda yanada yaxshiroq ishlashga harakat qilish kerak. Bu yerda ahvol yaxshi, deb tashlab qo‘ymaslik kerak. Xalq ham oldingi rahbardan o‘tkazib nima yangilik qildi, deb so‘rab turadi. Shunday ishlagandan keyin baribir asabiylik bo‘ladi. Shuning uchun qaysidir joyda qiyin, qaysidir birida oson bo‘lgan deyolmayman. Lekin qayerda bo‘lsam ham, katta tajriba orttirganman deb o‘ylayman.

Xitoyga borganimda ham tajriba orttirish bilan birga qachon biz shunday bo‘lamiz, degan savol ham qiynadi. Hammasi o‘zimizga bog‘liq, O‘zbekistonning do‘sti ham faqat O‘zbekiston. Hayot shunday bo‘lyapti, ertaga nima bo‘lishini bilmaydigan tahlikali, beqaror davrda turibmiz.

— Samarqandning yo‘llari respublikada eng yomon yo‘llardan biri edi. Hozir katta qismi yangilangan. Bu sizning hokimlikka kelishingiz bilan bog‘liqmi yoki boshqa sabablari bormi?

— Aytganimdek, katta-katta anjumanlar bo‘la boshlagach, xizmat ko‘rsatish ham ancha yaxshilanib qoldi. Yo‘l qurilishi sohasiga ham Germaniyadan mutaxassislar olib keldik. Ulardan o‘zimizning kadrlar ham tajriba olishdi.

Lekin kamchiliklar ham bor. Yaqinda Payariq tumaniga borsam, yangi qurilgan yo‘l umuman talabga javob bermaydi. Muddati o‘tib ketgan, hokim keladi deb bir kunda qurib qo‘yishibdi. Qaytadan qilishni quruvchining bo‘yniga ildim.

— Shahar yo‘llarida tirbandliklar paydo bo‘ladi odamlar oqimi ko‘paygach, bunga qanday yechimlar o‘ylab qo‘ygansiz?

— Birinchi o‘rinda jamoat transportlarini rivojlantirishimiz kerak. Odamlarga jamoat transportlari qulay bo‘lib, manziliga tezroq yetadigan bo‘lishi lozim. Hozircha boshlanishiga 100 ta gazga ishlaydigan avtobus, 6 ta elektrobus oldik, yana 100 ta elektrobus uchun shartnoma qilinyapti. 2025 yil oxirigacha 350 ta elektrobus sotib olishimiz kerak. Bundan tashqari, Bulung‘ur-Samarqand-Juma yo‘nalishida elektropoyezd qatnovini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Urgut va Kattaqo‘rg‘on o‘rtasida, Paxtachi va Bulung‘ur o‘rtasida ham marshrutlar yo‘lga qo‘yish rejalashtirilyapti. Jamoat transporti shunday rivojlanib, arzon va qulay bo‘lgach, o‘z-o‘zidan shaxsiy avtomobillar qatnovi kamayadi.

— Ishlardan ortib oilaga qanchalik vaqt ajratolasiz? Do‘stlar davrasidagi Erkinjon Turdimov qanday?

— Oila muqaddas, albatta. Yakshanba kunlari to‘liq oilam bilan bo‘lishga harakat qilaman.

Do‘stlarim u darajada ko‘p emas, ko‘proq sinfdoshlar bilan yaqinman. Davramiz shu oddiy, samimiy bo‘ladi.

Hozir yil yakuni. Samarqand viloyati mahalliy budjetida qancha mablag‘ qolyapti yil yakunida?

— Budjetda 350 mlrd so‘m atrofida pul bilan chiqyapti.

Markaziy shahar haqida gaplashdik, xo‘sh, Samarqand viloyati aholisiga qanday yangiliklar bor?

— Yuqorida aytilgan yangiliklarning ham butun Samarqand viloyatiga tegishlilari bor. Masalan, Kattaqo‘rg‘on shahri bo‘yicha alohida dasturimiz bor, katta yangiliklar bo‘ladi. Umuman, har bir tumanning iqtisodiy rivojlanishi bo‘yicha alohida dasturlar qabul qilingan. Eng asosiy masala bo‘lmish ishchi o‘rinlari yaratishga katta e’tibor berilyapti.

— Agar hokimlarni saylash tizimiga o‘tsak, o‘z nomzodingizni qaysi viloyatga qo‘ygan bo‘lardingiz?

— Oldin shu tizimga o‘taylik, keyin bu savolga javob bersam bo‘ladi. Hali bu to‘g‘risida o‘ylab ko‘rmagan ekanman.

Bu tizimga o‘tishning ham plyus-minus taraflari bo‘ladi, shuning uchun dastlab sinov tariqasida joriy qilish kerakdir, o‘rganib, kamchilik bo‘lsa bartaraf etish uchun.

— Samarqanddagi Gagarin va Ro‘dakiy ko‘chalarida tunnel qurilyapti. Bu tunnellar qanchalik o‘zini oqlaydi, muqobil variantlari bormi?

— Germaniyaning Myunhen shahrida shu tunnellar yechim bo‘lgan, u yer ham tarixiy shahar. Bu masalani ko‘p muhokama qildik, jamoatchilik bilan, mutaxassislar bilan, aynan Kun.uz saytida shu muhokamalar bo‘yicha materiallar ham chiqqan. Shuning uchun xulosa sifatida bu yechim bo‘loladi, deb aytolaman. Hamma narsa hisob-kitob qilingan, o‘tkazuvchanlik ham, boshqa jihatlar ham, aytganimdek, juda ko‘p muhokamalardan o‘tdi bu loyiha.

— Chet davlatlar bilan hamkorlik qay darajada ketmoqda?

— Samarqand viloyati bo‘yicha bu ishlar juda yaxshi yo‘lga qo‘yilmoqda. Ko‘proq energetika, qurilish, xizmat ko‘rsatish sohalarida hamkorlik bo‘lyapti. Xususan, xizmat ko‘rsatish sohalarida Germaniya, Italiya, Vengriya, Turkiya kabi davlatlar bilan, qurilish sohasida Avstriya bilan, oziq-ovqat sohasida ham hamkorlik bo‘lyapti. Xitoy bilan ham deyarli barcha sohada hamkorlik bo‘lyapti.

Sardorbek Usmoniy suhbatlashdi.

Mavzuga oid