“Kolbasa inqilobi” – SSSR parchalanishini tezlatgan voqea
1990 yilda Ukraina SSRning Chernihiv shahrida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ladi. Viloyat rahbariyatida ishlovchi amaldorning xizmat mashinasi boshqa bir mashina bilan to‘qnashadi. Shu paytda amaldorning mashinasi yukxonasidan magazinda topilmaydigan oziq-ovqat mahsulotlari sochilib ketadi. Buni ko‘rgan odamlar ko‘p o‘tmay viloyat rahbariyati binosi oldiga yig‘iladi.
1980-yillar ikkinchi yarmi va 1990-yillar boshida SSSRda iqtisodiy inqiroz yuz berdi. Odamlarning turmush darajasi pasayib, magazinlarda taqchillik paydo bo‘ldi.
Bu iqtisodiy inqirozning ildizi 1970-yillar oxirida, sovetlar Afg‘oniston hududiga bostirib kirgan paytdan boshlanadi.
Sovetlar Afg‘onistonga bostirib kirgandan so‘ng G‘arb davlatlari SSSRga nisbatan iqtisodiy va siyosiy sanksiyalar e’lon qildi. Oqibatda, bir tomondan sanksiyalar, ikkinchi tomondan neft narxining keskin tushib ketishi SSSRdagi iqtisodiy vaziyatni og‘irlashtira boshlaydi. Buning ustiga Afg‘onistondagi urushga hisobsiz mablag‘ ishlatiladi va mamlakatda aholining turmush darajasini pasaytiradi.
Vaziyat ayniqsa 1980-yillar o‘rtalariga kelib og‘irlashadi. Shu sababli 1985 yilda SSSR rahbari bo‘lgan Mixail Gorbachyov mamlakatda islohotlarni boshlaydi. Bu paytda esa SSSR iqtisodiyoti batamom falajlanib bo‘ladi. 1987-88 yillarda mamlakatda ko‘plab mahsulotlar taqchilligi kuzatila boshlanadi. Magazinlardan eng birinchi kirsovun va shakar uziladi. So‘ng boshqa oziq-ovqat mahsulotlari hamda iste’mol tovarlari taqchilligi boshlanadi.
1989-1990 yillarda mamlakat bo‘ylab magazinlarda go‘sht va sut mahsulotlari, shakar hamda boshqa oziq-ovqatlar kamayib ketadi.
Mamlakatning pul birligi rubl keskin qadrsizlana boshlaydi. O‘sha paytda odamlar qo‘lidagi pulga mahsulot topa olmay qoladi. Ularni maxsus talonlar bilan sotishga o‘tishadi. Shu bilan birga yashirincha, «podprilavka» holda savdo qilish avj oladi.
Umumiy manzara shunday bo‘ladiki, magazinlarda kundalik oziq-ovqatlar taqchil, ikkilamchi oziq-ovqatlar va sifatsiz (brak) kiyim-kechak hamda boshqa iste’mol tovarlarini esa chang bosib yotardi.
Ana shunday kunlarning birida Ukrainadagi viloyatlardan birida xalq viloyat rahbariyati binosi oldiga to‘planib namoyish o‘tkaza boshlaydi.
Aslida o‘sha paytda SSSRning turli hududlarida oziq-ovqat taqchilligiga qarshi tez-tez namoyishlar bo‘lib turgan. Biroq Ukrainadagi namoyishlarga o‘sha paytda ancha taqchil bo‘lgan va magazinlarda topilmay qolgan go‘sht va sut mahsulotlari, jumladan kolbasa va pishloq sabab bo‘lgandi. Shu sababli bu namoyishlar tarixda «Kolbasa inqilobi» nomini olgan.
«Avariya»
1990 yil 6 yanvar kuni kechki soat 19:00 larda Chernihiv shahridagi chorrahalardan birida ikkita mashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ladi.
Harbiy xizmatchiga tegishli «Jiguli» svetoforning yashil chirog‘ida chorrahadan o‘tayotganida narigi tarafdan tez harakatlanib kelgan «oblispolkom» (viloyat ijroiya qo‘mitasi)ning tashkiliy ishlar bo‘yicha mudiriga tegishli «Volga» xizmat mashinasi unga kelib uriladi.
