Samarqandda avtobus piyodalar yo‘lakchasida harakatlanib, odamlar hayotiga xavf tug‘dirdi
Haydovchiga nisbatan MJtKning tegishli moddasi bilan qonuniy chora ko‘rilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Isuzu yo‘lovchi avtobusi tor ko‘chalardan birida piyodalar yo‘lakchasi ustiga chiqib harakatlanib, odamlar hayotiga xavf tug‘dirgani aks etgan video tarqaldi.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 15 yanvar kuni Samarqand shahrida sodir bo‘lgan.
Shaharning tor ko‘chalaridan birida avtobus haydovchisi o‘zidan oldinda ketayotgan mashinani quvib o‘tish uchun piyodalar yo‘lakchasi ustiga chiqarib harakatlangan. Shu paytda piyodalar yo‘lakchasida ikki kishi bo‘lgan va ular o‘zini chetga olgan.
Xabarda aytilishicha, avtobus haydovchisi ushbu xatti-harakati bilan MJtKning 128-5 prim moddasi 2-qismida nazarda tutilgan qoidabuzarlikni sodir etgan. Unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.