Sport | 15:28 / 12.01.2024
18939
17 daqiqa o‘qiladi

Birinchi o‘yinlar qanday o‘tgan? O‘zbekistonning Osiyo kuboklaridagi ishtirokiga nazar

13 yanvar kuni O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z tarixida 8 marta Osiyo chempionatida ishtirokini boshlaydi. Suriyaga qarshi o‘yindagi imkoniyatlar, guruhdagi vaziyatlarga to‘xtalishdan oldin, keling, O‘zbekiston vakillari shu paytgacha bu musobaqani qanday boshlaganini eslab o‘tamiz.

Foto: Kun.uz

Bu tomondan, aytish mumkinki, yetarlicha optimizmga undovchi natijalar bor. Misol uchun, o‘tgan yetti turnirning ochilish o‘yinlarida O‘zbekiston 5 marta g‘alaba qozongan. Bittadan mag‘lubiyat va durang qayd etilgan. O‘nta gol urilgan va to‘rt gol o‘tkazilgan. To‘rt o‘yinda darvoza daxlsizligi saqlab qolingan. Ya’ni odatda jamoa Osiyo chempionatlarini juda yaxshi boshlagan.

BAA – 1996. TANIShUV

O‘zbekiston uchun ilk Osiyo kubogi 1996 yilda boshlangandi. Tojikistonga qarshi o‘tish o‘yinlarida ustun kelgan yurtdoshlarimiz Xitoy, Suriya, hamda Yaponiya o‘rin olgan guruhga joylashishdi.

Muxlislar ilk rasmiy turnirni ancha katta umidlar bilan qarshi olishgandi. Zero atigi ikki yil oldin O‘zbekiston jamoasi Hirosimada Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan va keyingi qit’a musobaqalarida doimiy favoritlardan bo‘lishiga ishonch bor edi.

Ammo aslida hammasi boshqacharoq bo‘lib chiqdi. Osiyo jamoalari asosiy e’tiborni Osiyo kubogi va jahon chempionatlari saralashiga qaratar, Osiyo o‘yinlariga ko‘proq yosh futbolchilarni yuborar ekan. BAAdagi turnirda ikki yil oldingidan mutlaqo boshqacha Yaponiya, Koreya, Saudiya jamoalari duch kelishdi.

Boshqa tarafdan milliy jamoada ham o‘zgarishlar katta edi. Hirosimada jamoa yetakchilari bo‘lgan qator futbolchilar amirliklarga bora olishmaydi. Azamat Abduraimov faoliyatini yakunlayozgan, Andrey Fyodorov diskvalifikatsiyasi tufayli maydonga tusha olmasdi. Jamoa sardori Mirjalol Qosimov esa musobaqaga yaqin qolganda jarohat olib, tarkibdan chetda qoladi.

Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekiston turnirni g‘alaba bilan boshlaydi. Igor Shkvirin ikki yil oldingi finalda to‘qnash kelgan Xitoy darvozasi ishg‘ol etadi va milliy jamoaning Osiyo kuboklaridagi ilk gol muallifi sifatida tarixda qoladi. Aslida xitoyliklar butun o‘yin davomida ustunlik qilib, qator xavfli vaziyatlardan foydalana olmagan edi. O‘yin oxirlarida qarshi hujumdagi reydlardan birini yosh Oleg Shatskix gol bilan yakunlab, o‘yin taqdirini hal qiladi.

Tarkibdagi muammolar keyingi o‘yinlarda natijaga ham ta’sir ko‘rsata boshladi. Avval Yaponiyaga qarshi uchrashuv 0:4 hisobida boy berildi. So‘nggi tur Suriyaga qarshi kechdi – bu o‘yindagi g‘alaba jamoaga chorakfinal eshiklarini ochar, durang ham qandaydir imkoniyat saqlab qolardi. Ammo suriyaliklar o‘yin oxirida g‘alaba golini urib (1:2), jamoamizni guruhda so‘nggi o‘ringa tushirib yubordi. O‘yindagi yagona javob goli muallifi Sergey Lebedev maydondan chetlatilishi hisobni tenglashtirish imkoniyatini pasaytirib yuborgandi.

