O‘zbekiston | 13:41 / 30.11.2024
9070
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident yig‘ilishidan keyin Buxorodagi uchta tuman va bir shaharda hokim o‘zgardi

Qorovulbozor tumanini 7 yil boshqargan Akmal Ostonov Vobkent tumani hokimi lavozimiga o‘tkazildi. Kogon shahri hokimi Hayot Davlatov faoliyatini Peshku tumani hokimi sifatida davom ettiradi. Kogon shahriga qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Mirshakar To‘raboyev, Qorovulbozorga viloyat hokimligi boshqaruv apparatining axborot-tahlil guruhi rahbari O‘tkir Hamroyev hokim etib tayinlandi.

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov 30 noyabr kuni uchta tuman, bitta shaharga hokim tayinladi. / Foto: Buxoro viloyati hokimligi

29 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida Buxoro viloyatini rivojlantirish bo‘yicha tanqidiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Rasmiy relizga ko‘ra, unda viloyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari mavjud salohiyatga mos emasligi aytilgan, investitsiyalarni o‘zlashtirish, kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish borasidagi ishlar qoniqarsizligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Viloyatdagi hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va sektor rahbarlariga 6 oy favqulodda ish tartibiga o‘tish topshirig‘i berilgan.

Yig‘ilishning ertasiga, 30 noyabr kuni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov xalq deputatlari Peshku, Vobkent va Qorovulbozor tumanlari hamda Qogon shahri kengashlarini chaqirib, yangi hokimlarni tayinladi.

Peshku tumanini 2020 yil dekabrdan buyon boshqarib kelgan Vahob Hamidovich Qahhorov hokim lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga Hayot Hasanovich Davlatov tayinlandi. Davlatov 2021 yil mart oyidan beri Kogon shahri hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Hayot Davlatov / Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Hayot Davlatov 1979 yilda Peshku tumanida tug‘ilgan. 1999 yilda Sankt-Peterburg davlat universitetini, 2006 yilda Buxoro davlat universitetini, 2011 yilda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi – menejment, iqtisodchi. Ish faoliyatini Buxoro viloyati monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmasida oddiy nazoratchi sifatida boshlab, Buxoro viloyati hokimligi Iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Buxoro viloyati Qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish konsalting markazi direktori, Buxoro viloyati Investitsiya bosh boshqarmasi boshlig‘i, Buxoro viloyati qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Kogon shahri hokimi lavozimiga esa Mirshakar Muzaffarovich To‘raboyev tayinlandi. U bungacha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlayotgandi.

Mirshakar To‘raboyev / Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Mirshakar To‘raboyev 1982 yilda Peshku tumanida tug‘ilgan. 2023 yilda Buxoro davlat universitetini bitirgan. Mutaxassisligi – moliya va iqtisodiyot. Mehnat faoliyatini Buxoro shahar moliya bo‘limi iqtisodchisi sifatida boshlab, viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. Kogon shahri hokimi etib tayinlanishidan oldin Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Vobkent tumani hokimi vazifasida 2021 yil yanvaridan beri ishlab kelgan Farhod Umarov sog‘ligi yomonlashgani munosabati bilan o‘z arizasiga binoan lavozimidan ozod qilindi.

2018 yil fevralidan buyon Qorovulbozor tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Akmal Anvarovich Ostonov Vobkent tumani hokimi etib tayinlandi.

Akmal Ostonov / Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Akmal Ostonov 2002 yilda Buxoro davlat universiteti, 2004 yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini tamomlagan. 2004-2007 yillarda “Buxoroagromashservista’minot” ishlab chiqarish shirkatida ishchi, 2007-2009 yyillarda Buxoro viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yichi birinchi o‘rinbosari kotibiyati referenti, yetakchi mutaxassisi, 2009-2014 yillarda Buxoro viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari kotibiyati bosh mutaxassisi, 2014-2015 yillarda Buxoro viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari kotibiyati mudiri, 2015–2018 yillarda Buxoro viloyati “Qishloqxo‘jalikkimyo” hududiy AJ boshqaruv raisi lavozimlarida ishlagan.

Qorovulbozor tumani hokimi lavozimiga O‘tkir Shomahmadovich Hamroyev tayinlandi. U bungacha viloyat hokimligida mas’ul lavozimda ishlayotgandi.

O‘tkir Hamroyev / Foto: Buxoro viloyati hokimligi

O‘tkir Hamroyev 1976 yilda Peshku tumanida tug‘ilgan. 2000 yilda Buxoro davlat universitetini, 2011 yilda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini bitirgan. Mutaxassisligi – iqtisodiyot va davlat boshqaruvi. Mehnat faoliyatini hisobchilikdan boshlab, Peshku tumani hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, viloyat Iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i, viloyat Raqobat boshqarmasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 2021 yildan beri Buxoro viloyati hokimligi boshqaruv apparati axborot-tahlil guruhi rahbari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Mavzuga oid