O‘zbekiston | 20:58 / 08.01.2024
28039
17 daqiqa o‘qiladi

Xitoy bilan hamkorlik, Mercedes voqeasi va shaxsiy hayoti - Sirdaryo hokimi Akmaljon Mahmudaliyev bilan suhbat

“Sardoba” suv omborining talofat yetgan qismi ta’mirlandimi, maktabga borish uchun Sirdaryodan qayiqda o‘tadigan qizning keyingi taqdiri nima bo‘ldi, blogerlar nishoniga tushgan qimmatbaho Mercedes kimniki edi va avtomobil ishqibozlari uchun viloyatda qanday yangilik bor? Kun.uz muxbiri shu kabi savollarga Sirdaryo viloyatining farg‘onalik hokimi Akmaljon Mahmudaliyevdan javob oldi.

— Siz faoliyatingiz davomida asosan Farg‘ona, Toshkent va Navoiy viloyatlarida ishlagansiz. Aytaylik, Farg‘ona yoki Navoiyni Sirdaryo bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Istalgan odam yangi muhitga o‘tganda moslashishga qiynaladi, hamma joyni o‘ziga yarasha past-balandi bo‘ladi. Sirdaryo viloyatida rahbarlikka kelganingizdan keyin qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz? Don sohasi mutaxassisiga viloyat hokimi bo‘lish qiyin bo‘lmayaptimi?

— Hayot yo‘limda turli yerlarda ishladim. Maktabni bitiriboq Samarqandga o‘qishga ketganman. O‘sha davrlardan sekin-sekin faoliyatim boshlangan. Talabalik yillari katta maktab bo‘lgan, xar qanday vaziyatga moslashishni o‘rgatgan.

Avval Farg‘onada, keyin Toshkentda 5 yil ishladim. Don yo‘nalishi bo‘lgani uchun doim joylarga chiqardik, o‘rganardik, katta tajriba bo‘lgan bu ham. Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumaniga hokim bo‘lgan paytlarim men uchun juda katta maktab bo‘lgan. Sirdaryo viloyatiga hokim bo‘lish ham kutilmagan ish bo‘lgandi. Bu juda katta mas’uliyat. Oldin tuman darajasida hokim bo‘lganim ancha yordam beryapti. Lekin hech narsa oson emas.

Sirdaryo viloyati menga begona ham emasdi. Sababi Davlat don inspeksiyasida ishlaganimda inspeksiyaning Sirdaryo viloyati, xususan, Boyovut tumani bo‘yicha vakili ham bo‘lganman. Odamlar bilan, ularning tutumi bilan tanish bo‘lganim ham qo‘l keldi.

— Viloyatda ish boshlaganingizda sizni to‘g‘ridan to‘g‘ri shokka tushirgan, siz hazm qilolmagan holat, vaziyat-hodisalar bo‘lganmi? Shular haqida gapirib bering.

— Unday vaziyat bo‘lgani yo‘q. Ish boshlaganimning birinchi kunlarida mahallalarni ko‘rganman. Shunda bir vaziyat esimda qolgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, og‘ir sharoitli xonadonlardan biriga kirdim, juda ham ozoda, hovlisida gullar ekilgan, hamma narsa saranjom ekan. Nima yordam kerak, deb so‘rasak, xech narsa kerak emas, deyishgan.

— 2020 yildagi Sardoba fojiasining hali ham bartaraf etilmagan oqibatlari qolganmi? Omborning suv yuvib ketgan yeri mustahkam qilib qayta tiklanganmi? Suv omboriga qaytadan suv to‘ldiriladimi?

— Hozirda Sardobada 350 mln kub suv saqlanyapti. Bu texnogen fojiada qurbonlar bo‘ldi, moddiy zararlar ham bo‘ldi, ammo bir tomondan keng ko‘lamda bo‘lmaganiga ham shukr qilish kerak.

Fojiada 2 kishi halok bo‘ldi. Biri milliy gvardiya xodimi, biri harbiy bo‘lgan. Odamlarning hayotini saqlab qolish uchun jonini fido qilgan bu yigitlarimizning xotirasini abadiylashtirish uchun byust ham o‘rnatdik.

