O‘zbekiston | 10:24 / 04.01.2024
5180
2 daqiqa o‘qiladi

CNN Travel: O‘zbekiston 2024 yilda tashrif buyurish uchun eng yaxshi maskan

O‘zbekiston 86 davlat fuqarolariga vizasiz kirish imkoniyatini taqdim etgan. Mamlakatning takrorlanmas landshafti va yaxshi saqlangan qadimiy arxitekturasi sayyohlarni kutmoqda.

Foto: Dunyo AA

CNN Travel O‘zbekistonni 2024 yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi maskanlardan biri sifatida e’tirof etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Amerika ommabop saytining yozishicha, 2023 yilda xalqaro turizm pandemiyadan oldingi darajasining qariyb 90 foiziga yetgan.

Shularni hisobga olgan holda CNN Travel 2024 yilda sayohatlarni rejalashtirishda e’tiborga olish kerak bo‘lgan 24 ta eng yaxshi maskanlar ro‘yxatini e’lon qildi. Ushbu borib ko‘rish shart bo‘lgan joylar ro‘yxatida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari ham qayd etilgan.

«Pandemiyadan oldin O‘zbekiston mamlakatni jahon miqyosidagi sayyohlik markaziga aylantirish uchun bir qator ulkan islohotlarni hayotga tatbiq etayotgan edi, - deb yozgan CNN Travel. - Endi ushbu vazifalarni amalga oshirish vaqti keldi».

Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekiston 86 davlat fuqarolariga vizasiz kirish imkoniyatini taqdim etgan. Mamlakatning takrorlanmas landshafti va yaxshi saqlangan qadimiy arxitekturasi sayyohlarni kutmoqda.

«O‘zbekistonning Xitoy va Hindistondan O‘rta Yer dengizigacha bo‘lgan tarixiy savdo yo‘li – Buyuk Ipak yo‘lida tutgan o‘rnini chuqurroq tushunish uchun Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga boring, — deb yozadi CNN. - Samarqanddan 3,5 soatlik masofada joylashgan Sentob qishlog‘i 2023 yilda YuNeSKO tomonidan «Eng yaxshi turizm qishlog‘i» deb topildi».

CNN Travel ma’lum qilganidek, poytaxt Toshkentni Samarqand va Buxoro shaharlari bilan bog‘lovchi «Afrosiyob» tezyurar poyezdi bilan mamlakat bo‘ylab sayohat qilish yanada osonlashdi.

Mavzuga oid