Jamiyat | 23:28 / 21.01.2024
26018
6 daqiqa o‘qiladi

Hokimning dekan qudasi, ijara uydan qochgan talabalar – “Talaba kundaligi”

Dekan almashishini so‘ragani sabab 5 oylik stipendiyasi berilmagan, uy egasining shubhali harakatlarini sezib, ijara uydan qochgan va paxta dalasida so‘roq qilingan talabalarning hikoyalari bilan “Talaba kundaligi”ning bugungi sonida tanishasiz.

P.S: Siz ham talabalik davringizda turli xil qiziqarli, ibratli, kulgili yoki og‘riqli voqealarni boshdan kechirgan bo‘lsangiz, hikoyalaringizni @talabakundaligi_bot manziliga yuboring. Tahririyat sizning shaxsingiz sir tutilishini ta’minlaydi.

1-hikoya. Ijara uydan qochishga majbur bo‘lgan qizlar

Toshkentda o‘qiganmiz. Qaysi oliygoh ekani sir bo‘la qolsin. Yotoqxonada joy topilavermagach, majbur ijara uy izlaganmiz. Biz 4 dugona bir amallab hovli uyga joylashdik. Uy egasi bo‘lgan bir ayol ham biz bilan birga turadigan bo‘ldi. Bir kuni xonadoshlarimdan biri biz bilan turgan ayolning telefondagi suhbatini eshitib qolibdi. Ayol kimgadir, bugun qizlar uyda, kelaveringlar, degan ekan. Dugonamning gaplarini eshitib, qo‘rqib ketdik. Bu vaziyatda nima qilishni ham bilmay qoldik. Qizlardan biri universitetdagi tyutoriga telefon qilib, vaziyatni tushuntirdi. Shundan keyin eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Kimdir keldi, keyin haligi ayol biz turadigan xonaning eshigini taqillatdi, ochmadik. Ayol boshqa xonaga o‘tishi bilan hammamiz ko‘chaga chiqib qochdik. Birozdan keyin tyutor, dekan o‘rinbosari va militsiyalar kelishdi. Bizni ko‘ch-ko‘ronlarimiz bilan ijara uydan olib ketib, yotoqxonaga joylashtirishdi.

2-hikoya. “Sen ishga kirgan kuning universitetdan ketaman”

2009 yil. Talabalar o‘qish boshlanishi bilan paxta dalasiga olib chiqiladigan paytlar. Biz ham guruhimiz bilan paxta terimiga chiqarilgandik. Sharoitga amallab chidardik, lekin yarim kechagacha cho‘ziladigan majlislarga ko‘nishning iloji yo‘q edi. Talabalarni yotoqdan chiqarib olib, shtabga chaqirishardi. Domlamiz odatiy savollarini takrorlaydi: necha kilo terding, nega kam terding, qancha terish kerakligini bilasanmi, ertaga qancha terasan?

Domla hammaga shu savolni berib chiqdi, keyin navbat menga kelganda, savollarni kutmasdan gapirib ketdim.“Men 1-kursman, ismim S. Bugun 65 kilogramm terdim, qo‘lim og‘rib qolgani uchun ko‘p terolmadim. Ertaga ham 70 kilogramm terolmasam kerak, lekin 68 kilogramm teraman, ya’ni bugungidan, albatta, ko‘p teraman”, – dedim. Shunda domla menga qarab turib, nechanchi kursligimni so‘radi. Birinchi kursligimni aytdim.

“Qoyil, she’rday yodlab olibsan. Menga gapirishga hojat qolmadi. O‘qishni qanday davom ettirasan bilmadimu, agar dunyo aylanib, men dars beradigan joyga o‘qituvchi bo‘lib kelsang, o‘sha kuni ishdan ketaman”, – dedi.

Domla ichimdagini o‘qidimi bilmadim, chunki men ham yaxshi o‘qib, oliygohda ishlash niyatida edim. Shu niyatim amalga oshdi, magistraturada o‘qidim, keyin o‘sha universitetga ishga kirdim. Qizig‘i, haligi domla hali ham shu universitetda ishlayotgan edi. Uning oldiga kirib, shtabdagi gapini bir eslatib qo‘ymoqchi bo‘ldim, lekin negadir indolmadim. Biroq hozirgacha har ko‘rganimda o‘sha shtabdagi gap esimga tushadi. Kursdoshlarim bilan uchrashib qolsak ham shu voqeani ko‘p eslaymiz.

3-hikoya. Hokimning dekan qudasi

Iqtisodiyot yo‘nalishida o‘qiyotgandim. Bir kuni dekanimiz biz bilan suhbatlashgani kirdi. Kontrakt, forma, davomat kabi masalalarni deb 80 minut vaqtimizni oldi. Gapini tugatib, ketmoqchi bo‘lib turgan payt qo‘l ko‘tarib savolim borligini aytganman. “Domla, siz faqat kontrakt, forma, davomat haqida bosh qotirasiz, lekin mana, 3 semester o‘qidikki, biror marta ta’lim sifati, o‘qituvchilar qanday dars o‘tishi haqida so‘ramagansiz. Biz bilan do‘stona gaplashadigan, bizga dardimizni eshitadigan inson kerak”, – deganman. Shunda dekan, sen nega menga aqllilik qilyapsan? Stipendiyadan mahrum bo‘lishni hohlaysanmi, darsdan keyin oldimga kir, deb javob qaytargandi. Dekan aytganidek darsdan keyin xonasiga bordim. Qo‘limga oq qog‘oz berib, boshqa talabalar oldida bunday provokatsion gaplar gapirmasligim, tilimni tiyib yurishim haqida tilxat yozdirdi.

Oradan biroz vaqt o‘tdi, bir kuni talabalardan nima xohlashini so‘rab, takliflar olishdi. Men, dekan o‘zgarmasa, beradigan takliflarimiz nolga teng, deb yozib bergandim. Takliflarni anonim yozgandik. Ertasiga hammaning konspekt daftarlarini yig‘ib olishdi. Keyin bilsak, bu men yozgan taklifni kim yozganini aniqlash uchun bo‘lgan ekan. Shundan keyin dekanat meni 5 oylik stipendiyadan mahrum qilgan. Bu pul o‘rnini qoplash uchun tungi smenadagi ishlarga chiqib yurganman, chunki stipendiyam “chopilgani”dan ota onamning xabari yo‘q edi

Keyinroq eshitsam, dekanimiz qaysidir viloyat hokimining qudasi bo‘lgani uchun hech kim gapirolmas ekan.

Hikoyalarni Zuhra Abduhalimova nashrga tayyorladi.

P.S: Talabalik davringizda turli xil qiziqarli, ibratli, kulgili yoki og‘riqli voqealarni boshdan kechirganmisiz? Bu haqda boshqalarga ham aytib berishni xohlaysizmi? Kun.uzʼning "Talaba kundaligi" rukni aynan siz uchun.

Hikoyani @talabakundaligi_bot manziliga yuboring. Tahririyat sizning shaxsingiz sir tutilishini ta’minlaydi.

 

Mavzuga oid