XITOY – O‘ZBeKISTON – 0:2.
1996 yil. 6 dekabr. Al Ayn, BAA. 3000 tomoshabin.
O‘zbekiston: Pavel Bugalo, Fevzi Davletov, Farhod Magometov, Gennadiy Denisov, Eduard Mamotov (Ilhom Sharipov, 72), Stepan Atoyan, Sergey Lebedev (Nikolay Shirshov, 63), No‘’mon Hasanov, Ravshan Bozorov, Igor Shkvirin, Oleg Shatskix.
Murabbiy: Bahodir Ibrohimov
Gollar: Shkvirin (80), Shatskix (89)

LIVAN – 2000. ShARMANDALIK

Foto: Getty images

Livandagi turnir boshlanishidan bir yil avval vakillarimiz BAAda qahramonlik ko‘rsatib, yo‘llanmani mezbonlar qo‘lidan tortib olgandi. Ammo bizni Livanda nimalar kutayotganini bilganimizda, kim biladi, bu yo‘llanma uchun kurashishni ham istamasmidik...

Mahmud Rahimovga 2000 yilni ko‘rish nasib etmadi, u shakllantirgan ajoyib jamoa arosatda qoldi. Uning o‘rniga tayinlangan Viktor Borisov boshchiligida jamoa 2000 yil fevralida bitta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi (Mug‘uliston 8:1). Keyin esa rossiyalik taniqli mutaxassis Pavel Sadirin taklif etildi. Katta tayyorgarlik rejasi ishlab chiqildi, ammo Tailand bilan o‘yinda (0:2) jamoani maydonga olib tushgan ushbu mutaxassis kutilmaganda juftakni rostlab qoldi.

Osiyo kubogi boshlanishiga atigi ikki oy vaqt qolgandi. Yana bir qiyin tomoni, o‘sha paytga kelib, tarkibdagi aksariyat futbolchilar legioner hisoblanar, ularni olib kelib, o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushirish juda qiyin edi. Misol uchun, turnir oldidan tashkil qilingan BAA va Tailandga qarshi o‘yinlarda maydonga tushgan 11 futbolchi keyinchalik, Livanga bormadi. Aynan Osiyo chempionatiga boradigan tarkib faqat bir marta, turnirga ketish oldidan Toshkentda yig‘ilda va Turkmanistonni 3:0 hisobida yengdi. Bu paytda jamoa «Neftchi» murabbiy Yuriy Sarkisyanga topshiriladi.

Qatarga qarshi o‘yin xuddi to‘rt yil oldingi Xitoyga qarshi uchrashuvdek kechdi. Ya’ni arablar butun o‘yin davomida ustunlik qilishdi, faqat Bugaloning mahorati, raqib hujumchilarining no‘noqliklari tufayli 73-daqiqagacha 0:1 hisobini ushlab turishning imkoni bo‘ladi. O‘sha pallada Qatar darvozasiga jarima zarbasi belgilanadi va jamoa sardori Mirjalol Qosimov o‘z uslubida chiroyli gol urib, hisobni tenglashtirdi.

Guruhdagi keyingi o‘yinlarda Yaponiya va Saudiya Arabistoni raqib edi. Bu o‘yinlarda o‘zbekistonliklar o‘z tarixidagi eng yirik mag‘lubiyatli hisoblarni qabul qilib olishadi – mos ravishda 1:8 va 0:5.

QATAR – O‘ZBeKISTON – 1:1
2000 yil. 14 oktyabr. Saida, Livan. 5000 tomoshabin.
O‘zbekiston: Pavel Bugalo, Baxtiyor Ashurmatov, Andrey Fyodorov, Davron Fayziyev, Nikolay Shirshov, Otabek Shomurodov (Ne’matillo Quttiboyev, 70), Sergey Lebedev, Mirjalol Qosimov, Shuhrat Rahmonqulov, Rustam Do‘rmonov (Andrey Akopyans, 75), Maksim Shatskix.
Murabbiy: Yuriy Sarkisyan.
Gollar: Muhammad Al Blushi (60) – Mirjalol Qosimov (73)

XITOY – 2004. SALOM, BAHRAYN

Qiziq kuzatuv. Agar har to‘rt yilda o‘tgan Osiyo chempionatlaridagi milliy jamoamizni biroz tahlil qilsak, har safar futbol taraqqiyotining turlicha yo‘nalishlarida, turli bosqichlarda bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, ilk turnirda biz uchun begona bo‘lgan futbol muhitiga kirib kelgan, Livan musobaqasi paytida milliy chempionatimiz va legionerlarimiz o‘rtasida katta tafovut yuzaga kelgan, aksariyat futbolchilar chetda bo‘lgani uchun tayyorgarlikda muammolar tug‘ilardi. Livandagi sharmandalikdan keyin futbolimiz boshqa yo‘nalishdan ketdi – «Paxtakor» klubi asosida milliy jamoa bazasi yuzaga keldi. Juda ko‘p iste’dodli va yosh futbolchilar «Paxtakor» klubida birga to‘p sura boshladi. Xususan, quyidagi protokoldan ham bilish mumkin – Iroq bilan o‘yinda maydonga tushgan 10 futbolchi ayni paytida «Paxtakor» klubi a’zosi hisoblanar edi.

