Jamiyat | 21:12 / 22.01.2024
57077
3 daqiqa o‘qiladi

Turg‘un Azizov vafot etdi

Ko‘pchilikka «Maftuningman» filmidagi Bakir Nazarov roli orqali tanish aktyor Turg‘un Azizov 90 yoshda edi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston xalq artisti, aktyor va rejissyor Turg‘un Azizov 90 yoshida vafot etdi. Bu haqda dastlab aktrisa Dilnoza Kubayeva xabar tarqatdi, shuningdek aktyor uzoq yillar ishlagan O‘zbek Milliy akademik drama teatrining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qilindi.

Marhumning janozasi ertaga, 23 yanvar kuni «Minor» masjidida o‘qiladi.

Aktyorning o‘limi sababi ma’lum qilinmagan. U so‘nggi bor 2023 yil 22 dekabr kuni jamoatchilikka ko‘rinish bergandi. O‘shanda «Renessans» kino uyida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan «Vatan timsollari» rukni ostida suratga olingan «Turg‘un Azizov: sahna sarlochini» hujjatli filmi taqdimoti bo‘lib o‘tgandi.

Fotograf: Bahodir Ergashov

Ma’lumot uchun, Turg‘un Azizov 1934 yilning 30 noyabrida Toshkentdagi «Saryog‘chi» (hozirgi «Beshqayrag‘och») mahallasida tug‘ilgan.

1956 yili avvalgi O‘zbekiston Davlat teatr va rassomchilik institutini tamomlab, shu yili hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatriga ishga qabul qilingan. 33 yoshida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan. 1974 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvonini olgan, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni sohibi bo‘lgan. Shuningdek, u «Mehnat shuhrati» ordeni (2001 yil) sohibi ham hisoblanadi.

Asosiy rollari: Ferdinand («Makr va muhabbat»), Ilyos («Sarvqomat dilbarim»), Eydzi («O‘g‘irlangan umr»), Mark Tuysk («Oqpadar»), Niyoz («Noma’lum kishi»), Yo‘lchi («Qutlug‘ qon»), G‘ofir («Boy ila xizmatchi») va boshqalar.

Aktyorga katta shuhrat keltirgan roli «O‘limdan kuchli» spektaklidagi Monserradir. Kinoda Amir Olimxon («Gang uzra tong»), Bakir («Maftuningman»), Amir Nasrullo («Nodirabegim»), Ota Maqsumov («Uzoq-yaqin yillar»), Mirzakarimboy («Parol – Regina mehmonxonasi»), Dadaboy («Qo‘qon voqeasi») kabi obrazlar yaratgan. Lirik-dramatik va romantik plandagi rollarini zo‘r ehtiros va jo‘shqinlik bilan ijro etgan, qahramonlar xarakterini ochishda til boyligidan ustalik bilan foydalangan, oz harakatda ko‘p ma’no anglatishga, qahramonining his-tuyg‘ulari, ichki kechinmalarini tabiiy ifodalashga intilgani e’tirof etilgan.

Rejissyor sifatida «Mirzo Ulug‘bek», «Alisher Navoiy», «Mehrobdan chayon», «Chimildiq», «Mashrab» kabi spektakllarni sahnalashtirgan.

Mavzuga oid