Sardoba voqeasi ayni pandemiya paytida bo‘lgan, xalqimiz uchun bir sinov bo‘ldi. Hokimlikka birinchi kelgan kundarimdayoq Sardobani borib ko‘rganman. Qaytar rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun mablag‘ kerak, ammo hozircha 350 mln kub suv yetib turibdi sug‘orish ishlari uchun. Qayta ta’mirlash dasturi tasdiqlansa, albatta, OAVda e’lon qilinadi. Rekonstruksiya jarayonlari surilayotgan bo‘lsa-da, hozirgi xolat bo‘yicha xavf yo‘q suv omborda. Mutaxassislar o‘rganib, xulosa berishgan.

— Bir yil oldin Guliston tumanidagi maktabga borish uchun Sirdaryoni qayiqda suzib o‘tadigan 12 yashar Zamira To‘ychiyeva internetda mashhur bo‘lib ketgan edi. O‘shanda siz daryo qirg‘oqlarini bog‘lovchi maxsus uskunali tross tortilishini aytgandingiz. Hozir o‘sha qiz qayerda o‘qiyapti? Daryo qirg‘oqlarini bog‘lovchi uskuna ishga tushirildimi?

— O‘sha qizcha bilan ko‘rishganman, jasorati bor, shijoatli qiz ekan. Qizcha yashaydigan joyda 8 ta xonadon bor, Bekobod tumani hududiga kirali asli. Holatni o‘rgandik, mutaxassislar aytdiki, tross tortish xavfsizlik nuqtai nazaridan noto‘g‘ri bo‘lar ekan. 8 ta xonadon uchun bitta ko‘priq qurish esa juda qimmatga tushadi. Shuning uchun Zamira qizimizni Gulistondagi Olimpiya zaxiralar kollejiga o‘qishga qo‘ydik, suzish yo‘nalishida o‘qiyapti. Xabar olib turibmiz, ko‘rsatkichlari ham yaxshi. Nasib etsa, yaxshi sportchi bo‘ladi.

— Internetda “mashinangiz zo‘r ekan, nima ish qilasiz” savoli ko‘rinishidagi videokontentlar ommalashib ketgan. Siz ham ularning radariga bir safar tushib qolgan ekansiz. Bu qanaqa avtomobil edi? Rostan sizning mashinangiz edimi? Hokim qanday avtomobilda yuradi?

— Xizmat mashinasining orqa o‘rindig‘ida o‘tirmayman. Chunki oldida o‘tirib ketsa, hamma joyni ko‘rib ketishga qulay bo‘ladi.

Hozirgi xizmat mashinasi 2019 yilda chiqqan mashina, dala sharoitlarida ham bemalol yura oladi, shu tomoni qulay menga.

«Mashinangiz zo‘r ekan, nima ish qilasiz?» degan savolga nishon bo‘lganimda chet el safaridan qaytayotgan edim. Hozirgi xizmat mashinamiz ta’mirlashda edi. U mashina Sirdaryo viloyati hokimligi balansidagi Mercedes mashinasi edi. Haydovchim javob olib ketdi va u bilan kelgan o‘g‘lim ikkalamiz qoldik. Ro‘zg‘orga bozorlik qilgani kirdik, o‘sha paytda shunaqa savol berishdi. Oddiy fuqaro sifatida, ish vaqtidan tashqarida edim u payt, shuning uchun savolga javob bermay qo‘ya qoldim. U Mercedes mashinasi xorijiy mehmonlar uchun xizmat qiladi asosan, bu mashina buzilgani uchun chiqqan bo‘lgan o‘sha payt.

O‘zimning shaxsiy Malibu mashinam bor. Ancha oldin kreditga olgan edim. O‘zi yoshlikdan avtomobillarga qiziqaman.

— Bu yil Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida 3 kun davomida Xalqaro baxshichilik san’ati festivali bo‘lib o‘tdi. Bilamizki, xalqaro festivallar katta mablag‘ talab qiladi. Bu festival nima uchun o‘tkazildi? Undan sirdaryoliklarga qanaqa foyda bo‘ldi?