Nihoyat, Osiyo futboliga moslashgan jamoa ancha munosib, favoritlarga xos harakat qildi. Iroqqa qarshi o‘yinda, shuningdek, 2-turda Turkmaniston darvozasiga yana Mirjalol Qosimov jarima zarbasini golga aylantirib, minimal hisobdagi g‘alabani ta’minladi. Umuman, guruhni uch o‘yinda ham 1:0 hisobida yutgan vakillarimiz 100 foizlik natija ko‘rsatgan yagona jamoa bo‘lib tugatdi. Pley-offda esa Bahrayn kutib turardi.

Shu paytgacha rasmiy o‘yinlarda bizga to‘qnash kelmagan, guruhdan ham faqat so‘nggi turdagi g‘alaba yordamida chiqqan Bahraynni yutish u qadar qiyinchilik tug‘dirmaydigandek ko‘ringandi. Ammo hisobni doimgidek jarima zarbasidan (bu safar Geynrix) ochgan bo‘lsak-da, yakuniy hisob 2:2 ko‘rinishini oldi va mash’um penaltilar seriyasida arablar g‘alaba qozondi.

Sarlavhada aynan Bahraynga urg‘u berilganining sababi, Xitoydagi chorak final hali ibtido bo‘lib, keyingi ikki jahon chempionatlari saralashida aynan ushbu jamoa vakillarimizni mundial ostonasida to‘xtatib qolgandi.    

IROQ – O‘ZBeKISTON – 0:1
2004 yil. 18 iyul. Chengdu, Xitoy. 12400 tomoshabin.
O‘zbekiston: Yevgeniy Safonov, Baxtiyor Ashurmatov (Temur Kapadze, 57), Andrey Fyodorov, Asror Aliqulov, Aleksey Nikolayev, Server Jeparov, Mirjalol Qosimov (Islom Inomov, 73), Andrey Akopyans, Vladimir Shishelov, Aleksandr Geynrix (Nikolay Shirshov, 85), Anvarjon Soliyev.
Murabbiy: Ravshan Haydarov.
Gol: Mirjalol Qosimov (22)

MALAYZIYa – 2007. BORIMIZ ShU.

Foto: Getty images

Yuqoridagi kabi davrlarga bo‘lsak, bunisi «Paxtakor» gegemonligining tugashi va «Bunyodkor» paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Milliy jamoa bazasi sifatida bir klubni rivojlantirish loyihasi kutilgan natijalarni bermadi. Asosiy jamoa bir yil oldin Osiyo o‘yinlarida ancha yaxshi o‘yin namoyish etgan olimpiya jamoasi murabbiyi Rauf Inileyevga topshirildi. Asosan yoshlar bilan ishlashda muvaffaqiyatli bo‘lgan Inileyev asosiy jamoaga «Paxtakor»ning tashqarisidan ham nomzodlar olib kela boshladi. Haydarov, Ahmedov, Denisov, Ibragimov, Solomin kabi futbolchilar olimpiya jamoasidagi o‘yinlardan so‘ng bosh jamoada ham ishonchli to‘p sura boshladi.

Birinchi o‘yinlardagi yagona mag‘lubiyat bo‘lsa-da, Eronga qarshi uchrashuv iliq taassurot qoldirdi, jamoa hatto birinchi bo‘limda hisobda oldinga ham chiqib olgandi, ammo tajribali eronliklar vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirishadi.

O‘zbekiston keyingi turlarda Xitoy va Malayziya ustidan g‘alaba qozonib, guruh masalasini hal qiladi. Saudiya Arabistoniga qarshi chorakfinalda esa 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsak-da, Inileyev shogirdlari tajribali raqibdan aslo qolishmagandi. Hatto Maksim Shatskix hisobni tenglashtirgandi ham, ammo hakamning xatosi sababli ushbu haqiqiy gol ofsayd sifatida baholanadi.