To‘qnashuv paytida «Volga»ning yukxonasi ochilib ketadi va u yerda bo‘lgan kolbasa, sosiska, pishloq, tovuq oyoqlari hamda boshqa oziq-ovqat mahsulotlarining bir qismi ko‘chaga sochiladi.
Atrof to‘la odam edi va hamma «Volga»dan sochilib ketgan oziq-ovqatlarni ko‘radi. O‘sha paytda oddiy aholi bunday yeguliklarni ba’zida magazinga kelgan paytida uzoq vaqt navbatga turib, maxsus talon bilan sotib olardi. Viloyat darajasidagi amaldor esa xizmat mashinasi yukxonasini to‘ldirib yuribdi.
Odamlar yig‘ila boshlagach «Volga» haydovchisi mashinani hodisa yuz bergan joyidan olib ketishga urinadi. Biroq chorrahaga kirib kelgan trolleybus unga xalal beradi. Odamlar «Volga»ni o‘rab oladi va trolleybus ketgandan so‘ng uning harakatlanishiga xalaqit beradi. Amaldorning ishidan norozi bo‘lgan odamlar mashinani shatakka olib, yukxonasi ochiq holda viloyat rahbarining uyi oldiga tortib boradi. O‘shanda ularni «obkom»ning uyiga bostirib kirishdan militsiya to‘sib qoladi.
Namoyishlar
Birinchi namoyishlar «avariya» sodir bo‘lgandan biroz o‘tib, shahar markazidagi «Qizil maydon»da boshlanadi. Odamlar tuni bilan gulxan yoqib maydonda qoladi.
«Avariya»ning ertasiga, 1990 yil 7 yanvar kuni ertalab odamlar «obkom» binosi oldida yig‘ila boshlaydi. Ular viloyat rahbarining iste’fosini talab qilishadi. Namoyishchilardan biri «Menga tegishli go‘shtni kim yeb qo‘ydi?» deb yozilgan plakat ko‘tarib olgandi.
O‘sha kuni viloyat rahbari xalq oldiga chiqadi va hodisa aybdori bo‘lgan mansabdorning qo‘lidan partiya biletini tortib olib yirtib tashlaydi.
So‘ng uning ishdan bo‘shatilganini e’lon qiladi. Oxirida o‘zi ham iste’foga chiqishini aytadi. Shu tariqa SSSR tarixida birinchi marta viloyat rahbarining namoyish paytida, xalqning oldiga chiqib ishdan bo‘shashi yuz beradi.
Namoyishchilar bir nechta banddan iborat talablar yozilgan qog‘ozlarni viloyat rahbariyatiga topshirishadi.
Voqealar rivoji
Chernihivdagi namoyishlarni Ukrainaning SSSR tarkibidan chiqishini ilgari surayotgan partiya va xalq harakati vakillari sinchkovlik bilan kuzatayotgandi.
Ulardan biri bo‘lgan «Ukraina xalq fronti» partiyasi tashabbusni qo‘lga oladi va namoyishlar ko‘lami kengayadi. Shundan so‘ng Chernihivdagi hodisa mamlakatdagi OAVda keng muhokama qilina boshlanadi.
Ko‘p o‘tmay namoyishlar Ukrainaning boshqa shaharlariga ham yoyiladi. Kiyevda Ukraina SSR Oliy kengashi joylashgan bino yaqinida ham odamlar to‘planadi. Chernihivdagi namoyishchilar Moskvaga 18 ta banddan iborat talabnoma yuborishadi.
Unda zudlik bilan Chernihiv viloyati rahbariyatining barcha xodimlarini ishdan bo‘shatish, viloyat rahbariyati egalik qilib kelayotgan turli qo‘shimcha binolarni, dam olish maskanlari, sanatoriyalarni xalq foydalanishi uchun tortib olish, SSSR konstitutsiyasining 6-moddasini bekor qilish, so‘z erkinligini berish kabi talablar qo‘yilgan edi.
Ma’lumot uchun, SSSR konstitutsiyasining 6-moddasida sovet ittifoqida kommunistik partiya «Sovet jamiyatining yetakchi va yo‘naltiruvchi kuchi, uning siyosiy tizimi, davlat va jamoat tashkilotlarining o‘zagi» deb ta’rif berilgan va shu modda asosida partiya yakkahokimligi o‘rnatilgandi.
Ko‘p o‘tmay Chernihiv viloyati va shahar rahbariyatining aksariyat xodimlari ishdan bo‘shatiladi. Biroq ularning o‘rniga tayinlanganlar ham KPSS a’zolari edi. Viloyat rahbari etib tayinlangan V.Lisovenko ham KPSS markaziy qo‘mitasida ishlagandi.
Shundan so‘ng odamlar «Bizni aldashdi. Kommunistlarni ishdan bo‘shatib ularning o‘rniga yana kommunistlarni tayinlashdi» deb yana namoyishga chiqadi.
O‘shanda «Volga» bilan to‘qnashgan «Jiguli»ga yetkazilgan zarar uning haydovchisiga to‘lab beriladi. Keyinchalik, u o‘shanda o‘zini KGB xodimlari bir necha marta so‘roq qilganini, namoyish uyushtirish maqsadida «Jiguli»ni jo‘rttaga «Volga»ga olib borib urganlikda ayblaganini aytib bergandi.
«Kolbasa inqilobi» tufayli sodir bo‘lgan o‘zgarishlar
Chernihivdagi namoyishchilar tomonidan ilgari surilgan talablar SSSRning turli joylarida aks sado beradi. Boshqa shaharlarda ham odamlar namoyishga chiqa boshlaydi.
Bu namoyishlarda eng asosiy talablar konstitutsiyaning 6-moddasini bekor qilish va shu bilan kommunistik partiya yakkahokimligini tugatish, mamlakatda turli siyosiy partiyani ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berish, so‘z erkinligini ta’minlash kabilar edi.
Shundan so‘ng Moskvada kommunistik partiya gegemonligiga chek qo‘yish masalasi muhokama qilina boshlanadi.
1990 yil 12-15 mart kunlarida KPSS markaziy qo‘mitasi plenumining qaroriga binoan, xalq deputatlarining navbatdan tashqari s’yezdida «Siyosiy tizim masalalari bo‘yicha SSSR konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi SSSR qonuni loyihasi muhokama qilinadi.
Muhokamalarda asosan SSSR konstitutsiyasining 6- va 7-moddalarini o‘zgartirish masalasi ko‘rib chiqiladi.
1990 yil 14 mart kuni «SSSR prezidenti lavozimini ta’sis etish va SSSR Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinadi.
Shundan so‘ng amalda mamlakat rahbari egallagan KPSS markaziy qo‘mitasi bosh sekretari o‘rniga SSSR prezidenti lavozimi joriy etiladi va unga ko‘plab vakolatlar beriladi.
Shu tariqa, 1990 yil 14 mart kuni mamlakat konstitutsiyaning 6-moddasi bekor qilinadi va SSSRda ko‘ppartiyaviylikka ruxsat beriladi.
Konstitutsiyadagi muhim modda olib tashlangandan so‘ng SSSR bo‘ylab juda ko‘plab viloyatlarda rahbarlar almashtiriladi. Biroq bu ishlarning nafi bo‘lmaydi va mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat, odamlarning turmush darajasi battar og‘irlashaveradi.
Oxir-oqibat 1991 yil 18-21 avgust kunlarida SSSRda davlat to‘ntarishi sodir bo‘ladi. Bir guruh yuqori lavozimli amaldorlar Gorbachyovni yiqitib, SSSRni saqlab qolish payida bo‘lishadi.
Ularning rejasi amalga oshmaydi va davlat to‘ntarishi sodir bo‘lmaydi. Shundan so‘ng ittifoqdosh respublikalar birin-ketin SSSR tarkibidan chiqib, o‘z mustaqilligini e’lon qiladi.
1991 yil 24 avgust kuni Ukraina SSR oliy kengashi respublika mustaqilligini e’lon qiladi.
Bugun Chernihivdagi namoyishlarda qatnashgan keksalar «SSSRning parchalanishiga biz sabab bo‘lganmiz», deb gapirib yurishadi. Chunki aynan Chernihivdagi namoyishlardan keyin SSSRda kommunistik partiya yakkahokimligi bekor qilingan, bu esa mamlakatning parchalanib ketishini tezlashtirgan edi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
19:55 / 23.12.2024
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024