Buxoroda 2,6 mln dollarlik kriptoaktivlar bilan savdo qilgan 17 yoshli o‘smir ushlandi
Buxoro viloyati IIB Kiberxavfsizlik bo‘limi xodimlari litsenziya olmasdan, 34 milliard so‘m (2,6 mln dollar) qiymatdagi kriptoaktivlar bilan muomalada bo‘lgan o‘smirni ushladi. Endi u 5 yilgacha qamalishi mumkin.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor texnik-surishtiruv ishlari natijasida, Jondor tumanining Zarafshon mahallasida yashovchi 17 yoshli o‘smir yigitni qo‘lga olgan. Bu haqda “Milliy” telekanali xabar berdi.
Rasmiylarga ko‘ra, o‘smir litsenziya olmasdan, 34 milliard so‘mlik kriptoaktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish va ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan.
“Tezkor tadbirda aniqlangan kriptovalutalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi uchinchi qismi bilan jinoyat qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda”, – deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov.
Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi 3 qismida “juda ko‘p miqdordagi kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash” uchun javobgarlik mavjud. Buning uchun o‘smir 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Shuningdek, tayyorgarlik ko‘rilayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyat haqida o‘z ixtiyori bilan arz qilgan va uni ochishga faol yordam bergan shaxs javobgarlikka tortilmaydi.
O‘zbekistonda 2023 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolar va yuridik shaxslari kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy xizmatlar provayderlari orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirishlari mumkin.
O‘zbekiston hududida kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli litsenziya olmagan xorijiy platformalarda kripto-aktivlar bilan har qanday operatsiyalarni amalga oshirish ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalovchi organ – Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xizmatlar provayderlari turlari bo‘yicha litsenziyalarning elektron reyestri”ni yuritadi.
Mavzuga oid
10:24 / 02.12.2024
Buxoro viloyati hokimiga ikki nafar yangi o‘rinbosar tayinlandi
13:41 / 30.11.2024
Prezident yig‘ilishidan keyin Buxorodagi uchta tuman va bir shaharda hokim o‘zgardi
11:36 / 16.11.2024
1 dona Bitcoin 1 kilo oltindan qimmat. Narxlar nega keskin oshdi?
11:40 / 10.11.2024