Mourinio - jamoalari, mavsum favoriti va sochini kim oqartirgani haqida
«Chelsi»ning sobiq futbolchisi Jon Obi Mikelning podkasti mehmoni bo‘lgan murabbiy «Liverpul» bilan mashhur o‘yinni esladi, bugungi avlod futbolchilarini tanqid qildi, shuningdek o‘z vaqtida De Bryuyne va Saloh nega qo‘yib yuborilganini ham izohladi.
Jurnalistlar va muxlislar uchun futbol kabi qiziq narsa nima? Albatta, Joze Mourinioning matbuot anjumanlari, shunday emasmi? Tabiiyki, u yerda ba’zida noto‘g‘ri gaplar, mind games ham bo‘ladi, demak, agar u intervyuga rozilik bersa, ajoyib voqea. Agar suhbatdosh uning sobiq shogirdi bo‘lsa, bayram.
«Chelsi»ning sobiq futbolchisi Jon Obi Mikel The Obi One Podcast loyihasiga qo‘l urdi va Joze Mourinioni taklif etdi. Quyida suhbatning e’tiborga molik qismlari havola etiladi.
Mourinio podkastlarda ko‘p qatnashmaydi. Nega aynan Jonga rozilik berdi?
— Chunki u – o‘zimning bolakayim. O‘zimizning yigitlardan kim chaqirsa, albatta qatnashgan bo‘lardim, Jon birinchi bo‘ldi. Esimda, rahbariyatga mashg‘ulotlarga energiya olib kiradigan yosh futbolchi olib berishni so‘ragandim. Norvegiyada to‘p surayotgan afrikalik yigitchani tavsiya qilishdi. «U baquvvatmi?» deb so‘radim. Tasdiqlashdi. Men shunchaki kuchli o‘smirni ko‘raman deb o‘ylagandim, yo‘q birinchi ko‘rganimdayoq uning o‘ziga xosligini anglab yetdim. Afsuski, Jonni ser Aleks ham ko‘rib qolgandi va futbolchi uchun haqiqiy jangni yutib chiqishimizga to‘g‘ri keldi. «Chelsi» va Jonning o‘zining baxtiga, biz bu kurashda g‘olib chiqdik.
Asr boshlaridagi «Chelsi» haqida
— Nega o‘sha «Chelsi» yaxshi edi? Chunki klubda Roman Abramovich bor edi. Pulning ahamiyati katta. «Chelsi» misolida buni payqash qiyin emasdi. Hozir buni «Manchester Siti»da ham ko‘rib turibmiz. «Chelsi» avvalgidek bo‘lmasa-da, hozir ham top-klub sifatida e’tirof etishim mumkin.
Eng yaxshilar bizda edi. Yaxshi murabbiy, yaxshi o‘yinchilar. Sport direktori Piter Kenon bilan har qanday futbolchini tanlashimiz mumkin edi. Faqat maydondagi muvaffaqiyatlari emas, uning xarakteri, mentaliteti, jamoaga qay darajada qo‘shilib keta olishigacha ahamiyat berardik.
Mashg‘ulotlar haqiqiy o‘yindek kechardi. Har bir futbolchi mashg‘ulotlarni murabbiy oldida o‘zini ko‘rsatish, asosiy tarkibga loyiqligini namoyish qilish imkoniyati sifatida qarardi. Men bemalol Terrining oldiga borib, yomon o‘ynayotgani, yangi himoyachi sotib olishim mumkinligini aytardim, u esa darhol qizishib, mashg‘ulotlarga zo‘r berardi.
Hozir hammasi boshqacha. Ko‘p murabbiylarning e’tirof etishicha, asosiy muammo sifatida futbolchilarning mentaliteti bo‘lib qolmoqda. Hozirgilar uchun mashg‘ulotlar bu shunchaki mashg‘ulot, undan ortiq emas. Agar bugungi avlodga o‘sha paytdagi munosabatimni qilsam, umuman maydonga chiqa olishmasdi ham. U paytlarda tanaffusda janjal ko‘tarardim, hatto massaj stollari uyoqdan buyoqqa uchardi. Bilardimki, bu o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, hozir shogirdlarim ikkinchi bo‘limga g‘alaba uchun odam o‘ldirishga ham tayyor holatda chiqishadi.
Misol uchun, Frenk Lempard. U haqiqiy professional edi. O‘tgan ikki yarim yilda biz bir necha bor urishib qolganmiz. «Manchester Siti» bilan o‘yin oldidan ham shunday bo‘ldi. Frenk kasal bo‘lib qoldi, harorati qirqdan oshib ketgandi. Ammo baribir maydonga tushmoqchi bo‘ldi, chunki qatorasiga asosiy tarkibda tushish bo‘yicha qanaqadir rekordni urmoqchi edi. Men buni taqiqladim va bu holatda maydonga tushmaslik kerakligini aytdim.