— Bu festival uchun Sirdaryo viloyati tanlagani biz uchun ham mas’uliyat, ham farz bo‘ldi. Festivalni tashkil etish ishlari uchun mahalliy budjetdan 4 mlrd so‘m mablag‘ ajratdik. Lekin xalq uchun katta ko‘tarinki festival bo‘ldi, bundan tashqari, turizm uchun yaxshi targ‘ibot va tajriba bo‘ldi bizga.

Quvonarlisi shu bo‘ldiki, baxshichilik bo‘yicha o‘zbekistonlik baxshilarga teng keladigani yo‘q ekan, deb tan olishdi hakamlar. Bu ham bo‘lsa mamlakatning imiji. Bunday festivallar kerak baribir. To‘g‘ri, xarajat bo‘ladi, ammo shuning ortidan daromad bo‘ladi hali, sayyohlarni jalb qiladi.

20-30 yil oldin Gulistonda bitta mehmonxona bo‘lardi, shu ham bo‘sh turardi. Hozir 15 tacha mehmonxona bor, barchasi ishlayapti, o‘zini qoplayapti. Sirdaryo viloyatida Xitoyning o‘zi bilan 70 dan ortiq loyihalar ishlayapti, bundan tashqari, Turkiya, Rossiya, Eron, BAA kabi davlatlar bilan ham loyihalar bo‘lyapti.

— Shu yil aprelda davlat rahbari bilan birga siz ham Xitoyga borgan edingiz. O‘shanda bergan intervyungizda 2023 yil may oyidan boshlab Xitoy kompaniyasi Sirdaryoda avtomobil ishlab chiqarishni boshlaydi, degandingiz. Ishlab chiqarish boshlandimi?

— Ishlab chiqarish boshlandi o‘zi. Mashina qismlari olib kelinadi va o‘zimizda yig‘ib chiqariladi. Buni noto‘g‘ri talqin qilayotganlar ham bor, ammo butun dunyo tajribasida bu narsa bor.

Bu loyiha 495 mln dollarlik loyiha, shundan 320 mln dollari jalb qilindi hozirgi paytga kelib. Mashinalari yaxshi, Test-drive qilib ko‘rganmiz. 2024 yil oxiri va 2025 yilda mahalliylashtirish bo‘yicha loyihalari bor.

— Sirdaryo viloyati rahbari bo‘lganingizga bir yildan oshdi. Shu davrda nimalarni o‘zgartira oldim o‘ylaysiz? Nimalardan ko‘nglingiz to‘ldi?

— Qilingan ishlarni men qilib qo‘ydim deyish noto‘g‘ri. Bunga xalq baho beradi. Hali qilinmagan ishlar ham bor. To‘g‘ri, iqtisodiy ko‘rsatkichlarda, boshqa jihatlarda o‘sish kuzatildi. Qishloq xo‘jaligida ham yaxshi yil bo‘ldi bu yil. Surxondaryodan keyingi ikkinchi o‘rinda qishloq xo‘jaligidagi shartnomalar bajarildi. Hamma viloyatda to‘liq bo‘ldi, lekin birinchilardan bo‘lish ham odamni ruhlantiradi.

Sportda ham Osiyo o‘yinlari doirasida qatnashgan sportchilarimiz Toshkent shahridan keyin ikkinchi o‘rinda medallar bilan qaytdi. Bu ham bir natija.

So‘nggi 1 yilda ko‘proq viloyatning har bir hududini o‘rganishga harakat qildim. Ya’ni barchasini o‘rganib, o‘zim uchun tahlil qilib oldim.

— Sirdaryo viloyati innovatsion hududga aylanishi aytilyapti. Buni oddiy odamlar hayotida qanday sezadi? Va u qachon bo‘ladi?

— Prezidentimiz 6 aprel kuni viloyatimizga tashrifi doirasida viloyatni innovatsion hududga aylantirish to‘g‘risida topshiriq berib, 5 ta ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdilar.

O‘zbekiston va Xitoy hamkorligidagi loyihalarda asosiy nuqtalardan biri sifatida Sirdaryo olinmoqda. Agar shu jarayonlar to‘g‘ri olib borilsa, bemalol tez orada innovatsion hududga aylantirish mumkin. Toshkentdagi katta bozor muhiti yaqin, vodiydan tashqari barcha viloyatlar uchun poytaxt yo‘lida joylashgan, kommunikatsiya imkoniyatlari keng.

