O‘zbekiston | 18:59 / 22.01.2024
9306
1 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona shahridagi yonilg‘i saqlash omborida yong‘in chiqdi

Farg‘ona shahridagi «NEFT OIL» MChJda yong‘in chiqib, uni o‘chirishga 12 ta qutqaruv ekipaji jalb qilindi.

Foto: Videodan kadr

22 yanvar kuni Farg‘ona shahrining To‘qay ko‘chasidagi «NEFT OIL» MChJda yong‘in kelib chiqdi. Holat aks etgan videolar tarmoqlarda tarqaldi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati yong‘in bo‘yicha 15:18 da xabar kelib tushganini ma’lum qildi.

12 ta yong‘in qutqaruv ekipajlari soat 15:26da (8 daqiqadan so‘ng) voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 16:08 da (40 daqiqadan so‘ng) to‘liq qurshab olingan va soat 16:14 da batamom o‘chirilgan.

Baxtsiz hodisa oqibatida jabrlanganlar va jarohat olganlar yo‘q.

Boshqarma ayni vaqtda yong‘inning kelib chiqish sababi va zarar miqdorini aniqlamoqda.

 

Mavzuga oid