O‘zbekiston | 09:30 / 23.01.2024
2129
3 daqiqa o‘qiladi

Metallurgiya sohasi uchun umumiy xavfsizlik qoidalari e’lon qilindi

«Metallurgiya ishlab chiqarishlari uchun umumiy xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: mining24.ru

Quyidagilarni nazarda tutuvchi metallurgiya ishlab chiqarishlari uchun umumiy xavfsizlik qoidalari tasdiqlanadi:

  • korxonalarning hududlari, binolar, inshootlar va texnik qurilmalarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari;
  • texnologik jarayonlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari;
  • metallurgiya obektlari uchun maxsus xavfsizlik talablari;
  • rux ishlab chiqarishga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari;
  • mis kukunlarini ishlab chiqarishga ko‘yiladigan xavfsizlik talablari;
  • vodorod ishlab chiqarish va qo‘llanishiga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari.

Metallurgiya ishlab chiqarishlari uchun umumiy xavfsizlik qoidalari qora, rangli va nodir metallar eritmalarini hamda ushbu eritmalar asosida qotishmalarni olish, tashish, foydalanish bo‘yicha ishlar olib boriladigan, shuningdek, xavfli moddalar ishlab chiqariladigan, qayta ishlanadigan, hosil qilinadigan, saqlanadigan, tashiladigan, yo‘q qilinadigan, ko‘chmas asosga o‘rnatilgan yuk ko‘tarish mexanizmlari, ortiqcha bosim ostida ishlaydigan uskunalar qo‘llaniladigan metallurgiya sanoatining xavfli ishlab chiqarish obektlarida sanoat xavfsizligi talablarini belgilaydi.

Qoidalar sanoat xavfsizligini ta’minlashga, avariyalar, ishlab chiqarish shikastlanishlarini oldini olishga qaratilgan talablarni belgilaydi va ularning bajarilishi texnik qurilmalarning konstruksiyalarini yaratish, tayyorlash, montaj qilish va ta’mirlash, metallurgiya ishlab chiqarishlarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish bilan shug‘ullanadigan barcha tashkilotlar (ularning tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar) uchun majburiydir.

«Xavfli ishlab chiqarish obektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun talablariga muvofiq xavfli ishlab chiqarish obektini qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiyalash va tugatishga doir loyiha hujjatlari, shuningdek texnik qurilmalar, bino va inshootlar, sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi va xavfli ishlab chiqarish obektidan foydalanish bilan bog‘liq boshqa hujjatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq sanoat xavfsizligi bo‘yicha ekspertizadan o‘tkaziladi.

Metallurgiya ishlab chiqarishlarining portlash xavfi bo‘lgan yangi texnologik jarayonlar va asbob-uskunalarni montaj qilish, ta’mirlash va ishga tushirish, shuningdek, xavfli ishlab chiqarish obektlarida qo‘llaniladigan texnik qurilmalardan foydalanish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasidan ruxsat etish tusidagi hujjatlar (xulosa) olinadi.

Portlash xavfi bo‘lgan metallurgiya korxonalari va ishlab chiqarishlari obektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar faoliyati o‘rnatilgan tartibda berilgan litsenziyalar va ruxsat etish tusidagi hujjatlar asosida amalga oshirilishi kerak.

Mavzuga oid