Jamiyat | 12:00 / 04.01.2024
15368
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda bosqinchilik qilib, keksa yoshdagi fuqaroni o‘ldirgan shaxslar ushlandi

Ularning uch nafari Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida yashagan. Bir nafari jabrlanuvchilarga qo‘shni bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida bosqinchilik jinoyatini sodir etgan shaxslar ushlangan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2023 yil 18 noyabr kuni tunda uch nafar noma’lum shaxs yuzlariga niqob taqib Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Oqtom mahallasida yashovchi fuqaroning uyiga kirgan.

U yerda hech qanday pul va qimmat buyumlar top olmagach xonadon egasi va uning turmush o‘rtog‘idan pullar qayerda saqlanishini so‘rab zo‘rlik ishlatishgan. So‘ng erkak va ayolga hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari yetkazib, voqea joyidan yashirinishgan.

Oqibatda 70 yoshli erkak va uning xotini G‘allaorol tumani markaziy shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay erkak olti kundan so‘ng vafot etgan.

Holat yuzasidan Jizzax viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida bosqinchilik qilgan shaxslar aniqlangan.

Xususan Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani Sariboshi va Po‘latchi mahallalarida yashovchi 1991, 1994 va 1998 yillarda tug‘ilgan yigitlar hamda jabrlanuvchi bilan bitta mahallada yashovchi 36 yoshli shaxs protsessual tarzda ushlangan.

Gumon qilinuvchilar o‘z qilmishlarini yashirish maqsadida o‘zlari foydalangan niqoblar, qo‘lqoplar va temir bo‘lagini Past Darg‘om tumani Do‘rmonsoy mahallasidan oqib o‘tuvchi kanalga tashlab yuborishgan. IIB xodimlari tomonidan ular topilgan va hujjatlashtirib olingan.

Qayd etilishicha, gumonlanuvchi 4 nafar shaxsga Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v”, “g” bandlari bilan ayblov e’lon qilingan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Mavzuga oid