Xitoyga borib kelganimizdan buyon ham 490 mln dollarlik 6 ta loyihalar ishga tushdi, yana 13 ta loyiha ishga tushish arafasida turibdi, quritish ishlari davom etyapti.

Butun dunyo yangilikka intilib yashayapti. Mahsulotlar sifatini yaxshilagan xolda tannarxini tushirishga harakat qilinyapti. Shu ma’noda biz ham shunga harakat qilyapmiz. Biotibbiyot sohasida ham ishlar olib borilyapti. Sirdaryo, Boyovut, Oqoltin tumanlarni innovatsion tumanlar hisoblanyapti. Har bir tumanda kamida bittadan texnopark tashkil etish bo‘yicha ham topshiriq berilgan. Soliq, yerdan foydalanish, kredit, bojxona imtiyozlari ham bor.

— Ijtimoiy tarmoqlarni, saytlarni qanchalik kuzatib borasiz?

— Ijtimoiy tarmoqlarni doimiy kuzataman. Masalan, Kun.uz saytini ham kuzataman. Ayniqsa, Kun.uzʼning chekka hududlarda yashovchi oddiy odamlarning hayotini, nogiron odamlarning mehnati, harakatini ko‘rsatib berayotgan kontentlarini ko‘proq kuzataman.

Ijtimoiy tarmoqlarining faol kuzatuvchisi sifatida ko‘proq Sirdaryo bo‘yicha ko‘proq kuzataman. Kamchiliklar yoritilgan bo‘lsa, shu ish bilan shug‘ullanishga harakat qilamiz.

— Chekka hududlardagi maktablarni qiynayotgan muammolardan qanchalik xabardorsiz? Masalan, ko‘p maktablarda hojatxonalarga kirib bo‘lmaydi. Viloyatda bu borada biror reja bormi?

— Viloyatimizda 324 ta maktab bor. 2023 yildagi rekonstruksiya ishlari natijasida maktablar qamrovi kengaydi.

Rostdan ham chekka hududlardagi maktablarda muammolar bor. Bu bo‘yicha rejalarimiz bor, dasturga kiritilgan 208 ta maktabda hojatxonalarni to‘liq ta’mirlash ishlari olib boriladi. 2024 yilda shu ishlar amalga oshiriladi. Yetarli mablag‘ ham ajratilgan.

6 ta tumanimizda isitish tizimini yo‘lga qo‘yish davlat va xususiy sherikchiltik asosida bo‘lyapti, 2024 yilda boshqa tumanlarda ham joriy qilinadi. Maktablarda birinchi navbatda infratuzilmani yaxshilashimiz kerak, sharoitsiz, sovuq joyda o‘qib bo‘lmaydi, albatta.

— Xalq orasida amaldorlarning bolalari faqat chet elda yoki chet el universitetlarining O‘zbekistondagi filiallarida o‘qiydi degan gap yuradi. Sizning farzandlaringiz qayerda tahsil oladi yoki olgan?

— 4 nafar farzandim bor: ikki o‘g‘il, ikki qiz. Toshkentda ish boshlagan paytimda o‘g‘lim bilan qizim Toshkent shaxridagi davlat maktablariga o‘qishdi. Uchko‘prik tumaniga hokim bo‘lib o‘tganimda ham davlat maktabida o‘qishdi. Navoiyga ko‘chgan paytimizda esa xususiy maktabga berganman. Sirdaryoga kelganimda ham Gulistondagi davlat maktabiga berganman. Katta qizim Vestminster universitetini bitirgan, o‘zi harakat qilib kirgan edi. Farzandlarim qaysi kasbni tanlashi o‘zlariga bog‘liq, bu borada shart qo‘ymayman ularga, bunday qilish noto‘g‘ri deb bilaman.

Farzandlarimga doim mening hokim ekanimga ishonmasliklarini uqtiraman. Mening amalim xalq uchun va vaqtinchalik bari, sen o‘zingga ishon, deyman. Faqat ilmga yo‘naltirishga harakat qilaman. Oila davrasida ham kitobxonlik muhitini yaratishga harakat qilganmiz.

— Viloyat hokimi oila a’zolariga qanday vaqt ajratadi, ularga taom ham qilib bergan paytlaringiz bo‘ladimi?

