O‘zbekiston | 07:24 / 19.01.2024
6635
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Paynet shoxobchasida sodir bo‘lgan janjalga izoh berildi 

Ijtimoiy tarmoqlarda xizmat ko‘rsatish shoxobchasida bir nechta fuqarolar o‘zaro janjallashayotgani aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. IIBB axborot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi. 

Foto: IIBB axborot xizmati

Unga ko‘ra, 17 yanvar kuni taxminan soat 18:50 larda, 1989 yilda tug‘ilgan Ya.A. Shayxontohur tumanidagi Paynet shoxobchasiga kirib, 2005 yilda tug‘ilgan T.K.dan plastik kartasiga 7 million so‘m tushirishni so‘ragan. Biroq bergan naqd ko‘rinishdagi pulida bu miqdor kam chiqqan.

Shuningdek, Ya.A. 2023 yilning 25 dekabr kuni aynan shu shoxobchada plastik kartasiga 10 million so‘m tushirtirgan, biroq bergan naqd pulida 3 million so‘m kam chiqqan, lekin Ya.A. qolgan pulni to‘lamasdan chiqib ketgan. T.K. Ya.A.dan shu 3 million so‘m pulni qaytarib berishini talab qilganida ular o‘rtasida og‘zaki nizo chiqqan.

Ushbu nizoga Ya.A.ning tanishlari — 2004 yilda tug‘ilgan M.S. va 2005 yilda tug‘ilgan N.M. aralashib, o‘zaro janjallashgan. Buning natijasida hech kim jarohat olmagan.

Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid