O‘zbekiston | 17:55 / 17.01.2024
19888
2 daqiqa o‘qiladi

20 mln dollarlik talon-toroj ishida gumonlanayotgan Erkin Mansurov ochiqda ekani ma’lum bo‘ldi

Markaziy bankning Buxoro viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha ayb e’lon qilinib, qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Shu bilan birga, u o‘z lavozimidagi faoliyatini davom ettirmoqda.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati

Bugun, 17 yanvar kuni Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashining 90-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimligi matbuot xizmati e’lon qilgan suratlardan ko‘rinishicha, sessiyada Markaziy bankning Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Erkin Mansurov ham ishtirok etgan.

Erkin Mansurov o‘tgan yili oxiridagi korrupsiyaga qarshi kurash tadbirlari doirasida qo‘lga olingan edi. U o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda mansab soxtakorligida gumonlanayotgandi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, Mansurov noqonuniy kredit ajratish orqali qariyb 20 mln dollar miqdoridagi pul mablag‘lari talon-toroj qilingani holati bo‘yicha figurantlardan biri deb ko‘rilgan.

17 yanvar kuni Markaziy bank axborot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Erkin Mansurov lavozimidan olinmagan va ayni paytda o‘z faoliyatini odatdagi tartibda davom ettirmoqda.

Prokuratura tizimidagi manbalarga ko‘ra, MBning Buxoro viloyati bo‘yicha boshlig‘iga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha ayb e’lon qilinib, unga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llangan..

Mavzuga oid