ERON – O‘ZBeKISTON – 2:1
2007 yil.11 iyul. Malayziya. 1863 tomoshabin.
O‘zbekiston: Pavel Bugalo, Botir Qorayev, Xayrulla Karimov, Islom Inomov, Aleksey Nikolayev, Aziz Haydarov (Xikmat Hoshimov, 61), Temur Kapadze, Aziz Ibragimov, Server Jeparov, Ulug‘bek Baqoyev (Aleksandr Geynrix, 81), Pavel Solomin (Marat Bikmayev, 64).
Murabbiy: Rauf Inileyev.
Gollar: Xusayniy (55), Kozimiyan (78) – Rizoiy (16, avtogol)

QATAR – 2011. ShOK.

Muxlislarimiz ushbu musobaqada ikki marta haqiqiy shokni boshdan o‘tkazdi. Bir yaxshi va bir yomon.

Vadim Abramov 2011 yilda jamoani qabul qilib olgach, juda ko‘p o‘rtoqlik uchrashuvlarida mag‘lubiyatga uchragani, umuman murabbiyga futbol jamoatchiligidagi turlicha qarashlar tufayli, jamoaga nisbatan ishonch juda pasayib ketgandi. Shuning uchun ochilish o‘yinini ancha xavotir bilan kutgan o‘zbeklar uchun Qatarga qarshi ajoyib natija kutilmagan bo‘lgandi. Ushbu o‘yinda O‘zbekiston nafaqat g‘alaba qozondi, balki o‘yin borasida ham ancha zamonaviy va hujumkor uslubda harakat qilgandi. Odil Ahmedov uzoq masofadan zarba yo‘llab, ehtimol turnir tarixidagi eng chiroyli gollardan birini urgandi.  

Keyingi o‘yinlarda Kuvayt ham mag‘lub etilib (2:1), natijasi ahamiyatsiz o‘yinda Xitoy bilan durang o‘ynalib (2:2), chorakfinalda Iordaniya ortda qoldirilgach (2:1), O‘zbekiston haqida ko‘p fikrlar yangraydi, hatto Abramov shogirdlari g‘olib bo‘lish uchun favoritlardan biri sifatida tilga olina boshlaydi. Shuning uchun ham yarimfinalda Avstraliyaga qarshi o‘yindagi natija o‘zbek futbol muxlislari uchun ikkinchi shok edi – O‘zbekiston o‘z darvozasidan javobsiz 6 ta gol olib chiqadi.

Ushbu turnirda milliy jamoamiz hozirgacha o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etib, to‘rtlikka kirgan bo‘lsa-da (Janubiy Koreyaga qarshi uchinchi o‘rin uchun bahs 2:3 hisobida yakunlanadi), yarimfinal o‘yinidagi natija qandaydir noxush dog‘ sifatida qoladigan bo‘ldi.

QATAR – O‘ZBeKISTON – 0:2
2011 yil. 7 yanvar. Qatar. 37 143 tomoshabin.
O‘zbekiston: Ignatiy Nesterov, Sahob Jo‘rayev (Stanislav Andreyev, 53), Anzur Ismoilov, Odil Ahmedov, Viktor Karpenko, Aziz Haydarov, Temur Kapadze, Server Jeparov, Maksim Shatskix, Jasur Hasanov (Sanjar Tursunov, 66), Aleksandr Geynrix (Olim Navkarov, 89).
Murabbiy: Vadim Abramov
Gollar: Odil Ahmedov (59). Server Jeparov (77)

AVSTRALIYa – 2015. XAYR, OLTIN AVLOD

Foto: AFC

Avval «Paxtakor» bilan Osiyo Chempionlar Ligasi va milliy jamoa o‘yinlarida, keyinroq, ba’zilari «Bunyodkor» safida Skolari qo‘l ostida to‘p surib, ancha tajriba to‘plagan o‘ziga yarasha oltin avlodimiz uchun bu turnir oxirgisi bo‘ldi. To‘g‘ri, Odil Ahmedov keyingi turnirda ham maydonga tushadi, chiroyli gol ham uradi, ammo o‘sha Qatarda porlagan yulduzlarning aksariyati faoliyatini oxiriga kelib qolgan, Sardor Rashidov, Jamshid Iskandarov kabi yoshlar esa, hali tashabbusni qo‘lga olishga to‘liq tayyor emasdi. Shuning uchun Mirjalol Qosimov ushbu turnirda tajribaga ko‘proq urg‘u berdi.