— Imkon qadar dam olish kunida oilam bilan bo‘lishga harakat qilaman. Xodimlarga ham aytaman, yakshanba kunini oila bilan o‘tkazinglar deb. Hech bo‘lmaganda yarim kunimni oilamga bag‘ishlayman yakshanba kunlarida. Oilaviy bayramlarimizda o‘zim taom pishirishga harakat qilaman.

Oldingi ishlarimda oilamga ko‘proq vaqt ajratardim, har xafta tabiat qo‘ynida sayr qilardik. Ammo bunday mas’uliyati katta lavozimlarda ishlay boshlaganimdan keyin biroz kamaydi. Boshida ko‘nikish qiyin bo‘ldi, ammo bolalarim ham tushunib, ko‘nikishdi. Ammo baribir imkon qadar ko‘proq vaqt ajratishga harakat qilaman.

O‘zimizning osh, kabob kabi taomlarni tayyorlayman odatda. Odam ovqat pishirsa ham zavq oladi, qanaqadir dam oladi.

— Tadbirlarda sizga tarjimon kerak bo‘lmas ekan. Yoningizdagi kishilarga tarjimon topilmasa, ularga xam tarjimonlik ishlarida yordam berar ekansiz. Bu gap to‘g‘rimi? Umuman, chet tillaridan qanchalik xabardorsiz?

— To‘g‘ri. Rus tilini juda yaxshi bilaman. Ingliz tilini o‘rganishga sabab bo‘lgan voqea bor: qo‘limga inglizcha-ruscha-o‘zbekcha so‘zlashuv kitobchasi tushib qolgan, shunda o‘zimcha o‘qib ko‘rib, shundan keyin o‘rganishga istak paydo bo‘lgan, 7-sinf paytlarim edi, adashmasam. 2000 yillarda 9 oy hech qayerda ishlamaganman, o‘sha vaqtda til o‘rganishga kirishganman. Keyin orada chet elga ham borib kelganman tajriba orttirish uchun. Oxirgi vaqtlar esimdan chiqib qolgan ekan, shuning uchun yana takrorlab, tiklab oldim.

— Demak, ingliz tilida chet elliklar bilan bemalol gaplasha olasiz?

Ha, ingliz tilida fikrimni ayta olaman va ularni ham tushuna olaman.

— Sizni san’atga ham qiziqishadi, deyishdi. Bu qanchalik to‘g‘ri?

— Yoshlikdan oilamizda san’atga, adabiyotga mehr qo‘yib katta bo‘lganmiz. Gitara chalishni o‘rganganman, boshqa cholg‘u asboblarini ham o‘rganishga harakat qilganman yoshlikda. Rasm chizishga ham qiziqqanman.

— Sirdaryoliklarga bu qiziq, menimcha. Xabaringiz bo‘lsa, oxirgi paytlarda internetda hokimlar kiyadigan kiyimlar, aniqrog‘i bu kiyimlarning narxi muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Odatda siz qayerdan kiyinasiz?

— Oldindan oddiy sifatli kiyim kiyishga harakat qilganman. O‘zimga mos, yaxshi bo‘lsa bo‘ldi. Odatda jinsi shim va kurtka kiyib yuraman, ko‘chada yurishga, dalaga chiqishga ham qulay. Umuman olganda, juda oddiy bo‘lmagan, ammo qimmat ham emas kiyim kiyaman. Kiyim shunchaki bir-ikki yil xizmat qiluvchi narsa, buning uchun ortiqcha sarf qilish shart emas, menimcha.

— Suhbat yakunida sirdaryoliklarga aytar gaplaringiz bo‘lsa, marhamat.

— Nafaqat sirdaryoliklar, balki butun O‘zbekiston xalqiga gapirmoqchiman. Yurtimizda qilinayotgan ishlar faqat shu xalqimiz yaxshi yashashi uchun qilinyapti. Davlat organidagi rahbarlar uchun xalqning tinchligi, ularning xotirjamligi eng muhimi. Yangi 2024 yil barchamizda yaxshi yil bo‘lishini, xalqimiz bayramlari ko‘payishini tilab qolaman.

Baxtiyor To‘xtayev suhbatlashdi.

Mavzuga oid