Jahon | 08:10 / 20.01.2024
3501
3 daqiqa o‘qiladi

AEXA yana Zaporijjya AES atrofidagi minalar haqida xabar berdi

AEXA inspektorlari Zaporijjya atom elektr stansiyasi chegarasidagi bufer zonada 2023 yil noyabrida u yerdan olib tashlangan minalarni aniqladi.

Foto: AFP

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) ekspertlari Rossiya harbiylari tomonidan egallab olingan Zaporijjya atom elektr stansiyasining ichki va tashqi perimetri to‘siqlari orasidagi bufer zonaga o‘rnatilgan piyodalarga qarshi minalarni yana topdi. Bu haqda AEXAning 19 yanvar, juma kuni chop etilgan hisobotida aytiladi

Stansiya chetidagi minalar AEXA inspektorlari tomonidan oxirgi marta 2023 yil iyulida aniqlangan - portlovchi moddalar atom elektr stansiyasi operativ xodimlari bora olmaydigan yopiq hududga joylashtirilgan. «Obektda bunday portlovchi moddalarning mavjudligi AEXA xavfsizlik standartlari va yadro xavfsizligi bo‘yicha ko‘rsatmalarga zid keladi va stansiya xodimlariga qo‘shimcha psixologik bosim keltirib chiqaradi», deb ta’kidladi agentlik va bu minalarning portlashi elektr stansiyasi yadroviy xavfsizlik tizimlariga ta’sir qilmasligi kerakligini qo‘shimcha qildi.

2023 yil noyabr oyida minalar olib tashlandi. Endi ular yana paydo bo‘lgan. Bu nima bilan bog‘liqligi haqida xabar berilmagan. AEXA bosh direktori Rafael Grossi minalar mavjudligi agentlikning xavfsizlik standartlariga javob bermasligini ta’kidladi. 

ZAESda zaxira podstansiyalarida elektr ta’minoti yo‘qoldi 

AEXA ma’lumotlariga ko‘ra, Zaporijjya atom elektr stansiyasidagi ikkita zaxira transformator bir kun oldin quvvatni yo‘qotgan, ular reaktorlarni sovitish va boshqa muhim yadroviy xavfsizlik funksiyalari uchun zarur bo‘lgan tashqi quvvat manbayi hisoblanardi.

Sakkiz soatdan so‘ng zaxira elektr ta’minoti tiklandi, Zaporijjya AES xodimlari avariya sabablarini o‘rganmoqda, transformatorda tashqi zarar yo‘qligi bildirildi.

«Stansiyaning zaif energetik holati obektdagi yadro xavfsizligiga asosiy tahdidlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu boradagi vaziyat o‘ta xavotirli. 2022 yilning avgustidan buyon obekt sakkiz marta tashqi elektr ta’minotidan mahrum bo‘ldi, bu esa favqulodda dizel-generatorlar ishiga tayanishga majbur qildi», dedi Grossi.

Mavzuga oid