Shimolliklar bilan biz JCh-2014 saralash bahslarida ham ikki bor to‘qnash kelgan va ikkisida ham ustun kelgandik. Ushbu uchrashuv ham avvalgilaridan farq qilmadi va jamoamiz kichik hisobda ustunlikka erishdi. Keyingi o‘yinni Xitoyga boy bergan bo‘lsak-da (1:2), so‘nggi turda Saudiya Arabistoni ustidan irodali g‘alabaga erishib (3:1), pley-off masalasini hal qildik. Afsuski, chorakfinalda Janubiy Koreyaga qarshi kechgan navbatdagi o‘yinda ham omadimiz chopmadi. Son Xon Min asosiy vaqti durang bilan yakunlangan o‘yinning qo‘shimcha bo‘limlarida dubl qayd etib, vatandoshlariga 2:0 hisobidagi g‘alabani tuhfa etdi.

O‘ZBeKISTON – ShIMOLIY KOReYa – 1:0
2015 yil. 10 yanvar. Avstraliya. 12 078 tomoshabin.
O‘zbekiston: Ignatiy Nesterov, Vitaliy Denisov, Anzur Ismoilov, Shavkat Mullajonov, Akmal Shoahmedov, Temur Kapadze, Aziz Haydarov, Odil Ahmedov (Sardor Rashidov, 72), Sanjar Tursunov (Jamshid Iskandarov, 90), Server Jeparov, Igor Sergeyev (Bahodir Nasimov, 89).
Murabbiy: Mirjalol Qosimov
Gol: Igor Sergeyev (63)

BAA – 2019. PeNALTI

Amirliklarga biz bu safar qisman avlodlar almashinuvini boshdan kechirib, yangilangan futbolchilar bilan, shuningdek ilk marta chet ellik murabbiy qo‘l ostida tashrif buyurdik. Shukurov, Siddiqov, Shomurodov, Masharipov kabi nomlar milliy jamoaning yangi yulduzlari edi, Ahmedov va Bikmayev o‘z tajribasi bilan ularni o‘z ortidan ergashtirdi.

Ummon bilan birinchi o‘yindan

Ummon bilan o‘yinda Kuper shogirdlari hisobni ochgan bo‘lsa-da, 2-bo‘limga kelib ummonliklar ancha kuchayib ketdi. Hisobni tenglashtirishdan tashqari, Nesterov darvozasi oldida qatorasiga vaziyatlar yarata boshladilar.

O‘yin oxirlarida Ektor Kuper oldingi chiziqdagi ikki futbolchini almashtirdi va mana shu qaror nafaqat ushbu uchrashuv, balki Eldor Shomurodovning taqdirini ham butunlay o‘zgartirib yubordi. Shomurodov zaxiradan maydonga tushgach, 4 daqiqa o‘tmasdan gol urdi, butun o‘yin davomida Bikmayev amalga oshira olmagan harakatlari bilan barchada iliq taassurot qoldirib, jamoaning asosiy hujumchisi kim bo‘lishi kerakligi haqidagi savolga qat’iy javob berdi. Shundan so‘ng, milliy jamoada ham, «Rostov»da ham asosiy tarkibdan joy olib, A Seriyagacha yo‘lni bosib o‘tgan yetakchi hujumchimiz afsuski, jarohat tufayli, Qatardagi turnirni o‘tkazib yuboradi. Umid qilamizki, Shomurodov hali hamma so‘zini aytib ulgurgani yo‘q va hali jahon chempionatida ham bayrog‘imizni maydonga olib tushadi.

Xullas, Ummon ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng, Turkmaniston bilan 4:0 hisobi qayd etildi, yaponlardan esa 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradik.

Guruhdagi o‘yinlarni ko‘pchilik Italiya milliy jamoasi uslubiga o‘xshatgan, Kuper asosan himoyadagi ishonchli harakatlarga urg‘u berardi. Afsuski, turnirdagi taqdirimiz ham italyanlarga o‘xshash yakunlandi – Avstraliya bilan nimchorak final o‘yinida hisob ochilmagach, penaltilar seriyasida raqib 4:2 hisobida g‘alaba qozondi.  

O‘ZBeKISTON – UMMON – 2:1
2019 yil. 9 yanvar. Sharja, BAA. 9 424 tomoshabin.
O‘zbekiston: Ignatiy Nesterov, Akmal Shoahmedov, Anzur Ismoilov, Yegor Krimets, Oleg Zoteyev, Otabek Shukurov, Odil Ahmedov, Javohir Sidiqov, Sardor Rashidov (Doston Hamdamov, 59), Jaloliddin Masharipov (Ikrom Aliboyev, 79), Marat Bikmayev (Eldor Shomurodov, 82).
Murabbiy: Ektor Kuper.
Gollar: Odil Ahmedov (34), Eldor Shomurodov (86) – Muhsin Al Xasaniy (72)

Q.Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid