O‘zbekiston | 10:00 / 14.01.2024
14650
4 daqiqa o‘qiladi

Tandirda kuygan ijara puli, she’ri uchun xalq dushmaniga chiqarilganlar – «Talaba kundaligi»

O‘g‘ridan yashiraman deb pullarini tandirda yoqib yuborgan, talabalar chiqishi mumkin bo‘lmagan liftga chiqqan va she’r jo‘natgani uchun xalq dushmaniga chiqarilgan talabalarning hikoyalari bilan “Talaba kundaligi”ning bugungi sonida tanishamiz.

Foto: Kun.uz

1-hikoya: Tandirga yashirilgan ijara puli

Jizzax shahridagi pedagogika institutida o‘qiganman. 8 kishi ijara hovlida birga turardik. Orada kursdoshlarimizni chaqirib, birga dars tayyorlardik, birga vaqt o‘tkazardik. Shu orada tez-tez pul yo‘qoladigan bo‘lib qoldi. Kelib ketuvchilar ko‘p, kimdan gumon qilishni bilmasdik. Shundan keyin o‘zimizcha yechim topmoqchi bo‘ldik. Ijara pulini yig‘dik-da, to uy egasi kelguncha tandirda yashirib qo‘yishni lozim topdik. Ertalab darsga ketishdan oldin tandirdagi kul tagiga pulni tiqdik, ustiga xazonlardan sepgan bo‘ldik. Buni faqat men va yaqin o‘rtog‘im bilardi. Tasodifni qarangki, o‘sha kuni boshqa bir xonadoshimiz darsdan vaqtli kelib, xazonlarni supurib, hovlini tozalab qo‘ymoqchi bo‘libdi. Chiqqan xazonlarni hovlidagi tandirga solib yoqib yuboribdi.

Dars tugab uyga qaytdik. Hovliga kirishimiz bilan dimog‘imizga urilgan kuygan xazon hidini sezib, tandir yoniga yugurdik. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki, tandir yonib yotibdi. Bir amallab olovni o‘chirib, kulni kovladik. Pullarimiz 70-80 foizi kuyib ketgan ekan.

2-hikoya: Lift faqat o‘qituvchilar uchun

Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida 2015–2019-yillarda tahsil olganman. Institutimizdagi bir necha binolar 6 qavatli bo‘lgani uchun lifti ham bor edi. Va undan faqat professor-o‘qituvchilar va xodimlar foydalana olardi. Eng qizig‘i, lift yonida kirgan chiqqani nazorat qilib turadigan navbatchi ham bo‘lardi. Bir kuni kursdoshim bilan "G" binodagi liftga chiqdik. Biz bilan bir kafedra mudiri ham chiqib qoldi. Eshiklar yopilgach, ustoz bizga qarab, "Kasalmisizlar?" dedi. Hayron qolib qarasak, "Yoki nogironmisizlar?" dedi. "Nimaga unaqa deyapsiz?" desak, "Lift axir o‘qituvchilar uchun-ku! Sizlar sog‘ bo‘lsangizlar, zinadan chiqishlaring kerak-ku!" dedi. Eshitib, rosa jahlimiz chiqdi, biroq sessiyada bizni qiynamasin deb hech narsa deyolmadik.

3-hikoya: She’r uchun xalq dushmaniga aylangan talaba

1-bosqichdamiz, talabalik hayotidan zavqlanib, uchib yurgan paytlarimiz edi. U paytda Odnoklassniki degan ijtimoiy tarmoq mashhur edi. Unda talabalar guruhimiz ham bor edi. Guruhga talabalik hayotiga oid har xil voqealar, hazillar jo‘natib turishardi. Xuddi hozirgi Telegram’dagi kabi. Bir kun men ham talabalik haqidagi qiziq bir she’rni oldim-da, institutning talabalar guruhiga jo‘natdim. Keyin bilsam, guruhni institutning "ma’naviyat politsiya"si kuzatar ekan. O‘sha biriktirilgan odam hamma gaplarni yig‘ib, dekanga ma’lumot berib turarkan. Bir kun meni ham dekan chaqirib qolib, salkam xalq dushmaniga chiqarib, o‘qishdan haydash bilan tahdid qildi. Sababini talabalar guruhiga jo‘natgan she’rim ekan. Ya’ni qanaqadir tashqi dushmanlar men jo‘natgan she’rni o‘qisa, o‘zbekistonlik talabalarning ahvoli shu ekan, ular och, nonga zor yashar ekan degan fikrga kelib, bizning porloq kelajagimizga shubha qilar ekan. She’rda esa bunday to‘kin, hur zamon uchun bu tuhmat, isyon qilingan ekan. Xullas, shu voqea orqasidan ota-onamni ham universitetga chaqirtirishgan.

Hikoyalarni Zuhra Abduhalimova nashrga tayyorladi.

P.S: Talabalik davringizda turli xil qiziqarli, ibratli, kulgili yoki og‘riqli voqealarni boshdan kechirganmisiz? Bu haqda boshqalarga ham aytib berishni xohlaysizmi? Kun.uzʼning "Talaba kundaligi" rukni aynan siz uchun.

Hikoyani @talabakundaligi_bot manziliga yuboring. Tahririyat sizning shaxsingiz sir tutilishini ta’minlaydi.

Mavzuga oid