O‘sha «Chelsi» Mourinio boshqargan eng zo‘r jamoami?
— Bunday deyish boshqa jamoalarga, «Inter», «Real» yoki «Portu»ga nisbatan behurmatlik bo‘ladi. Men «Chelsi» bilan Chempionlar Ligasini yutolmadim. 2004/05 yillar mavsumida yarimfinalda noto‘g‘ri hisoblangan gol tufayli yutqazganmiz. Agar o‘sha paytlarda zamonaviy texnologiyalar bo‘lganida, finalga chiqib, g‘alaba qozonishimiz mumkin edi.
Shuni aniq ayta olamanki, o‘zimni o‘sha «Chelsi» tarkibi a’zolaridan biri sifatida his qila olardim. Prinsiplarimiz, qadriyatlarimiz o‘xshash edi, ularga yoqmagan narsa menga ham yoqmasdi. Biz bir butun bo‘lganmiz.
Kevin de Bryuyne va Muhammad Saloh nega sotib yuborilgan?
— Hammasi oddiy. Ular shuni istagani uchun ketgan. Kutishni xohlashmagan. Vaqt shuni ko‘rsatdiki, ular adashishmagan, ko‘p yutuqlarga erishdilar.
Menga doim Salohni sotib yuborganimni aytishadi, men esa, e’tiroz qilaman, aksincha, axir men uni olib kelganman-ku? «Liverpul» uni «Bazel»dan sotib olmoqchi ekanini bilardim, ammo men aralashib, uni Londonga o‘tishga ko‘ndirdim. «Chelsi»ning asosiy futbolchisiga aylanish uchun yaxshi o‘ynash va sabr qilish talab etiladi. Men shuni tushuntirdim, lekin u kutishni istamadi.
Kevin bilan ham shunga o‘xshash vaziyat. Yozda «Volfsburg» kelib, uni ijaraga so‘radi. Men Kevinni mavsumoldi yig‘inlarda sinab ko‘rmoqchi edim va taklifni rad etdim. U APL o‘yinida asosiy tarkibda maydonga tushdi. «Bavariya»ga qarshi Superkubok uchrashuvida esa zaxirada qoldi. Ertasiga Kevin kelib, ketmoqchi ekanini aytdi. Men fikrini o‘zgartirishga urinib o‘tirmadim.
Mourinio va agentlar
— Ba’zida ular meni jinni qilishardi. Hammasidan ham Lassana Diarraning agenti ajoyib edi. Sochlarimni aynan u oqartirgan. Avval «Chelsi»da, keyin «Real»da. Masalan, agar Lass asosiy tarkibda tushib, yaxshi o‘yin ko‘rsatsa, ertasigayoq agent qo‘ng‘iroq qilib futbolchining maoshini oshirish va yangi shartnoma tuzishni talab qilardi. Agar Diarra maydonga tushmasa, dushanba kuniyoq uchrashuv so‘rab, futbolchi klubdan ketmoqchi ekanini aytardi.
Diarra ajoyib o‘yinchi, «Real», «Chelsi», «Arsenal» va «PSJ» kabi klublarda o‘ynagan, ammo uning agenti bilan muomala qilish azob edi.
«Liverpul»ni chempionlikdan mahrum qilgan o‘yin haqida
— Bu Brendan Rojyers yoki «Liverpul» bilan bog‘liq emas. O‘shanda biz Chempionlar Ligasida yarimfinalga chiqqan, Madridda «Atletiko» bilan durang o‘ynagandik. Kelasi hafta bizni juda muhim o‘yin kutib turardi. Biz Angliyada chempionlik uchun kurashdan chiqib ketgan bo‘lsak-da, Chempionlar Ligasini yutishimiz mumkin edi. APL «Liverpul» bilan o‘yinimizni juma yoki shanba kuniga qo‘ysa bo‘lardi. Biz shuni iltimos qilib murojaat qildik, ammo APL rad etdi va yakshanbaga qo‘ydi.
Jahlim chiqib ketdi. Chempionlik poygasi uchun muhim bo‘lgani uchun agar ikkinchi tarkibni qo‘ysam, «Manchester Siti»ga nisbatan nohaqlik bo‘lardi. Liverpulga yutish uchun kelgandim. Xuddi sovrin uchun kurashayotgandek chog‘langandik. Baribir ba’zi yetakchi o‘yinchilarda dam berdim, masalan, Suaresga qarshi ajoyib o‘ynagan Tomas Kalasni maydonga tushirdim.
Avtobusdan tushiboq, «Liverpul – chempion» deb yozilgan futbolkalar sotilayotganini ko‘rdik. Bunday ishlarni oldindan qilib bo‘lmaydi, tayyor holda qutida o‘z soatini kutib turishi lozim. Albatta, Stivi bilan bo‘lgan voqea achinarli, u bunga loyiq bo‘lgan oxirgi futbolchi, ammo bu ham futbolning bir bo‘lagi.
Biz ajoyib o‘yin ko‘rsatib, g‘alaba qozondik. Rostini aytsam, Brendan uchun afsusdaman, men doim do‘stlarimni qo‘llashga o‘rganganman. Ammo o‘yin kunlari do‘stlikni uyda qoldirish kerak.
Eng afsonaviy raqobat kim bilan bo‘lgan? Gvardiola, Fergyuson, Venger?
— Har bir to‘qnashuv men uchun qadrli. E’tiborli tarafi, nihoyat men ularning har biri bilan juda yaxshi munosabatdaman. Hatto men doim jahlini chiqarib yuradigan Rafa Benites bilan ham.
Venger – ajoyib murabbiy, ko‘p yutuqlarga erishgan. Menimcha, u hech qachon unutmaydigan voqea «Arsenal» bilan o‘zining 1000-yubiley uchrashuvida bo‘lgandi. Tabiiyki, har bir murabbiy bunday kunni unutmaslikka intiladi, ammo rostanam shunday bo‘lib chiqdi – «Chelsi» «Arsenal» ustidan 6:0 hisobida g‘alaba qozongandi.
Eng og‘riqli iste’fo
— Doim aytaman, agar seni iste’foga chiqarishmagan bo‘lsa, hali murabbiy bo‘lib yetishmabsan. Hozirgacha o‘zimga savol beraman – nega birinchi martasida «Chelsi»dan ketkazishgandi? Ha, bizda qiyinchiliklar bor edi, lekin biz vaziyatni o‘nglashimiz mumkin edi. Balkim biror sababi bo‘lgandir.
Aslida meni boshqa iste’fo hayron qoldirgan. Sovrinlar xonasi bo‘m-bo‘sh bo‘lgan klub meni finalga ikki kun qolganda haydab yuborgandi («Tottenhem»ning Liga kubogi finalida «Manchester Siti» bilan o‘yini oldidan Mourinio iste’foga chiqarilgandi).
«Manchester Yunayted» haqida
— «Manchester Yunayted»da ajoyib inson bor, Richard Arnold. Men klubda ekanimda u tijoriy ishlar bo‘yicha direktor edi, hozirgidek bosh direktor emasdi. U men tomonimda bo‘lishini istardim, ammo klubda hammasi murakkab edi, shuning uchun unchalik pushaymonlik yo‘q – men qo‘limdan kelganini qildim, deb hisoblayman.
Men bu klubni, uning muxlislarini yaxshi ko‘raman. Haligacha 2-o‘rin Fergyuson ketganidan keyingi eng yaxshi natija, Yevropa Ligasidagi g‘alaba esa eng katta muvaffaqiyat. Bir kuni Sky eksperti sifatida «Old Trafford»ga bordim. Fanatlar men tomonga o‘girilib olqishlashdi, men haqimda qo‘shiq kuylashdi. Bu e’tiborga arzirli holat, zero muxlislar men klubga borimni berganimni biladi. Qo‘limdan kelganini qilganman.
«Yunayted»da haligacha ba’zi futbolchilar, ba’zi insonlar borki, ular bilan hech qachon muvaffaqiyat qozonib bo‘lmaydi.
Bu mavsum APL chempioni kim bo‘ladi?
— Aytardimki, 51 foiz «Manchester Siti», 49 foizni «Liverpul»ga beraman. «Arsenal»mi? Yo‘o‘o‘q (suhbat «Arsenal»ning yangi yil kunlaridagi mag‘lubiyatli o‘yinlaridan oldin bo‘lib o‘tgan).
Rostini aytsam, «Arsenal»ning chempion bo‘lishini istardim. «Chelsi» bo‘la olmaydi, bunga shubha yo‘q, «Manchester Yunayted» ham poygada emas, tushunarli. Demak, mana shu uch jamoa ichida «Arsenal» nihoyat sovrinni yutsa, juda sevinaman. Lekin taqvimda muhim o‘yinlar soni oshgan sari «Manchester Siti» yana intrigani o‘ldiradi deb qo‘rqaman.
«Nyukasl»? Ular katta mehnat qilishdi va ajoyib o‘yin ko‘rsatmoqda, jamoa uchun xursandman. Yana Parijdagi o‘yinda «Nyukasl» murabbiyi bo‘lmaganimdan xursandman, chunki agar o‘sha yerda bo‘lganimda kamida o‘nta o‘yinga chetlatilgan bo‘lardim.
Mavzuga oid
10:38 / 09.12.2024
Yevropada kambeklar kuni. «Chelsi» himoyachisi raqibga gollar sovg‘a qildi va butsasini tashlab yubordi
13:34 / 11.11.2024
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
12:26 / 04.11.2024
«Barsa»ni to‘xtatib bo‘lmayapti, «MYu» o‘ziga kelmoqda. Kun o‘yinlari
14:31 / 02.11.2024