O‘zbekiston | 23:44 / 04.01.2024
13924
2 daqiqa o‘qiladi

Binance kriptovaluta birjasi O‘zbekistonda litsenziyasiz ishlagani uchun jarimaga tortildi 

Shuningdek, Binance platformasida operatsiyalar anonim kripto-aktivlar, shuningdek, jinoiy yo‘l orqali olingan kripto-aktivlar va mablag‘lar (o‘g‘rilik, firibgarlik va boshqalar) bilan amalga oshirilgani aniqlangan. 

Foto: Reuters

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Binance xalqaro kriptovaluta birjasini bazaviy hisoblash miqdorining 300 barobari (102 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortdi. 

Qayd qilinishicha, birja O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyatni tashkil etish, jumladan, tegishli xizmat ko‘rsatuvchi provayder litsenziyasini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rmagan. 

Shu bilan birga, Binance faoliyatida bir qancha qonunbuzarliklar aniqlangan:

– Binance platformasida operatsiyalar anonim kripto-aktivlar, shuningdek, jinoiy yo‘l orqali olingan kripto-aktivlar va mablag‘lar (o‘g‘rilik, firibgarlik va boshqalar) bilan amalga oshirilgan;

– kompaniya yuridik shaxs – O‘zbekiston Respublikasining rezidenti emasligi;

– O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan serverlarda elektron platforma mavjud emasligi;

– O‘zbekiston Respublikasining kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish, shuningdek shaxsiy ma’lumotlarni saqlash va ulardan foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarining talablariga rioya etilmayotgani;

– bir qismi O‘zbekiston Respublikasi tijorat bankida alohida hisobvaraqda saqlanishi zarur bo‘lgan ustav jamg‘armasi (kapitali) mavjud emasligi. 

Aniqlangan qoidabuzarliklar asosida kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish bo‘yicha bayonnoma tuzilib, ko‘rib chiqish va qoidabuzarliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish uchun Binance birjasiga yuborilgan. 

Qayd qilinishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab, O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslari kriptovaluta aktivlarini sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirishi mumkin.

Mavzuga oid