Jamiyat | 22:26 / 11.01.2024
25011
3 daqiqa o‘qiladi

Telegramʼda ayollarning uyatli suratlarini tarqatish bilan shug‘ullangan shaxslarga hukm o‘qildi

Ular Telegramʼda “Hello Tashkent, salam Tashkent” nomli kanal va guruhlarni tashkil etib, ularga joylangan tasvirlarni o‘chirish evaziga tovlamachilik yo‘li bilan fuqarolardan pul talab qilib kelgan.

Foto: Videodan kadr

2024 yil 11 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ayollarning uyatli suratlarini tarqatish bilan shug‘ullangan va suratlarni o‘chirish uchun pul talab qilib kelgan shaxslarga hukm o‘qilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar bermoqda.

Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.

Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan:

  • 130-modda 2-qismi “b” bandi (Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan pornografik mahsulotlarni tarqatish);
  • 139-modda 3-qismi “a”, “g” bandlari (Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab, g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish);
  • 140-modda 2-qismi (Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan OAV, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali haqorat qilish);
  • 141−3-modda 2-qismi “b”, “v” bandlari (Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish)
  • 165-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlari (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan tovlamachilik).

E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq guruh a’zolariga 3 yildan 7 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Qayd etilishicha, jinoyat vositasi deb topilgan Telegramʼdagi tegishli kanallar va akkauntlar Raqamli texnologiyalar vazirligi orqali bloklanishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, 2023 yil may oyida IIV Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi tomonidan Telegramʼda “Hello Tashkent, salam Tashkent” nomli kanal va guruhlarni tashkil etib, ularga fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi videotasvirlarni joylashtirib kelgan guruh aniqlanib, qo‘lga olingandi.

O‘shanda ushbu shaxslardan jabrlangan fuqarolar 102 qisqa raqamiga xabar berishlari so‘ralgandi. Oliy sud saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, sud ishida 62 kishi jabrlanuvchi va da’vogar bo‘lgan. Ulardan 55 nafarini ayollar tashkil etgan.

Mavzuga oid